1 Shohlar 6
6
6–BOB
Ahd sandigʻi Isroilga qaytib keladi
1Egamizning Sandigʻi Filistlar hududida yetti oy qolib ketdi. 2Filistlar oʻzlarining ruhoniylari va folbinlarini chaqirib:
— Isroil Xudosining Sandigʻini nima qilamiz, uni oʻz yeriga qanday qaytaramiz? Bizga oʻrgating, — deyishdi. 3Ruhoniylar bilan folbinlar shunday javob berdilar:
— Sandiqni orqaga qaytaradigan boʻlsangizlar, boʻsh qaytarmanglar. Isroil xalqining Xudosiga albatta aybingizni yuvadigan nazr atanglar. Oʻshanda shifo topib, Xudo nima uchun sizlarni jazolayotganini bilib olasizlar.
4— Aybimizni yuvish uchun Unga nimani nazr qilamiz? — deb soʻrashdi Filistlar. Ruhoniylar va folbinlar shunday javob berishdi:
— Aybingizni yuvadigan nazr, Filist beklarining miqdoricha — oltindan qilingan beshta chipqon va beshta sichqon boʻlsin. Chunki balo–qazo sizlarning hammangiz uchun ham, beklaringiz uchun ham baravardir. 5Shuning uchun chipqonlarning va mamlakatga qirgʻin keltirgan sichqonlarning haykalchalarini yasang, shu tariqa Isroil xalqining Xudosini sharaflang. Balki ana shunda oʻzlaringizga, xudolaringizga va yurtingizga kelgan balo–qazoni U yengillatar. 6Nimaga Misrliklarga va firʼavnga oʻxshab oʻjarlik qilasizlar? Esingizda yoʻqmi, Isroil xalqining Xudosi Misrliklarni rosa ezgandan keyingina, ular Isroil xalqini oʻz yoʻliga qoʻyib yubordilar–ku! 7Endi bitta yangi arava bilan hali hech boʻyinturuq solinmagan ikkita sogʻin sigir hozirlanglar. Sigirlarni aravaga qoʻshinglar, buzoqlarini esa sigirlardan ayirib, ogʻilxonaga olib boringlar. 8Sandiqni aravaga yuklanglar, ayblaringizni yuvadigan nazrlarni — Isroil xalqining Xudosiga atab yasalgan oltin haykalchalarni bir qutiga joylashtiringlar. Oʻsha qutini Sandiqning yoniga qoʻyinglar. Keyin aravani qoʻyib yuboringlar, oʻz yoʻliga ketsin. 9Aravaning orqasidan kuzatib boringlar. Agar sigirlar bizning yurtimiz chegarasidan oʻtib, Bayt–Shamash shahriga#6:9 Bayt–Shamash shahri — Filistlar hududidan qariyb 20 kilometr sharqda joylashgan, Isroil xalqiga qarashli shahar. boradigan yoʻldan ketsa, demak, boshimizga bunday katta kulfatni solgan Isroil xalqining Xudosidir. Agarda shunday boʻlmasa, bu kulfat bizga Undan kelmaganini, balki bir tasodif boʻlganini bilib olamiz.
10Odamlar aytilganday qilishdi. Ikki sogʻin sigir keltirib, aravaga qoʻshishdi, buzoqlarni esa ogʻilxonaga qamab qoʻyishdi. 11Egamizning Sandigʻini, shuningdek, ichiga oltin sichqonlar va chipqonlarning haykalchalari solingan qutini aravaga yuklashdi. 12Sigirlar toʻppa–toʻgʻri Bayt–Shamash yoʻlidan ketdi. Oʻngga ham, chapga ham burilmay, boʻkirganicha, katta yoʻl boʻylab ilgarilab ketaverdi. Filist beklari aravani Bayt–Shamash chegarasigacha kuzatib borishdi.
13Oʻsha paytda Bayt–Shamash aholisi vodiyda bugʻdoy oʻrayotgan edi#6:13 …bugʻdoy oʻrayotgan edi — bugʻdoy may va iyun oylarida oʻrilardi.. Ular Sandiqni koʻrib, sevinib ketishdi. 14-15Arava Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasiga yetib kelib, toʻxtab qoldi. Oʻsha yerda katta bir tosh bor edi. Levilar Egamizning Sandigʻini va yonidagi oltin haykalchalar joylangan qutini aravadan tushirib, oʻsha katta toshning ustiga qoʻyishdi. Bayt–Shamash aholisi aravaning yogʻochlarini oʻtin qilib yordi. Sigirlarni esa Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qilishdi. Oʻsha kuni Bayt–Shamash aholisi Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar va boshqa qurbonliklar keltirdi.
16Beshala Filist beklari boʻlib oʻtgan voqealarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, shu kuni Exronga qaytib ketdilar. 17Filistlar ayblari uchun Egamizga nazr qilib beshta oltin chipqon haykalchasini joʻnatgan edilar. Hadyalar Ashdod, Gʻazo, Ashqalon, Gat va Exron shaharlarining hokimlaridan edi. 18Beshta oltin sichqon beshta hukmdor boshqargan Filistlar shaharlarining va ularning atrofidagi qishloqlarning ramzi edi. Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasidagi Egamizning Sandigʻi qoʻyilgan katta tosh shu kungacha#6:18 …shu kungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. bunga guvoh boʻlib turibdi.
19Bayt–Shamashlik yetmish kishi#6:19 yetmish kishi — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan. Ibroniy qoʻlyozmalarining aksariyatida va qadimgi yunoncha tarjimada ellik ming yetmish kishi. Egamizning Sandigʻi ichiga qaragan edi, Xudo ularni yoʻq qildi. Egamiz xalqning boshiga ogʻir kulfat keltirgani uchun, Bayt–Shamashliklar motam tutdilar.
Ahd sandigʻi Xirat–Yoʻrimda
20Bayt–Shamash aholisi shunday dedi:
— Egamiz oldida — bu Muqaddas Xudo oldida kim bardosh berishga qodir ekan?! Uning Sandigʻini oʻzimizning oldimizdan qayoqqa joʻnatsak ekan?
21Nihoyat, ular Xirat–Yoʻrim#6:21 Xirat–Yoʻrim — Bayt–Shamashdan qariyb 11 kilometr masofada, Quddusdan esa 15 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan shahar. aholisiga xabarchi joʻnatib: “Filistlar Egamizning Sandigʻini qaytarishdi, kelinglar, uni oʻz shahringizga olib ketinglar” degan gapni yetkazishdi.
Currently Selected:
1 Shohlar 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020