Havoriylar 17
17
17–BOB
Salonika shahrida
1Pavlus bilan Silas Amfipolis va Apolloniya shaharlarini bosib oʻtib, Salonika shahriga keldilar. Bu shaharda yahudiylar sinagogasi bor edi. 2Pavlus, oʻz odatiga koʻra, sinagogaga kirdi va uch hafta davomida Shabbat kunlari yahudiylar bilan munozara olib bordi. U Muqaddas bitiklar#17:2 Muqaddas bitiklar — odatda Eski Ahd kitoblari toʻplami shu nom bilan ataladi. asosida 3Masihning azob chekishi va oʻlikdan tirilishi kerakligini tushuntirib, isbotlab berdi. Soʻng: “Men sizlarga aytayotgan Iso oʻsha Masihdir”, dedi. 4Yahudiylardan baʼzilari, shuningdek, Xudodan qoʻrqadigan#17:4 …Xudodan qoʻrqadigan… — 10:2 izohiga qarang. koʻp gʻayriyahudiylar#17:4 gʻayriyahudiylar — yunoncha matnda yunonlar (shu bobning 12, 17–oyatlarida ham bor). 14:1 ning ikkinchi izohiga qarang. va yuqori martabali ayollarning koʻpchiligi Pavlus bilan Silasga ishonib, ularga qoʻshildilar. 5Ammo ishonmagan yahudiylar hasadga toʻldilar va koʻchalardagi bekorchi daydilarni toʻplab, olomonni yigʻib, shaharda gʻalayon boshladilar. Ular: “Pavlus bilan Silasni qidirib topamiz, xalqning oldiga olib chiqamiz”, deb Yason degan odamning uyiga hujum qildilar. 6Ammo ularni topa olishmadi. Soʻngra Yason bilan bir necha imonlilarni shahar amaldorlari huzuriga sudrab keldilar va shunday deya shovqin soldilar: “Anavi odamlar butun dunyoni ostin–ustin qilib, bizning shahrimizga ham kelibdilar. 7Yason oʻsha odamlarga uyidan joy beribdi. Ularning hammasi, Iso degan boshqa shoh bor, deb Qaysarning#17:7 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. farmonlariga qarshi chiqyaptilar.” 8Xalq va shahar amaldorlari bu gaplarni eshitib, bezovtalanib qoldilar. 9Ular Yason va boshqa imonlilardan garovga#17:9 garov — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz Pavlus va Silas birorta tashvish qoʻzgʻatmay shahardan chiqib ketsa, Yasonga qaytariladigan toʻlovni bildiradi. pul olib, ularni qoʻyib yubordilar.
Veriya shahrida
10Qorongʻi tushgach, imonlilar Pavlus bilan Silasni Veriya shahriga joʻnatdilar. Ular shaharga kelib, yahudiylar sinagogasiga kirdilar. 11Bu yerdagi yahudiylar Salonikadagi yahudiylarga qaraganda keng fikrli edilar. Ular zoʻr ishtiyoq bilan Iso haqidagi xabarni tinglashar, Pavlusning aytganlari haqiqat ekanini koʻrish uchun Muqaddas bitiklarni har kuni tadqiq etishardi. 12Ularning koʻpchiligi shu boisdan imonga keldilar, shuningdek, gʻayriyahudiy erkaklaru yuqori martabali ayollarning koʻpchiligi ham imonga keldilar. 13Ammo Salonikadagi yahudiylar, Pavlus Veriyada Xudoning kalomini vaʼz qilibdi degan gapni eshitganlarida, ular Veriyaga kelib, olomonni gijgijlab, qayradilar. 14Shunda imonlilar Pavlusni zudlik bilan dengiz boʻyiga joʻnatib yubordilar. Silas bilan Timoʻtiy esa Veriyada qoldilar. 15Pavlusni kuzatib ketganlar uni Afinagacha olib borib qoʻydilar#17:15 …uni Afinagacha olib borib qoʻydilar — ular Egey dengizi boʻylab kemada, keyin esa piyoda Afinaga borgan boʻlishi mumkin.. Ular Pavlusdan: “Silas bilan Timoʻtiy tezroq mening oldimga yetib kelsin” degan koʻrsatmani olganlaridan keyin Veriyaga qaytib ketdilar.
Pavlus Afinada
16Pavlus Silas bilan Timoʻtiyni Afinada kutarkan, shahar butlarga toʻlib ketganini koʻrib, taʼbi juda xira boʻldi. 17Pavlus sinagogada yahudiylar va Xudodan qoʻrqadigan gʻayriyahudiylarga dalillar keltirdi. Shuningdek, shahar maydonida har kuni duch kelgan odamlarga ham vaʼz qildi. 18Bir necha epikurchi va stoik faylasuflar#17:18 epikurchi va stoik faylasuflar — falsafiy aqida boʻyicha bir–biriga zid ikki taʼlimot. Epikurchilarning taʼlimotiga koʻra eng ezgu narsa bu — betashvish, lazzatli va azob–uqubatdan xoli boʻlgan hayot. Stoiklarning taʼlimotiga koʻra esa eng ezgu narsa bu — oʻzini tiyish, burchni vijdonan bajarish, taqdir zarbalariga bardoshli boʻlish, moʻtadillik va sabr–toqat. ham Pavlus bilan bahsga kirishishdi. Baʼzilari: “Bu mahmadona nima demoqchi?” desa, boshqalari: “U begona xudolar toʻgʻrisida vaʼz qilyapti”, der edi. Pavlus Iso toʻgʻrisidagi Xushxabarni va oʻliklardan tirilishni vaʼz qilayotgani uchun ular shunday deb aytardilar#17:18 Pavlus…vaʼz qilayotgani uchun ular shunday deb aytardilar — matndagi oʻliklardan tirilish iborasi yunon tilida “anastasis” deb aytiladi. Pavlus nutqida “anastasis” soʻzini ishlatgani uchun, tinglovchilar bu soʻzni birorta xudoning nomi deb tushungan boʻlishlari mumkin. Ehtimol, shu sababdan ular, Pavlus “Iso va Anastasis” haqida gapiryapti, deb oʻylangandirlar.. 19Ular Pavlusni ushlab, Aryopagus kengashiga olib bordilar va shunday dedilar: “Sen oʻrgatayotgan yangi taʼlimot nima ekanini biz ham bilishimiz mumkinmi? 20Bu taʼlimoting bizga bir oz gʻalati tuyulyapti, shuning uchun bu nimani anglatishini bilmoqchimiz.” 21(Hamma Afinaliklar va bu yerda yashayotgan musofirlar butun vaqtlarini oxirgi yangiliklarni aytib berish yoki eshitish bilan oʻtkazishni yaxshi koʻrishardi.)
22Pavlus Aryopagus kengashining oldiga chiqib, shunday dedi: “Ey Afinaliklar! Sizlar har jihatdan gʻoyat dindor ekaningizni koʻrib turibman. 23Men butun shaharni kezib chiqib, sizlarning sajdagohlaringizga diqqat bilan nazar tashladim. Men oʻsha narsalarning orasidan «Nomaʼlum xudoga» degan yozuv bitilgan qurbongohni koʻrdim. Oʻzlaringiz bilmasdan turib sajda qilayotgan Xudoni men sizlarga anglatay.
24Olamni va undagi hamma narsalarni yaratgan Xudo yeru osmonning Egasi boʻlib, inson qoʻli bilan yasalgan sajdagohlarda yashamaydi. 25Har qanday odamga jon, nafas va hamma narsani Uning Oʻzi bergan. Shuning uchun U insonning qoʻliga qarab qolmagan. U hech narsaga muhtoj emas. 26Xudo bitta odamdan jamiki elatlarni yaratib, ularni butun yer yuziga joylashtirdi. U elatlarning hayoti vaqtini va ular istiqomat qiladigan joylarning chegaralarini belgilab berdi. 27Xudo bularni, Meni qidirsinlar, paypaslanib boʻlsa–da, topsinlar deb qildi. Haqiqatan ham, U har birimizdan uzoqda emas. 28Zotan, bir odamning aytishi boʻyicha#17:28 …bir odamning aytishi boʻyicha… — bu oyatda Pavlus Afinaliklarga tanish boʻlgan qadimiy shoirlardan ikkitasining sheʼridan misol keltirgan.: «Biz Unda yashaymiz, Unda harakat qilamiz va Unda mavjudmiz.» Sizning shoirlaringizdan biri shunday degan edi: «Biz ham Uning zurriyotimiz.»
29Biz Xudoning zurriyotidan ekanmiz, Xudoni inson oʻz sanʼati va mahorati bilan shaklga solgan oltinga yoki kumushga, yo toshga oʻxshatmasligimiz kerak. 30Xudo oʻtmishda insoniyatning johilligiga eʼtibor bermadi. Endi esa U hamma joydagi jamiki xalqlarga: «Tavba qilinglar!» deb amr bermoqda. 31Chunki U dunyo xalqlarini Oʻzi tayinlagan Zot orqali adolat bilan hukm qiladigan kunni belgiladi. Oʻsha Zotni oʻlikdan tiriltirdi. Shu yoʻsinda jamiki insonlarga bu Zotning tayinlanganini isbot qildi.”
32Ular Pavlusning oʻliklar tirilishi haqidagi gapini eshitganlarida, baʼzilar uni masxara qildi, ammo boshqalar: “Biz bu haqda yana sizning gaplaringizni eshitmoqchimiz”, dedilar. 33Shunday qilib, Pavlus ularning oldidan ketdi. 34Bir necha odam unga ergashib, imonga keldi. Imonga kelganlarning orasida Aryopagus kengashining aʼzosi Dionisis, Damara ismli ayol va boshqa odamlar ham bor edi.
Currently Selected:
Havoriylar 17: O‘zbMK
ማድመቅ
ያጋሩ
ኮፒ

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020