1 Shohlar 15
15
15–BOB
Omolek xalqi bilan jang
1Bir kuni Shomuil Shoulga shunday dedi:
— Egamiz senga moy surtib, Oʻz xalqi Isroilning shohi qilish uchun meni sening oldingga yuborgan edi. Endi Egamizning soʻzlarini eshit. 2Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Isroil xalqiga qilgan yovuzliklari uchun Omolek xalqini#15:2 Omolek xalqi — Isroildan janubi–gʻarbda, Sinay yarim orolida yashagan xalq. jazolayman. Chunki Isroil xalqi Misrdan chiqayotganda, Omolek xalqi ularning yoʻlini toʻsib qoʻygan edi#15:2 …ularning yoʻlini toʻsib qoʻygan edi — Chiqish 17:8-14, Qonunlar 25:17-19 ga qarang.. 3Endi borib, Omolek xalqiga hujum qil. Ularga qarashli hamma narsani tamoman yoʻq qilib tashla, hech narsasini ayama. Erkagu ayol, bola–chaqa, molidan tortib, qoʻyigacha, tuyasidan tortib, eshagigacha hammasini oʻldir.”
4Shoul lashkarini Taloyim shahrida toʻplab sanab chiqdi. Isroildan 200.000 nafar piyoda sipohi, Yahudodan ham 10.000 nafar sipohi bor ekan.
5Shoul Omolek xalqiga qarashli boʻlgan shaharga borib, soylikda#15:5 soylik — ikki adir oraligʻidagi pastlik. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SOYLIK soʻziga qarang. pistirma qoʻydi. 6Oʻsha yerdagi Xayin xalqiga quyidagi xabarni joʻnatdi: “Endi ketinglar, Omolek xalqini tark etinglar, tagʻin sizlarni ham ular bilan birga yoʻq qilib yubormayin. Isroil xalqi Misrdan chiqayotgan paytda, sizlar bizga yaxshilik qilgandingiz.”
Shundan keyin Xayin xalqi Omolek xalqini tark etdi.
7Shoul Xaviladan Misrning sharqidagi Shurgacha boʻlgan joylardagi Omolek xalqini tor–mor qildi. 8U Omolek shohi Oʻgaxni tiriklayin qoʻlga olib, xalqini butunlay qirib tashladi. 9Shoul va uning odamlari Oʻgaxni hamda uning eng yaxshi qoʻy–mollarini, buzoq–qoʻzilarini, jamiki yaxshi narsalarini ayab, saqlab qolishdi. Ularni butunlay yoʻq qilib tashlashni istashmadi. Faqat arzimas, nuqsonli hayvonlarini yoʻq qilishdi.
Xudo Shoulni rad etadi
10Egamiz Shomuilga shu soʻzlarni ayon qildi: 11“Shoulni shoh qilib tayinlaganimga pushaymonman. U Mendan yuz oʻgirdi, amrlarimni bajo qilmadi.” Shomuil xafa boʻlib, tun boʻyi Egamizga yolvorib chiqdi.
12Shomuil ertasi kuni saharda, Shoul bilan koʻrishay deb borsa, Shoul Karmil shahriga#15:12 Karmil shahri — Xevrondan qariyb 11 kilometr janubda joylashgan. ketibdi. Bilsaki, u yerda oʻziga bir yodgorlik oʻrnatibdi. Keyin Gilgalga qaytibdi. 13Shomuil Shoulning oldiga kelganda, Shoul:
— Xudo sizni yorlaqasin! Men Egamizning amrini ado etdim, — dedi.
14— Agar shunday boʻlsa, qulogʻimga eshitilayotgan qoʻyning maʼrashi nimasi? Men eshitayotgan sigirning boʻkirishi nimasi? — deb soʻradi Shomuil.
15— Odamlarim Omolek xalqining hayvonlarini tortib oldi, — dedi Shoul, — Egangiz Xudoga qurbonlik qilish uchun qoʻy, sigirlarning eng saralarini ayab, saqlab qolishdi. Qolganlarini esa butunlay qirib tashladik.
16— Shoshmay tur, bu kecha Egamizning menga nimalar aytganini senga bildirib qoʻyayin, — dedi Shomuil.
— Ayting, — dedi Shoul.
17Shomuil gapida davom etdi:
— Oʻzingni kichik deb sanasang–da, Isroil xalqining yoʻlboshchisi boʻlmadingmi?! Egamiz senga moy surtib tanlab, Isroilga shoh qilmadimi?! 18U senga: “Bor, oʻsha gunohkor Omolek xalqini butunlay qirib tashla, hammasini yoʻqotmaguningcha, ular bilan jang qil”, deb amr bergan edi–ku. 19Nega endi Egamizning amriga itoat etmading?! Nima uchun oʻljaga tashlanib, Egamiz oldida qabihlik qilding?!
20— Axir, men Uning amrlariga itoat qildim–ku! — dedi Shoul. — Men, Egamiz amr berganiday, bordim. Omolek shohi Oʻgaxni bu yerga olib keldim. Omolek xalqini esa butunlay qirib tashladim. 21Odamlarim qirib tashlanishi kerak boʻlgan oʻljadan faqat eng sara mol–qoʻylarni olishdi, xolos. Bu mol–qoʻylarni Gilgalga olib kelib, Egangiz Xudoga qurbonlik qilishmoqchi.
22Shomuil shunday javob berdi:
“Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklardan koʻra,
Egamiz itoat etganlardan shod boʻlmasmi?!
Ha, itoat etish — qurbonlik soʻyishdan yaxshi,
Xudoga itoatkorlik — qoʻchqorlar yogʻidan aʼloroqdir.
23Oʻzboshimchalik sehr–joduga oʻxshab gunohdir,
Itoatsizlik esa but–sanamga bosh egish bilan tengdir.
Sen Egamizning amrini rad etding,
Egamiz ham sening shohligingni rad etdi.”
24— Gunoh qildim! — dedi Shoul. — Ha, Egamizning amriga ham, sizning soʻzlaringizga ham xilof ish tutdim. Xalqdan hayiqqanim uchun ularning gapiga kirdim. 25Endi yolvoraman: gunohimdan oʻting, men bilan birga qaytib boring, Egamizga sajda qilayin.
26— Sen bilan bormayman, — dedi Shomuil. — Chunki sen Egamizning amrini rad etding, Egamiz ham seni rad etib, Isroil taxtidan tushirdi.
27Shomuil burilib, ketmoqchi boʻlgan edi, Shoul uning ridosi etagidan ushlab qoldi. Rido yirtildi.
28— Rido yirtilgani singari, Egamiz ham bugun Isroil shohligini qoʻlingdan tortib olib, sendan koʻra, yaxshirogʻiga berdi, — dedi Shomuil. 29— Isroilning ulugʻvor Xudosi yolgʻon soʻzlamas, fikrini ham oʻzgartirmas. U inson emaski, fikrini oʻzgartirsa.
30— Gunoh qildim, — dedi Shoul, — endi xalqimning oqsoqollari oldida, Isroil xalqi oldida meni beobroʻ qilmang. Shuning uchun men bilan birga qaytib boring, Egangiz Xudoga sajda qilayin.
31Shomuil Shoul bilan birga orqaga qaytib bordi. Shoul Egamizga sajda qildi.
32Shomuil:
— Omolek shohi Oʻgaxni mening oldimga olib kelinglar! — deb buyurdi. Oʻgaxni bogʻlangan holda, Shomuilning oldiga olib kelishdi. Oʻgax oʻzicha: “Oʻlim xavfi aniq oʻtib ketdi”, deb oʻyladi. 33Lekin Shomuil:
— Qiliching ayollarni farzandidan qanday judo qilgan boʻlsa, sening onang ham ayollar orasida befarzand boʻlsin! — dedi–yu, Oʻgaxni Egamizning oldida Gilgalda qilich bilan chopib tashladi.
34Shundan soʻng Shomuil Ramaga, Shoul esa Givoga — uyiga ketdi. 35Shomuil umrining oxirigacha Shoulni boshqa koʻrmadi, lekin u Shoulni deb gʻamgin boʻlib yurdi. Egamiz esa Shoulni Isroil shohi qilganidan pushaymon edi.
Currently Selected:
1 Shohlar 15: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020