Luqo 21
21
21–BOB
Beva ayolning xayr–ehsoni
1Iso Maʼbadning ehson qutisiga nazar solar ekan, ehson tashlab turgan boy odamlarni koʻrdi. 2Shuningdek, ikki chaqa#21:2 ikki chaqa — yunoncha matnda ikki lepton, oʻsha davrda ishlatilgan qiymati eng past tanga. tashlagan bir kambagʻal beva ayolni ham koʻrdi. 3Shunda Iso dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, bu kambagʻal beva hammadan koʻproq ehson berdi. 4Chunki boylarning hammasi oʻzlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Ammo bu ayol kambagʻalligiga qaramasdan, oʻzining bor–yoʻgʻini tashladi.
Iso Maʼbadning vayron boʻlishi toʻgʻrisida bashorat qiladi
5Shogirdlardan baʼzilari Maʼbadni tomosha qilib, uning goʻzal toshlar va Xudoga nazr qilingan inʼomlar bilan bezatilgani toʻgʻrisida gaplashayotgan edilar. Iso esa dedi:
6— Shunday kunlar keladiki, siz koʻrib turganlarning hammasi vayron boʻladi#21:6 …siz koʻrib turganlarning hammasi vayron boʻladi — milodiy 70 yilda Tit boshchiligida Rim qoʻshini Quddusni va u yerdagi Maʼbadni butunlay vayron qilgan.. Bu yerda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi.
7Ular Isodan soʻradilar:
— Ustoz, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada yuz berishini nimadan bilsak boʻladi?
8Iso dedi:
— Ehtiyot boʻlinglar, yoʻldan ozmanglar, chunki koʻp kishilar oʻzlarini Mening nomim bilan atab: “Men Oʻshaman”, “Vaqt yaqin”, — deb aytadi. Ularga ergashmanglar. 9Sizlar urush va isyonlar toʻgʻrisida xabarlarni eshitganingizda, vahimaga tushmanglar, chunki bu hodisalar birinchi boʻlib sodir boʻlishi kerak. Ammo bu hali soʻnggi nihoya emas.
10Keyin Iso ularga dedi: “Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi koʻtariladi. 11Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, oʻlatlar boʻladi. Osmonda vahimali hodisalar, buyuk alomatlar yuz beradi.
12Lekin bularning hammasidan oldin sizlarni hibsga oladilar, quvgʻin qiladilar, sinagogalarga topshirib, qamoqlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni shohlar va hokimlar oldiga olib boradilar. 13Bular Xushxabarni aytishingiz uchun imkoniyat boʻladi. 14Oʻzimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qaygʻurmaslikka qaror qilinglar. 15Men Oʻzim sizlarga soʻz, donolik ato qilamanki, raqiblaringizdan birontasi aytganlaringizni rad qila olmaydilar yoki eʼtiroz bildira olmaydilar. 16Sizlarni hatto ota–onangiz, aka–ukalaringiz, qarindosh–urugʻlaringiz, doʻstlaringiz tutib berishadi. Ular baʼzilaringizni oʻldirishadi. 17Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. 18Biroq boshingizdan bir tola soch ham tushmaydi. 19Qatʼiyatli boʻlinglar, shunda hayotga erishasiz.
Quddusning vayron boʻlishi haqida bashorat
20Quddusni dushman lashkarlari oʻrab olganini koʻrganingizda, bilingki, shahar yaqin orada vayron qilinadi. 21Shunda Yahudiyada boʻlganlar togʻlarga qochsin, shaharning ichida boʻlganlar tashqariga chiqsin, dalalarda boʻlganlar shaharga kirmasin. 22Chunki Xudoning qasos oladigan kunlari keldi. Oʻsha kunlarda hamma bashoratlar amalga oshadi. 23U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Chunki yer yuzini katta musibat chulgʻab oladi, bu xalqning boshiga Xudoning gʻazabi yogʻiladi. 24Baʼzilari qilichdan oʻtkaziladi, boshqalari barcha yurtlarga asir qilib olib ketiladi. Gʻayriyahudiylarning davru davroni tugamaguncha, ular Quddusni oyoq osti qiladilar.
Inson Oʻgʻlining kelishi haqida
25Quyosh, oy va yulduzlarda alomatlar paydo boʻladi. Dengizlar va toʻlqinlar shovqinidan xalqlar sarosimaga tushib, iztirob chekadi. 26Odamlar dunyoga keladigan falokatlarni koʻrib, qoʻrquvdan hushidan ketadilar. Chunki oʻshanda samoviy kuchlar larzaga keladi. 27Shunda hamma odam Inson Oʻgʻlini koʻradi. Inson Oʻgʻli qudratga va buyuk ulugʻvorlikka burkanib, bulutlarda keladi#21:27 Inson Oʻgʻli…bulutlarda keladi — Doniyor 7:13-14 ga qarang..
28Bu hodisalar yuz bera boshlaganda, turib, boshingizni baland koʻtaring. Chunki qutqariladigan vaqtingiz yaqinlashmoqda.”
Hushyor boʻlish haqida
29Iso shogirdlariga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va boshqa hamma daraxtlarga qaranglar. 30Daraxtlar barg yozayotganini koʻrganingizda, yoz yaqinlashib qolganini bilasiz. 31Shu singari, mana bu voqealar sodir boʻlganda, bilingki, Xudoning Shohligi yaqin. 32Sizlarga chinini aytayin, bu nasl oʻtmasdanoq, bularning hammasi sodir boʻladi. 33Yeru osmon yoʻq boʻlib ketadi, ammo Mening soʻzlarim kuchda qoladi.
34Hushyor boʻlinglar! Kayfu safoga, bu hayotning tashvishlariga berilib ketmanglar. Tagʻin oʻsha kun kelib qolganda sizlar toʻsatdan toʻrga tushgan odamlarga oʻxshab qolmanglar! 35Chunki u kun butun yer yuzida yashovchilarning boshiga tushadi. 36Doim hushyor boʻlinglar. Yuz beradigan bu hamma musibatlardan qutula olishingiz va Inson Oʻgʻli oldida munosib tura olishingiz uchun doimo ibodatda boʻlinglar.”
37Har kuni Iso Maʼbadda taʼlim berardi, kechalari esa shahardan chiqib, tunni Zaytun togʻida#21:37 Zaytun togʻi — 19:29 izohiga qarang. oʻtkazar edi. 38Xalq sahardan Isoni tinglagani Maʼbadga kelardi.
Selectat acum:
Luqo 21: O‘zbMK
Evidențiere
Partajează
Copiază
Dorești să ai evidențierile salvate pe toate dispozitivele? Înscrie-te sau conectează-te
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020