Ibtido 2
2
2–BOB
1Shunday qilib, osmon bilan yer hamda ulardagi jamiki narsalar yaratildi. 2-3Yettinchi kuni Xudo barcha yaratish ishlarini bitirib, dam oldi. Xudo yettinchi kuni hamma ishlaridan dam olgani uchun bu kunni muborak qildi, uni muqaddas deb boshqa kunlardan ajratdi.
4Osmon bilan yerning#2:4 Osmon bilan yer — 1:1 izohiga qarang. yaratilishi ana shulardan iboratdir.
Adan bogʻi
Parvardigor Egamiz osmon bilan yerni yaratgan paytda 5yer yuzida na biron oʻt, na biron giyoh ungan edi. Chunki Parvardigor Egamiz hali yerga yomgʻir yogʻdirmagan, yerga ishlov beradigan biron kimsa yaratmagan edi. 6Lekin yer ostidan suv chiqib#2:6 …suv chiqib… — yoki …bugʻ koʻtarilib…., butun yer yuzini sugʻorardi. 7Shundan keyin Parvardigor Egamiz yerning tuprogʻidan odamni#2:7 odam — ibroniycha matndagi odam (adam) va tuproq (adama) soʻzlari ohangdoshdir. yasadi va uning burun teshigidan puflab, jon ato etdi. Shunday qilib, odam tirik jon boʻldi. 8Parvardigor Egamiz sharqda — Adan degan joyda bogʻ barpo qilib, Oʻzi yaratgan odamni oʻsha boqqa qoʻydi. 9Keyin Parvardigor Egamiz yerdan chiroyli, lazzatli meva beradigan har xil daraxtlarni oʻstirdi. Bogʻning oʻrtasida esa hayot daraxtini va yaxshilik bilan yomonlikni bilish daraxtini oʻstirdi.
10Adandan bir daryo oqib kelib, bogʻni sugʻoradi va oʻsha yerda toʻrt irmoqqa boʻlinadi. 11Birinchi irmoqning nomi Pishon boʻlib, butun Xavila yeri boʻylab oqadi. Bu joyda oltin bor. 12Oʻsha yerning oltini juda ham tozadir. U yerda marvarid#2:12 marvarid — yoki xushboʻy yelim. va aqiq toshlar ham bor. 13Ikkinchi irmoqning nomi Gixoʻn boʻlib, butun Kush#2:13 Kush — ibroniycha matnda Kush soʻzi odatda Misrdan janubda joylashgan yerlarni bildiradi. Bu yerlar hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. Biroq bu oyatda hozirgi Eronning gʻarbidagi yerlar nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. yeri boʻylab oqadi. 14Uchinchi irmoqning nomi Dajla boʻlib, Ossuriya shahrining sharqidan oqib oʻtadi. Toʻrtinchi irmoqning nomi Furotdir.
15Shunday qilib, Parvardigor Egamiz, bu odam boqqa ishlov bersin, parvarish qilsin deb, uni Adan bogʻiga joylashtirdi. 16Parvardigor Egamiz unga shunday amr qildi: “Sen bogʻdagi hamma daraxtning mevasidan bemalol yeyaver. 17Lekin yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, oʻlasan.”
18Soʻngra Parvardigor Egamiz: “Odamning yolgʻiz boʻlishi yaxshi emas, unga munosib sherik yarataman”, dedi. 19Shunday qilib, U tuproqdan har xil hayvonlarni va har xil qushlarni yaratdi. “Bu jonivorlarni odam koʻrib qanaqa nom berarkin”, deya ularni odamning oldiga olib keldi. Odam har bir jonivor uchun nom tanladi. 20Odam hamma chorvaga, qushlarga va yovvoyi hayvonlarga nom berdi. Lekin hamon odamga munosib sherik yoʻq edi. 21Shu boisdan Parvardigor Egamiz uni qattiq uxlatib qoʻydi. Odam uxlab yotganda, Xudo uning qovurgʻasidan bittasini olib, oʻrnini berkitib qoʻydi. 22Parvardigor Egamiz odamning qovurgʻasidan xotin kishini yaratdi va uni odamning oldiga olib keldi. 23Shunda odam aytdi:
“Nihoyat, bu mening suyaklarimdan paydo boʻlgan suyakdir,
Mening etimdan yaralgan etdir.
U Xotin deb atalgay,
Chunki u erkakdan#2:23 …Xotin…erkakdan… — ibroniycha matndagi xotin (isha) va erkak (ish) soʻzlari ohangdoshdir. yaratilgandir.”
24Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan boʻlak boʻlib, xotiniga bogʻlanib qoladi, ikkalasi bir tan boʻladilar.
25Odam bilan xotini qip–yalangʻoch yurardilar, bir–birlaridan uyalish hissini sezmasdilar.
S'ha seleccionat:
Ibtido 2: O‘zbMK
Subratllat
Comparteix
Copia
Vols que els teus subratllats es desin a tots els teus dispositius? Registra't o inicia sessió
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020