YouVersion
Pictograma căutare

Luqo 15

15
15–BOB
Adashgan qoʻy va yoʻqolgan tanga haqida masal
1Hamma soliqchilar#15:1 soliqchilar — 3:12 izohiga qarang. va gunohkorlar Isoning taʼlimotini tinglash uchun kelar edilar. 2Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari: “Ana, U gunohkorlarni qabul qilib, ular bilan birga yeb–ichyapti”, deb mingʻirlab norozi boʻldilar. 3Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi: 4“Sizlarning orangizda kimningdir yuzta qoʻyi boʻlsa–yu, bittasi adashib qolsa, toʻqson toʻqqiztasini yaylovda qoldirib, adashgan qoʻyni topmaguncha qidirmaydimi? 5Oʻsha qoʻyini topganda, xursand boʻlib yelkasiga koʻtarib oladi. 6U uyiga kelib, doʻstlarini, qoʻshnilarini chaqiradi va ularga:
— Men yoʻqolgan qoʻyimni topdim! Xursandchiligimga sherik boʻlinglar, — deb aytadi.
7Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavbaga hojat sezmagan toʻqson toʻqqizta solih odamdan koʻra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun samoda koʻproq shodlik boʻladi.
8Yoki qaysi bir ayolning oʻnta kumush tangasi#15:8 kumush tanga — yunoncha matnda draxma. Draxma yunon tangasi edi. Qiymati Rimdagi bir dinor qiymatiga teng kelar edi. Bir dinor mardikorning bir kunlik ish haqi edi. boʻlsa–da, bittasini yoʻqotib qoʻysa, u chiroq yoqib tangani topmaguncha uyini supurib–sidirib sinchiklab qidirmaydimi?! 9Tangani topgach, dugonalarini va qoʻshnilarini chaqirib:
— Men yoʻqolgan tangamni topdim! Xursandchiligimga sherik boʻlinglar, — deydi.
10Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudoning farishtalari huzurida shodlik boʻladi.”
Darbadar oʻgʻil haqida masal
11Iso yana dedi: “Bir odamning ikki oʻgʻli bor ekan. 12Ularning kichigi otasiga:
— Ota, mol–mulkingizdan menga tegishli qismini bering, — debdi.
Otasi mol–mulkini ikki oʻgʻliga boʻlib beribdi.
13Oradan koʻp oʻtmay, kichik oʻgʻil bor narsasini yigʻishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U yerda shaloq yashab, mol–dunyosini koʻkka sovuribdi. 14Borini isrof qilgandan keyin, oʻsha mamlakatda ogʻir qahatchilik boshlanibdi. Yigit ham muhtojlikda qolibdi. 15U borib, oʻsha mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U odam esa yigitni oʻz dalasidagi choʻchqalarni#15:15 choʻchqalar — yahudiylar choʻchqalarni harom deb bilganlari uchun, choʻchqa boqish eng sharmandali ish hisoblanardi (Qonunlar 14:8 ga qarang). boqishga yuboribdi. 16Yigit choʻchqalar yeydigan qoʻzoqlar bilan qornini toʻydirishga ham zor boʻlibdi, lekin unga shuni ham ravo koʻrishmas ekan.
17Nihoyat yigit aqlini yigʻib olib, oʻziga oʻzi debdi:
— Otamning qanchadan–qancha yollanma ishchilarining noni oshib–toshib yotibdi, men esa bu yerda ochlikdan oʻlyapman. 18Endi otamning oldiga borib, unga shunday deb aytaman: “Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. 19Endi sizning oʻgʻlingiz deb atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qiling.”
20Yigit otasi oldiga ravona boʻlibdi. Yigit hali uzoqda kelar ekan, otasi uni koʻrib, oʻgʻliga rahmi kelibdi. U yugurib borib, oʻgʻlini quchoqlab, oʻpibdi.
21Keyin oʻgʻli otasiga aytibdi:
— Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning oʻgʻlingiz deb atalishga loyiq emasman.
22Otasi esa xizmatkorlariga buyuribdi:
— Tez boʻlinglar, eng nafis toʻn keltirib yelkasiga yopinglar, qoʻliga uzuk taqinglar, oyoqlariga choriq kiygizinglar. 23Boʻrdoqi buzoqni olib chiqib, soʻyinglar. Yeb–ichaylik, xursandchilik qilaylik. 24Chunki bu oʻgʻlim men uchun oʻlgan edi, endi tirildi, yoʻqolgan edi, endi topildi.
Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar. 25Katta oʻgʻil shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulogʻiga musiqa va oʻyin–kulgi sadolari eshitilibdi. 26Xizmatkorlardan birini chaqirib:
— Nima gap? — deb soʻrabdi.
27— Ukangiz qaytib keldilar. Otangiz uni sogʻ–salomat koʻrgani uchun boʻrdoqi buzoqni soʻydilar, — deb javob beribdi xizmatkor.
28Shunda katta oʻgʻilning jahli chiqibdi, ichkariga kirishdan bosh tortibdi. Otasi esa tashqariga chiqib, oʻgʻliga oʻtinib gapiribdi. 29Ammo u otasiga shunday javob beribdi:
— Menga qarang! Shuncha yildan beri sizga qulday ishlab kelaman. Birorta gapingizni yerda qoldirmadim. Lekin doʻstlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloqcha ham bermadingiz. 30Ammo mol–mulkingizni fohishalar bilan yeb, yoʻq qilgan anavi oʻgʻlingiz qaytib kelganda, siz boʻrdoqi buzoqni soʻydirdingiz!
31Otasi unga shunday javob beribdi:
— Oʻgʻlim! Sen doimo men bilan birgasan. Mening bor narsam seniki. 32Bugun esa bayram qilib, xursand boʻlishimiz kerak. Axir, bu ukang biz uchun oʻlgan edi, endi tirildi, yoʻqolgan edi, endi topildi.”

Selectat acum:

Luqo 15: O‘zbMK

Evidențiere

Partajează

Copiază

None

Dorești să ai evidențierile salvate pe toate dispozitivele? Înscrie-te sau conectează-te