Filimoʻn 1
1
1–BOB
Duoyi salom
1Iso Masihga qilgan xizmatim tufayli qamoqda boʻlgan#1:1 qamoqda boʻlgan — bu paytda Pavlus Rimda mahbus boʻlgani ehtimoldan holi emas (Havoriylar 28:16, 30 ga qarang). men — Pavlusdan hamda birodarimiz Timoʻtiydan#1:1 Timoʻtiy — ilk jamoatning yetakchisi boʻlib, havoriy Pavlusning hamkori (Havoriylar 16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang). sevikli hamkorimiz Filimoʻnga salom! 2Singlimiz#1:2 Singlimiz — ularning tugʻishgan singlisi emas, balki imonli ayollarga shunday murojaat qilingan. Affiya bilan safdoshimiz Arxippusga, shuningdek, xonadoningda yigʻilib turadigan imonlilar jamoatiga ham salom yoʻllaymiz. 3Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Xudoga shukrona
4Ey Filimoʻn, men ibodat qilganimda seni eslab, har doim Xudoyimga shukur aytaman. 5Chunki sening Rabbimiz Isoga boʻlgan imoning va barcha aziz birodarlarga boʻlgan muhabbating haqida eshitib turibman. 6Ibodatim shuki, birgalikda baham koʻrayotgan imonimiz sening hayotingda samara bersin. Iso Masih uchun qilishimiz kerak boʻlgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin. 7Birodarim, sen tufayli birodarlarning koʻngli tinch. Sening mehr–muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi.
Pavlus qul Oʻnisimus uchun iltimos qiladi
8Filimoʻn, sen ham, men ham Masihga ishonamiz. Shuning uchun men senga, oʻz burchingni bajargin, deb buyurishga haddim sigʻadi. 9Ammo sen meni yaxshi koʻrganing uchun iltimos qilishni afzal koʻrdim. Iso Masih tufayli qamoqda boʻlgan, yoshi oʻtib qolgan men, Pavlus, 10mahbusligimda imon orqali menga oʻgʻil boʻlib qolgan Oʻnisimus#1:10 Oʻnisimus — Pavlus Rimda mahbus boʻlganda Oʻnisimus u orqali imonga kelgan va shu sababdan Pavlusga juda yaqin boʻlib qolgan edi. Kolosaliklar 4:9 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. uchun sendan iltimos qilyapman. 11-12Oʻnisimus bir vaqtlar senga foydasiz edi. Endi esa u senga ham, menga ham foydalidir#1:11-12 foydasiz…foydali — Oʻnisimus ismining maʼnosi foydali boʻlib, bu oyatlarda soʻz oʻyini ishlatilgan.. Koʻzimning oqu qorasiday boʻlib qolgan Oʻnisimusni sening oldingga qaytarib yubordim.
13Men Xushxabarni targʻib qilganim uchun qamoqda yotibman. Oʻnisimusning yonimda qolishini, sening oʻrningga menga xizmat qilishini xohlar edim. 14Ammo sening roziligingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim, chunki sening iltifotingni majburiy emas, balki ixtiyoriy boʻlishini istadim. 15Balki, sen Oʻnisimusni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir#1:15 Balki, sen Oʻnisimusni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir — Oʻnisimus Filimoʻnning uyidan qochib ketganda hali masihiy emas edi. U Rimda imonga kelib, Filimoʻnning oldiga masihiy birodar sifatida qaytib ketayotgan edi. Endi ular imonli birodarlar boʻlib, Masihda abadiy hayotga ega edilar va ularning oʻzaro munosabati butunlay oʻzgargan edi.. 16Endi u senga faqatgina qul emas, balki quldan yuqori, sevikli birodaringdir. Men uni juda qadrlayman. Ishonchim komilki, u senga qul sifatida ham, Rabbimiz Iso orqali birodaring sifatida ham yanada qadrliroqdir.
17Agar sen meni Rabbimiz xizmatidagi safdoshing deb bilsang, Oʻnisimusni meni qabul qilganday qabul qilgin. 18Mabodo, u senga zarar keltirgan boʻlsa yoki sendan qarzdor boʻlsa, buni mening zimmamga yukla. 19Men, Pavlus, quyidagini oʻz qoʻlim bilan yozyapman#1:19 …oʻz qoʻlim bilan yozyapman — 1 Korinfliklar 16:21 izohiga qarang.: men qarzingni toʻlayman. Sen oʻz hayoting uchun#1:19 …oʻz hayoting uchun… — Filimoʻn Pavlus orqali Iso Masihga imon keltirgan boʻlishi mumkin. mendan qarzdor ekanligingni aytishimning esa hojati yoʻq. 20Ha, birodarim, Rabbimiz Iso tufayli mendan bu iltifotingni ayama! Masih haqi–hurmati jonimga oro kirgin! 21Sen mening soʻzlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham koʻprogʻini bajarasan, deb ishonganim uchun bularni yozdim.
22Bundan tashqari, menga biror turar joy ham tayyorlab qoʻygin. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga ishonaman.
Soʻnggi salomlar
23-24Men bilan birga Iso Masih nomi uchun mahbus boʻlgan Epafras, hamkorlarim Mark#1:23-24 Mark — Kolosaliklar 4:10 ning oxirgi izohiga qarang., Aristarxus, Dimas, Luqo#1:23-24 Luqo — Kolosaliklar 4:14 izohiga qarang. senga salom yoʻllayaptilar.
25Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor boʻlsin#1:25 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin..
Currently Selected:
Filimoʻn 1: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020