1 Shohlar 23
23
23–BOB
Dovud Keylax shahrini ozod qiladi
1Dovudga: “Filistlar Keylax shahriga#23:1 Keylax shahri — Quddusdan qariyb 25 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan. hujum qilib, hosilni talon–taroj qilyapti”, deb xabar berishdi.
2— Borib oʻsha Filistlar bilan urishaymi? — deb Egamizdan soʻradi#23:2 …Egamizdan soʻradi — 14:36 izohiga qarang. Dovud.
— Bor, Filistlar bilan urishib, Keylax shahrini xalos et, — dedi Egamiz. 3Lekin Dovudning odamlari:
— Biz shu yerda — Yahudoda qoʻrqib oʻtiribmiz–u, Keylaxga#23:3 Keylax — bu shahar Filistlar hukmronlik qilgan hududga yaqin joylashgan edi. borib, Filist lashkariga qarshi urishmoqqa bizda jurʼat bormidi?! — deyishdi. 4Dovud yana Egamizdan Uning xohish–irodasini soʻradi.
— Otlan, Keylaxga bor! Filistlarni Oʻzim sening qoʻlingga beraman, — dedi unga Egamiz.
5Dovud odamlari bilan Keylaxga borib, Filistlarga qarshi urush qildi. Dovud Filistlarning mol–holini tortib oldi. Ularga ogʻir talafot yetkazdi. Shunday qilib, Keylax xalqini qutqardi. 6Oximalekning oʻgʻli Abuatar Keylaxda turgan Dovudning yoniga qochib, oʻzi bilan efodni ham olib ketgan edi. 7Shoul Dovudning Keylax shahriga ketganini eshitib: “Xudo Dovudni qoʻlimga berdi, oʻsha shahar darvozalarining tambalari bor, u shaharga kirib oʻzini oʻzi tutib berdi”, dedi.
8Shoul Dovudni va uning odamlarini qamalga olish maqsadida butun lashkarini urushga daʼvat etib, Keylaxga yurish qildi. 9Dovud Shoulning qabih niyatini eshitib, ruhoniy Abuatarga:
— Efodni bu yerga olib kel, Egamizning xohish–irodasini bilaylik, — dedi. 10Soʻng Xudoga shunday deb iltijo qildi:
— Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Aniq xabar eshitdim: Shoul Keylaxga kelib, shu quling sababli shaharni vayron qilmoqchi ekan. 11Keylaxliklar meni Shoulning qoʻliga tutib beradimi? Bu qulingning eshitganlari rostmi, Shoul bu yerga keladimi? Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, oʻtinib soʻrayman, bu qulingga ayon et!
— Shoul keladi, — dedi Egamiz.
12— Keylaxliklar meni va odamlarimni Shoulning qoʻliga tutib beradimi? — deb soʻradi Dovud.
— Tutib beradi, — dedi Egamiz.
13Shu onda Dovud bilan yonidagi olti yuztacha odam Keylaxdan chiqib, bir joydan boshqa joyga koʻchib yuraverishdi. Dovud Keylaxdan qochib ketibdi degan xabarni eshitgan Shoul u yerga bormaydigan boʻldi.
Dovud choʻlda
14Dovud adirlardagi pana joylarda — Zif choʻlidagi#23:14 Zif choʻli — Xevrondan qariyb 16 kilometr janubi–sharqda, Zif shahrining yonida joylashgan. qirlarda makon qilardi. Shoul Dovudni muttasil taʼqib qildi, lekin Xudo uni Shoulning qoʻliga bermadi. 15Bir payt Dovud Zif choʻlidagi Xoreshda turganda, Shoul uni oʻldirgani yoʻlga chiqqani haqida xabar eshitdi.
16Shu paytda Shoulning oʻgʻli Yoʻnatan Xoreshda turgan Dovudning oldiga bordi va “Xudo seni saqlaydi”, deb uni ruhlantirdi.
17— Qoʻrqma, — dedi Yoʻnatan unga, — otam Shoul seni topa olmaydi. Sen Isroil shohi boʻlasan, men esa sendan keyingi odam boʻlaman. Otam Shoul ham shuni biladi.
18Ikkovi Egamiz oldida ahd qilishdi. Dovud Xoreshda qoldi, Yoʻnatan esa uyiga ketdi.
19Bir necha Zifliklar Givoga borib, Shoulga xabar berdilar:
— Dovud hududimizdagi Xoresh degan joyda yashirinib yuribdi. Bu joy Yishmonning#23:19 Yishmon — Yahudoning janubiy chegarasiga yaqin boʻlgan sahrodagi joy. janubidagi Xaxilo adirlarida joylashgan. 20Ey shoh hazratlari, boravering. Biz albatta Dovudni shohning qoʻliga tutib beramiz.
21— Sizlar menga qayishar ekansiz, Xudo sizlarni yorlaqasin! — dedi Shoul. 22— Borib, yana bir marta tekshirib chiqinglar, Dovud qayerlarda yashirinib yurganini, oʻsha yerda uni kimlar koʻrganini yaxshilab surishtiringlar. Aytishlaricha, u juda ayyor ekan. 23Hamma yashiringan joylarini bilib olib, keyin menga aniq xabar keltiringlar. Oʻshanda men sizlar bilan boraman. Agar Dovud oʻsha yerda boʻlsa, uni butun Yahudo urugʻlari orasidan qidirib topaman.
24Shunday qilib, Zifliklar yoʻlga tushib, Shouldan oldin Zifga kelishdi. U paytda Dovud odamlari bilan Yishmonning janubidagi Moyun choʻlining#23:24 Moyun choʻli — Zif shahridan janubdagi yondosh choʻl (shu bobning 14–oyatiga qarang). kimsasiz bir vodiysida edilar. 25Shoul ham odamlari bilan Dovudni izlashga chiqdi. Dovud Shoulning kelayotganini eshitgach, Moyun choʻlining qoyalik joyiga borib yashirindi. Shoul buni bilib qolib, Dovudning orqasidan ketdi.
26Shoul qirning bir tomonidan, Dovud bilan uning odamlari esa qirning boshqa tomonidan borishardi. Dovud tezda Shouldan qochib qutulmoqchi edi. Shoul esa sipohlari bilan Dovud odamlarining yoʻlini toʻsmoqchi boʻlib, oʻrab olayotgan edi. 27Xuddi shu payt bir xabarchi kelib Shoulga:
— Tezroq yuring! Filistlar yurtimizga yopirildi, — deb qoldi.
28Shoul Dovudni taʼqib qilish oʻrniga, Filistlar bilan jang qilgani qaytib ketdi. Shuning uchun oʻsha yerga “Qutulish qoyasi”#23:28 “Qutulish qoyasi” — ibroniycha matnda “Sela–Xammaxlekoʻt”, maʼnosi silliq qoya. deb nom berildi.
Currently Selected:
1 Shohlar 23: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020