የYouVersion አርማ
የፍለጋ አዶ

Ibtido 29

29
29–BOB
Yoqub Lobonning uyiga keladi
1Yoqub yoʻlida davom etib, nihoyat, sharqdagi yurtga yetib keldi. 2U dashtda bir quduqni uzoqdan turib koʻrdi. Quduq yonida uch toʻp poda yotardi. Chorva shu quduqdan sugʻorilar, quduqning ogʻzi kattakon tosh bilan yopib qoʻyilardi. 3Choʻponlar hamma qoʻy–echkilarni u yerga haydab kelganlaridan keyin, quduqning ogʻzidagi toshni surishib, qoʻylarni sugʻorishardi–da, quduqning ogʻzini yana oʻsha tosh bilan berkitib qoʻyishardi.
4Yoqub choʻponlarning oldiga borib, ulardan:
— Birodarlar, qayerliksizlar? — deb soʻradi.
— Xorondanmiz#29:4 Xoron — 11:31 izohiga qarang., — deb javob berishdi ular.
5— Lobon degan odamni taniysizlarmi? — deb soʻradi Yoqub, — u Naxoʻrning nabirasi boʻladi.
— Ha, taniymiz, — deb javob berishdi choʻponlar.
6— Lobon tinch–omonmi? — deb soʻradi Yoqub.
— Yaxshi, — deb javob berishdi choʻponlar. — Ana, uning qizi Rohila ham qoʻylarini haydab shu yoqqa kelyapti.
7— Suruvni bir joyga toʻplabsizlar, lekin hozir payti emas–ku, oqshomgacha hali erta! — dedi Yoqub. — Qoʻylarni sugʻorib, oʻtlatgani qaytarib olib bormaysizlarmi?
8Choʻponlar shunday javob berishdi:
— Hamma suruvni bu yerga toʻplab, toshni quduqning ogʻzidan surganimizdan keyingina qoʻylarni sugʻoramiz.
9Yoqub choʻponlar bilan gaplashib turganda, Rohila otasining qoʻylarini haydab kelib qoldi. Rohila choʻponlik qilardi. 10Yoqub togʻasi Lobonning qizi Rohilani va uning qoʻylarini koʻrdi. Quduq yoniga borib, quduq ogʻzidagi toshni surdi–da, togʻasining qoʻylarini sugʻordi. 11Keyin Rohilani oʻpdi, xursandligidan koʻzlariga yosh keldi.
12— Men otangning jiyaniman, ammang Rivqoning oʻgʻliman, — deb Yoqub oʻzini tanishtirdi.
Rohila yugurib borib, otasiga xabar berdi.
13Lobon, singlimning oʻgʻli kelibdi, deb eshitdi–yu, oʻsha zahoti, Yoqubni kutib olishga shoshildi. Yoqub bilan quchoqlashib koʻrishdi. Lobon Yoqubni uyiga olib keldi. Yoqub boshidan kechirganlarini togʻasiga aytib berdi.
14— Sen mening jigarimsan, oilamning bir aʼzosisan, — dedi Lobon.
Yoqub Lobonga Rohila va Leax uchun xizmat qiladi
Yoqub Lobonnikida bir oy turgandan keyin, 15Lobon unga dedi:
— Sen mening qarindoshim boʻlsang ham, tekinga ishlamasliging kerak. Ayt–chi, xizmat haqingga nima istaysan?
16Lobonning ikki qizi boʻlib, kattasining ismi — Leax, kichiginiki — Rohila edi. 17Leaxning koʻzlari chiroyli#29:17 chiroyli — yoki chaqnamagan, yaʼni soʻnik., Rohila esa har jihatdan goʻzal — yuzi chiroyli, qaddi–qomati kelishgan edi. 18Yoqub Rohilani sevardi, shuning uchun: “Men sizga kichik qizingiz Rohila uchun yetti yil xizmat qilib beraman”, dedi.
19Shunda Lobon unga dedi:
— Mayli, roziman, qizimni begonaga berganimdan koʻra, senga berganim yaxshi–ku. Menikida qolaver.
20Shunday qilib, Yoqub Rohilaga qalin uchun yetti yil xizmat qildi. Lekin Yoqubning Rohilaga boʻlgan sevgisi shunchalik kuchli ediki, yetti yil bir necha kunday tuyuldi.
21Nihoyat, Yoqub Rohilaga uylanadigan payt ham keldi.
— Men shartni bajardim, — dedi Yoqub Lobonga. — Endi qizingizga uylanishimga ijozat bering.
22Lobon butun yurt aholisini toʻplab, ziyofat berdi. 23-24Lekin oʻsha kuni kechasi Lobon Rohilaning oʻrniga, toʻngʻich qizi Leaxni Yoqubga berdi. Leaxga xizmat qilsin deb, Lobon oʻzining Zilpo degan choʻrisini Leaxga berdi. Yoqub Leaxning yoniga kirdi. 25Yoqub ertalab turib qarasa, yonida Leax yotibdi!
— Bu nima qilganingiz?! — dedi Yoqub gʻazablanib Lobonga. — Men sizga yetti yil Rohila uchun xizmat qildim–ku! Nimaga meni aldadingiz?
26— Bizning yurtdagi odat boʻyicha, katta qizdan oldin kichigi turmushga berilmaydi, — deb javob berdi Lobon. 27— Bir haftada bu qizimning toʻyi tantanasi tugaydi, kutib tur. Agar menga yana yetti yil xizmat qilib beradigan boʻlsang, xizmating evaziga kichkinasini ham senga beraman.
28Yoqub rozi boʻldi. Bir haftadan keyin Yoqub bilan Leaxning toʻyi tantanasi tugadi. Lobon Rohilani ham Yoqubga berdi. 29Lobon oʻzining Bilxax degan choʻrisini qizi Rohilaga bergan edi. 30Shunday qilib, Yoqub Rohilaning yoniga kirdi. U Leaxdan koʻra, Rohilani koʻproq yaxshi koʻrardi. Yoqub Lobonga yana yetti yil xizmat qilib berdi.
Yoqubning farzandlari
31Yoqub Leaxga koʻngilsiz ekanini Egamiz koʻrib turardi. Shuning uchun U Leaxni tugʻishga qodir qildi, Rohila esa befarzand oʻtaverdi. 32Leax homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. U: “Egam mening baxtsizligimni koʻrdi, endi erim menga albatta koʻngil qoʻyadi”, deb oʻgʻlining ismini Ruben#29:32 Ruben — ibroniychadagi maʼnosi Koʻrib qoʻy, oʻgʻil! Bu ismning baʼzi ohanglari ibroniychadagi u mening baxtsizligimni koʻrdi va menga koʻngil qoʻyadi iboralarida ishlatilgan. Shu sababdan Leax oʻz oʻgʻliga Ruben deb ism qoʻygan edi. qoʻydi. 33Leax homilador boʻlib, yana oʻgʻil tugʻdi. “Erim menga koʻngilsizligini Egam eshitib, yana bir oʻgʻil berdi”, deb oʻgʻlining ismini Shimoʻn#29:33 Shimoʻn — ibroniychadagi eshitdi soʻziga ohangdosh, bu ismning baʼzi ohanglari ibroniychadagi erim menga koʻngilsiz iborasida ishlatilgan. qoʻydi. 34Leax yana homilador boʻldi va yana oʻgʻil tugʻdi. U: “Erimga uchta oʻgʻil tugʻib berdim, endi u albatta menga bogʻlanib qoladi”, deb oʻgʻlining ismini Levi#29:34 Levi — bu ism ibroniychadagi bogʻlanib qoladi soʻziga ohangdosh. qoʻydi. 35Leax yana homilador boʻlib, yana oʻgʻil tugʻdi. U: “Endi Egamga hamdu sano aytaman”, deb oʻgʻlining ismini Yahudo#29:35 Yahudo — bu ism ibroniychadagi hamdu sano aytaman soʻziga ohangdosh. qoʻydi. Shundan keyin u tugʻishdan qoldi.

Currently Selected:

Ibtido 29: O‘zbMK

ማድመቅ

Share

Copy

None

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ