YouVersion
Pictograma căutare

Luqo 14

14
14–BOB
Iso Shabbat kuni xastaga shifo beradi
1Bir Shabbat kuni Iso farziylar rahnamolaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni diqqat bilan kuzatib oʻtirishardi. 2Isoning oldiga istisqo dardidan qoʻl–oyoqlari shishib ketgan bir odam kelib qoldi. 3Iso Tavrot tafsirchilaridan va farziylardan soʻradi:
— Qonunimizga koʻra, Shabbat kuni odamga shifo berish mumkinmi yoki yoʻqmi?
4Ular esa indamadilar.
Iso xasta odamga qoʻl tekkizib, shifo berdi va uni joʻnatib yubordi. 5Soʻng ularga dedi:
— Birortangizning farzandingiz#14:5 farzandingiz — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida eshagingiz. yoki molingiz quduqqa tushib ketsa, Shabbat kuni boʻlishiga qaramay, uni darhol chiqarib olmaysizlarmi?!
6Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar.
Kamtarlik va mehmondoʻstlik
7Mehmonlar toʻrdan joy tanlashga intilayotgan edilar. Iso buni koʻrib, shunday masal aytdi: 8“Sizni toʻy ziyofatiga taklif qilishganda, toʻrga chiqib olmang. Mehmonga chaqirilganlar orasida sizdan ham hurmatliroq boshqasi boʻlishi mumkin. 9Ikkovingizni taklif qilgan mezbon kelib, sizga:
— Joyingizni bu odamga boʻshatib bering, — deb aytishi mumkin. Shunda siz xijolat tortib, poygakda oʻtirishga majbur boʻlasiz. 10Shuning uchun taklif etilganingizda, poygakda oʻtiring, toki mezbonning oʻzi kelib sizga:
— Doʻstim, iltimos toʻrga chiqing, — deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar koʻzida sizning hurmatingiz oshadi. 11Zotan, oʻzini oʻzi yuksaltirgan kamsitiladi, oʻzini past tutgan esa yuksaltiriladi.”
12Iso Oʻzini taklif qilgan xonadon sohibiga aytdi:
— Tushki yo kechki ziyofat berganingizda, doʻstlaringizni yoki aka–ukalaringizni, qarindosh–urugʻlaringizni yo boʻlmasa, boy qoʻshnilaringizni taklif qilmang. Aks holda, ular ham sizni mehmonga chaqirib, qilgan yaxshiligingizni qaytaradilar. 13Aksincha, ziyofat berganingizda, kambagʻal–qashshoqlarni, choʻloq, shollarni, koʻrlarni taklif qiling. 14Shunda baxtli boʻlasiz. Chunki ular qilgan yaxshiligingizni qaytara olmasalar–da, solihlar tirilgan zamonda buning savobini koʻrasiz.
Toʻkin ziyofat haqida masal
15Dasturxon atrofida oʻtirgan mehmonlardan biri Isoning bu soʻzlarini eshitib, Unga dedi:
— Xudoning Shohligida ziyofat yeydigan kishi baxtlidir!
16Iso oʻsha odamga shunday dedi: “Bir odam katta ziyofat tayyorlab, koʻpchilikni taklif etibdi. 17Ziyofat vaqti boʻlganda:
— Kelinglar, dasturxon tayyor boʻldi, — deb mehmonlarni chaqirgani xizmatkorini yuboribdi. 18Ammo taklif qilinganlarning hammasi birday uzr soʻray boshlabdilar. Birinchisi unga debdi:
— Men yer sotib olgan edim, oʻsha yerni koʻrgani borishim kerak. Iltimos, meni kechiring.
19Boshqasi esa:
— Men besh juft hoʻkiz sotib oldim, ularni sinagani ketyapman. Iltimos, meni kechiring, — debdi. 20Yana boshqasi:
— Men yangi uylandim, shuning uchun bora olmayman, — debdi.
21Xizmatkor qaytib kelib, xoʻjayiniga axborot beribdi. Shunda uy sohibi gʻazablanib, xizmatkoriga buyuribdi:
— Hoziroq shahar koʻchalarini, yoʻlaklarini aylanib chiq. Qashshoq, choʻloq, koʻr va shollarni bu yerga olib kel.
22Bir oz vaqtdan keyin xizmatkor shunday deb keldi:
— Xoʻjayin, buyurganlaringizni bajardim, lekin yana boʻsh joy qoldi.
23Shunda xoʻjayin xizmatkoriga aytibdi:
— Yoʻllarga, yoʻlaklarga bor, odamlarni koʻndirib olib kel, toki uyim toʻlsin. 24Sizlarga aytay: taklif qilinganlarning birortasi ham ziyofat taomlaridan aslo totib koʻrmaydi#14:24 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Chunki daʼvat etilganlar koʻp, ammo tanlanganlar ozdir..”
Shogirdlikning qiymati
25Katta bir olomon Isoga ergashib ketayotgan edi. Iso ularga qarab dedi: 26“Menga ergashgan odam Meni ota–onasidan, xotini va bola–chaqasidan, aka–uka va opa–singillaridan, hatto oʻz jonidan ortiq sevishi kerak#14:26 Meni…sevishi kerak — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Ota–onasidan, xotini va bola–chaqasidan, aka–uka va opa–singillaridan, hatto oʻz jonidan nafratlanishi kerak. Biroq Iso bu soʻzlari bilan izdoshlarini tugʻishgan jigarlaridan yoki oʻzlaridan nafratlanishga undamoqchi emas. Nafrat soʻzi bu oʻrinda mubolagʻa tarzida ishlatilgan boʻlib, shogirdlarning Isoga boʻlgan sevgisi birinchi darajali va nihoyatda yuksak boʻlishi kerakligini koʻrsatmoqchi., aks holda, u Mening shogirdim boʻlolmaydi. 27Oʻz xochini koʻtarib#14:27 Oʻz xochini koʻtarib… — 9:23 izohiga qarang., ortimdan yurmagan odam ham Mening shogirdim boʻlolmaydi.
28Sizlardan birortangiz minora qurmoqchi boʻlsangiz, uni bitirish uchun mablagʻ yetarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi? 29Aks holda, siz poydevor yotqizasiz–u, minorani bitkaza olmaysiz. Buni koʻrganlarning hammasi ustingizdan kulib, shunday deb aytishadi: 30«Bu odam qurilishni boshladi, ammo bitira olmadi.»
31Yoki qaysi shoh boshqa bir shohga qarshi urushga chiqishdan avval oʻtirib: «Dushman yigirma ming askari bilan menga qarshi kelyapti, men oʻn ming askarim bilan unga bas kela olamanmi?» deb oʻylamaydimi?! 32Kuchi yetmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib, sulh tuzaylik, deb iltimos qiladi. 33Xuddi shu singari, bor mol–mulkingizdan kechmasangiz, birontangiz ham Mening shogirdim boʻla olmaysiz.
Tuz haqida
34Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz oʻz taʼmini yoʻqotsa, uni yana qanday shoʻr qilib boʻladi?! 35Bunday tuz yerga ham, goʻngga ham yaramaydi, uni tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”

Selectat acum:

Luqo 14: O‘zbMK

Evidențiere

Partajează

Copiază

None

Dorești să ai evidențierile salvate pe toate dispozitivele? Înscrie-te sau conectează-te