1 Shohlar 14
14
14–BOB
Yoʻnatanning mardona ishi
1Oʻsha kuni Shoulning oʻgʻli Yoʻnatan yoshgina qurolbardoriga:
— Yur, narigi tomondagi Filistlarning qoʻnolgʻasi turgan joyga oʻtamiz, — dedi. Ammo bu haqda otasiga hech narsa aytmadi. 2Shoul Givo shahri yaqinidagi Migronda bir anor daraxti tagida oʻtirar, yonida olti yuztacha odamdan iborat lashkari bor edi. 3Efod koʻtarib yurgan ruhoniy Oxiyo ham oʻsha yerda edi. Oxiyoning otasi — Oxitob, Oxitobning akasi — Ixabod edi. Ixabod — Finxazning oʻgʻli, Finxaz esa Shiloʻda Egamizning ruhoniysi boʻlib xizmat qilgan Elaxning oʻgʻli edi.
Odamlar Yoʻnatanning ketganini sezmay qolgan edilar. 4Yoʻnatan Filistlar qoʻnolgʻasiga dovon orqali oʻtmoqchi boʻldi. Dovonning har ikki tomonida ikkita baland choʻqqi bor edi. Birisi — Bozaz, boshqasi Sanex deb atalardi. 5Choʻqqilardan biri shimol tomonda boʻlib, Mixmashga, ikkinchisi janubda boʻlib, Givoga qaragan edi.
6Yoʻnatan yosh qurolbardoriga:
— Yur, oʻsha sunnatsizlarning qoʻnolgʻasi tomonga oʻtaylik, Egamiz bizga yordam beradi, — dedi. — U koʻpchilik bilan ham, ozchilik bilan ham gʻalabaga erishtiraveradi. Chunki Egamiz uchun toʻsqinlik yoʻq.
7— Siz nima desangiz, shu–da, — dedi qurolbardor. — Boʻpti, boramiz. Koʻnglingizga nima maʼqul kelsa, men ham siz bilan birgaman.
8— Biz anavi odamlarga oʻzimizni koʻrsatamiz, — dedi Yoʻnatan. — Agar ular bizni koʻrgach: 9“Yoningizga borgunimizcha, oʻsha yerda toʻxtab turinglar”, deb aytsa, aytgan joyida toʻxtab turamiz, ularning oldiga bormaymiz. 10Bordi–yu: “Yonimizga kelinglar”, desa boramiz. Ana shunda Egamiz Filistlarni bizning qoʻlimizga berganini bilamiz, bizga alomat shu boʻladi.
11Ikkovi Filistlarga koʻrinish bergan edi, Filistlar:
— Qaranglar, ibroniylar yashiringan xandaqlaridan chiqa boshlashdi! — deb qoldi. 12Soʻng Filistlar Yoʻnatan bilan qurolbardoriga:
— Bu yoqqa kelinglar–chi, bir gaplashib qoʻyaylik, — deb baqirishdi. Yoʻnatan qurolbardoriga:
— Orqamdan yur, Egamiz ularni Isroil xalqining qoʻliga berdi, — dedi. 13Yoʻnatan tirmashib qir tepasiga chiqa boshladi. Qurolbardori ham unga ergashdi. Oldidan kelgan Filistlarni Yoʻnatan, orqadan kelganini qurolbardori oʻldiraverdi. 14Yoʻnatan bilan qurolbardori birinchi hujumdayoq kichkina maydonda#14:14 kichkina maydon — ibroniycha matnda yarim boʻyinturuq, yaʼni bir juft hoʻkiz bir kunda shudgor qiladigan dalaning yarmiga toʻgʻri keladigan yer boʻlagi (taxminan 0,2 gektar). yigirmatacha sipohni oʻldirishdi. 15Hammani — qarorgohdagi va qirdagi odamlarni vahima bosdi. Sipohlar, hatto ilgʻorlar#14:15 ilgʻorlar — 13:17 izohiga qarang. ham dagʻ–dagʻ titrardi. Birdan yer tebrandi. Bu Xudo yuborgan dahshat edi.
Filistlar ustidan gʻalaba
16Shoulning Benyamin hududidagi Givo shahrida oʻrnashgan kuzatuvchilari Filistlarning yugur–yugurini koʻrib qolishdi. 17Shoul yonidagi odamlarga:
— Bilinglar–chi, oramizda kim yoʻq ekan, — dedi. Yoʻqlama qilgan edilar, Yoʻnatan bilan uning qurolbardori yoʻqligi maʼlum boʻldi. 18Shoul Oxiyoga:
— Xudoning Sandigʻini olib kel, — dedi. (Oʻsha paytda Xudoning Sandigʻi Isroil xalqi bilan edi#14:18 Xudoning Sandigʻini olib kel…Isroil xalqi bilan edi — ibroniycha matndan. Qadimgi yunoncha tarjimada Efodni olib kel, — dedi. Oʻsha paytda u efodni Isroil xalqi oldida koʻtarib yurardi..)
19Shoul ruhoniy bilan gaplashayotgan paytda Filistlarning qarorgohidagi gʻala–gʻovur rosa avjiga chiqdi. Shuning uchun Shoul ruhoniyga:
— Kerak emas, qoʻyaver! — dedi. 20Oʻsha zahoti Shoul va yonidagi sipohlarining hammasi birga urush maydoniga ketishdi. U yerda katta gʻalayon boʻlayotgan edi, hamma bir–biriga qilich solardi. 21Shunda ilgari Filistlar tomonda boʻlgan va ularning qarorgohiga kelgan ibroniylar ham safdan chiqib, endi Shoul bilan Yoʻnatanning sipohlariga — Isroil sipohlariga qoʻshilib olishdi. 22Efrayim qirlarida yashirinib olganlar ham Filistlarning qochayotganini eshitib, ularni jang maydonidan quvlay boshladi. 23Shunday qilib, oʻsha kuni Isroil lashkarini Egamiz gʻalabaga erishtirdi.
Shoul lashkariga ont ichiradi
Urush Bayt–Obunning narigi tomonlarigacha yoyildi. 24Oʻsha kuni Isroil lashkari juda ham holdan toydi, chunki Shoul lashkariga ont ichirib, shunday degan edi: “Dushmanlarimizdan oʻch olmagunimizcha, oqshomga qadar kim bir luqma taom yesa, laʼnati boʻlsin!” Shuning uchun biror kimsa hech narsa yemadi.
25-26Lashkar oʻrmonga borganda, yerda oqib yotgan asalni koʻrdi, lekin Shoul ichirgan qasamdan qoʻrqib, birortasi asalga qoʻl tekkizmadi. 27Yoʻnatan esa otasining lashkariga ont ichirganidan bexabar edi. Qoʻlidagi tayogʻini uzatib, tayoq uchini asalari iniga botirdi. Asaldan ozgina tatib koʻrgan edi, koʻzlari chaqnab ketdi. 28Shu zahoti sipohlardan biri Yoʻnatanga:
— Otangiz lashkarga, bugun kim taom yesa, laʼnati boʻlsin, deb ont ichirgan edi, shuning uchun odamlar holdan toygan, — dedi.
29— Otam odamlarni ogʻir ahvolga solib qoʻydi, — dedi Yoʻnatan. — Qaranglar, mana bu asaldan bir oz tatib koʻrgan edim, koʻzlarim charaqlab ketdi. 30Bugun lashkarimiz gʻanimlardan tortib olgan taomlardan toʻyib yesaydi, juda yaxshi boʻlardi. Oʻshanda Filistlarni magʻlub qilish yanada oson boʻlarmidi?!
31Oʻsha kuni Isroil lashkari Mixmash bilan Oyjavlon#14:31 Oyjavlon — Mixmashdan qariyb 32 kilometr gʻarbda joylashgan. oraligʻidagi Filistlarni magʻlub qildi. Qorni ochgan Isroil lashkari shu qadar holdan toydiki, 32oxiri ulardan oʻlja qilib olingan chorvalarga tashlanishdan oʻzga chora qolmadi. Qoʻy, mol, buzoqlarni shu yerning oʻzidayoq soʻyib, qonini oqizmasdan yeyaverishdi.
33— Qarang, lashkaringiz goʻshtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilyapti!#14:33 …goʻshtni qoni bilan yeb…gunoh ish qilyapti — Tavrot qonuni boʻyicha, Isroil xalqi soʻyilgan molning qonini chiqargandan soʻnggina, goʻshtini pishirib tanovul qilishlari lozim edi (Ibtido 9:4, Levilar 17:11, Qonunlar 12:23 ga qarang). — deb ahvolni Shoulga maʼlum qilishdi.
— Xoinlik qildingizlar, hoziroq katta bir toshni bu yerga yumalatib olib kelinglar! — dedi Shoul. 34Soʻng qoʻshib qoʻydi:
— Lashkar orasida yurib aytinglar, har bir odam molini, qoʻyini mening huzurimga olib kelib, shu yerda#14:34 …shu yerda… — Shoul keltirgan katta toshning ustida (shu bobning 33–oyatiga qarang). Mol–qoʻylarni tosh ustida soʻyib, qonini yerga oqizish uchun shunday qilingan edi. soʻyib, yesin. Goʻshtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilmanglar.
Oʻsha kuni kechasi har bir odam molini olib kelib, Shoulning oldida soʻydi. 35Shoul Egamizga atab bir qurbongoh qurdi. Bu Shoulning Egamizga atab qurgan ilk qurbongohi edi.
36Keyin Shoul odamlariga aytdi:
— Qani, shu kecha Filistlarni bir quvaylik. Tong otguncha mollarini tortib olamiz, birortasini sogʻ qoldirmaymiz.
— Bir ogʻiz soʻzingiz, — deb javob berishdi odamlar.
— Avval Xudoning xohish–irodasini bilaylik#14:36 …Xudoning xohish–irodasini bilaylik… — shoh biror muhim qaror chiqarishdan oldin, Xudoning xohishini bilish uchun ruhoniylarga murojaat qilardi. Bunday hollarda ruhoniylar Urim va Tummim degan muqaddas narsalardan foydalanishardi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang. Xudo Oʻz xohish–irodasini odamlarga baʼzan paygʻambarlar yoki tushlar orqali bildirgan (28:6 va 2 Shohlar 2:1 ga qarang)., — deb qoldi ruhoniy. 37Shoul Xudodan:
— Filistlarga hujum qilaveraymi? Ularni Isroil lashkarining qoʻliga tutib berasanmi? — deb soʻradi. Lekin Xudo oʻsha kuni javob bermadi. 38Shundan soʻng Shoul dedi:
— Isroilning hamma lashkarboshilari shu yerga kelishsin, bugun qanday gunoh qilinganini bilib olamiz. 39Isroilga najot beradigan Xudo shohid! Gunoh qilgan oʻgʻlim Yoʻnatan boʻlib chiqsa ham, albatta oʻldiriladi.
Biron kimsadan sado chiqmadi. 40Shoul oʻz odamlariga buyurdi:
— Sizlar bir tomonda turinglar, oʻgʻlim Yoʻnatan bilan men boshqa tomonda turamiz.
— Bir ogʻiz soʻzingiz, — deb javob berdi odamlar.
41Shoul Isroil xalqining Xudosi — Egamizga:
— Ey Egam! Aybsizni oʻzing oqla! — deb iltijo qildi.
Soʻng qurʼa tashlandi#14:41 …qurʼa tashlandi… — 10:20 izohiga qarang., qurʼa Yoʻnatan bilan Shoulga tushdi, odamlarning hammasi esa oqlandi.
42— Endi men bilan oʻgʻlim Yoʻnatan orasiga qurʼa tashlang, — dedi Shoul. Bu safar qurʼa Yoʻnatanga tushdi. 43Shoul Yoʻnatandan:
— Menga ayt–chi, nima qilding? — deb soʻradi.
— Men qoʻlimdagi tayoqning uchini asalga botirib olib, ozgina tatib koʻrgan edim, endi men oʻlimimga roziman, — deb javob berdi Yoʻnatan.
44— Yoʻnatan, agar seni oʻldirtirmasam, Xudoning qahriga uchray, hatto undan battarrogʻiga uchray, — dedi Shoul. 45Ammo odamlar Shoulga eʼtiroz bildirdi:
— Isroilni ulugʻ zafarga erishtirgan Yoʻnatanni oʻldirmoqchimisiz? Aslo! Xudo shohid! Sochining bir tolasiga ham zarar yetmaydi. U bugun nima qilgan boʻlsa, Xudoning madadi bilan qildi.
Shunday qilib, odamlar Yoʻnatanni oʻlimdan qutqarib qoldi.
46Shundan soʻng Shoul Filistlarni taʼqib qilmadi. Filistlar esa oʻz yerlariga qaytib ketishdi.
Shoulning erishgan gʻalabalari
47Shoul Isroil shohi boʻlgandan keyin atrofidagi barcha dushmanlari — Moʻab, Ommon, Edom xalqlari, Zoʻvo shohlari va Filistlar bilan urush qildi. Qayerga borsa, gʻalaba qildi. 48Mardona jang qilib Omolek xalqini magʻlub qildi, Isroil xalqini talonchilarning qoʻlidan xalos qildi.
Shoulning oilasi
49Shoulning Yoʻnatandan boshqa Ishbosit#14:49 Ishbosit — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yishvi. va Malkishuva ismli oʻgʻillari bor edi. Uning ikki qizi ham boʻlib, kattasining ismi Merav, kichkinasiniki Mixal edi. 50Xotini Oxinavam edi. U Oximas deganning qizi edi. Shoulning amakisi Narning oʻgʻli Abnur lashkarboshi edi. 51Abnurning otasi Nar va Shoulning otasi Kish aka–uka edilar. Nar va Kishning otasi Abil edi.
52Shoul davrida Filistlar bilan doimo qaqshatqich urush boʻlar edi. Shoul qayerda mard yoki jang qilishga mohir odamni koʻrsa, oʻz qoʻshiniga olardi.
Currently Selected:
1 Shohlar 14: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020