1 Shohlar 24
24
24–BOB
Dovud Shoulning joniga qasd qilmaydi
1Dovud u joylarni ham tark etib, En–Gedidagi pana joylarda#24:1 En–Gedidagi pana joylar — Zifdan qariyb 25 kilometr sharqda, Oʻlik dengizning gʻarbiy qirgʻogʻiga yaqin boʻlgan joy. yashay boshladi. 2Shoul Filistlarni quvlab yuborib qaytib kelgach, Dovud En–Gedi yonidagi dasht–choʻllarda yuribdi degan xabarni eshitdi. 3Shoul odamlari bilan Dovudni qidirmoqqa otlandi. Isroilning eng sara sipohlaridan uch mingtasini tanlab olib, qoyalari va yovvoyi echkilari bilan mashhur boʻlgan joyga ketishdi.
4Yoʻlda qoʻy qoʻrasi boʻlib, uning yaqinida bir gʻor bor edi. Shoul ehtiyojini qondirmoqchi boʻlib gʻorga kirdi. Gʻorning eng ichkarisida esa Dovud odamlari bilan oʻtirgan edi. 5Odamlari Dovudga aytdilar:
— Egamiz senga: “Gʻanimingni qoʻlingga beraman, unga bilganingni qilaver”, degan edi. Oʻsha kun shu bugundir!
Dovud sekin borib, Shoulning ridosi etagidan bilintirmay bir parcha kesib oldi. 6Lekin Shoulning etagidan bir parcha kesib olgani uchun yuragida oʻkinch paydo boʻldi. 7Keyin odamlariga dedi:
— Xudo saqlasin! Men Egamiz moy surtib tanlagan shohga — janobi oliylariga bunday qilolmayman. Unga qarshi qoʻlimni koʻtarmayman, chunki u Egamizning moy surtib tanlaganidir.
8Dovud shunday deb odamlariga tanbeh berdi, Shoulga tegishlariga ijozat bermadi. Shoul gʻordan chiqib, yoʻliga ketdi. 9Uning ortidan Dovud ham gʻordan chiqdi–da:
— Shoh hazratlari! — deb Shoulni chaqirdi. Shoul orqasiga oʻgirildi, Dovud egilib taʼzim qildi va yer oʻpib 10dedi:
— Dovud senga yomonlik qilmoqchi degan odamlarning gaplariga nima uchun quloq solyapsiz? 11Oʻz koʻzingiz bilan koʻrib turibsizki, hozir Egamiz gʻorda sizni qoʻlimga bergan edi. Odamlarim sizni oʻldirmoqchi boʻlishgan edi, lekin mening koʻzim qiymadi, “Janoblariga qoʻl tekkizmayman, chunki u Egamizning moy surtib tanlaganidir”, dedim. 12Qarang, ey otam! Qoʻlimdagi manavi parchaga qarang! Ridoingizning etagidan kesib oldim. Ridoingizdan bir parchani kesib oldim–u, lekin sizni oʻldirmadim. Koʻnglimda yomonlik va makkorlikdan asar yoʻqligini yaxshi bilib oling. Men sizga gunoh qilmaganman–u, siz esa mening jonimga qasd qilish payiga tushgansiz. 13Xudoga soldim, men uchun U sizdan oʻch olsin. Men sizga qoʻl koʻtarmayman. 14Eskilar: “Yomonlik yomon odamlardan kelar”, deyishgan, shunga koʻra, men sizga qoʻlimni koʻtarmayman. 15Isroil shohi kimning payiga tushgan, axir? Siz kimni taʼqib qilyapsiz? Oʻlgan itday yoki burgaday arzimas boʻlgan menimi? 16Xudoga soldim, qay birimizning haq ekanimizni Xudo hukm qilsin, dodimni Oʻzi eshitsin. Egamiz mening yoʻlimni berib, sizning qoʻlingizdan xalos etsin.
17Dovud gapini tugatgan ham ediki, Shoul:
— Dovud, oʻgʻlim, bu sening ovozingmi? — dedi–yu, uvvos solib yigʻlay boshladi.
18— Sen haqsan, men notoʻgʻri qildim, — dedi Shoul Dovudga. — Sen menga yaxshilik qilgan eding, men yomonlik bilan javob qaytardim. 19Bugun menga boʻlgan munosabatingni aniq–ravshan isbotlading. Egamiz meni sening qoʻlingga beribdi–yu, lekin sen meni oʻldirmabsan. 20Qaniydi, hammayam senga oʻxshab dushmanini tutib olganda, oq yoʻl tilab qoʻyib yuboraversa?! Bugun menga qilgan yaxshiliging uchun senga Egamizdan qaytsin! 21Endi men anglab yetdim: sen albatta shoh boʻlasan, Isroil shohligi sening qoʻlingda mustahkam boʻladi. 22Endi menga, sizdan keyin avlodingizni yoʻq qilmayman, otangiz xonadonidan nomingizni oʻchirmayman, deb Egamiz oldida ont ich.
23Dovud Shoulning oldida ont ichdi. Shundan soʻng Shoul uyiga qaytib ketdi. Dovud esa odamlari bilan adirlardagi qarorgohiga qaytdi.
Currently Selected:
1 Shohlar 24: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020