YouVersion Logo
Search Icon

Luqo 16

16
16–BOB
Pishiq ish boshqaruvchi haqida masal
1Iso shogirdlariga shunday dedi: “Bir boy odamning ish boshqaruvchisi bor ekan. Boyga, ish boshqaruvchingiz mol–mulkingizni sovurib yuribdi degan xabar yetib keldi. 2Boy odam ish boshqaruvchisini chaqirib, unga shunday debdi:
— Sen haqingda baʼzi gaplarni eshitdim. Bu nimasi?! Menga boshqaruving toʻgʻrisida hisobot ber, endi ishlarimni sen boshqarmaysan.
3Shunda ish boshqaruvchi oʻziga oʻzi debdi:
— Xoʻjayinim meni ishdan boʻshatyapti. Endi nima qilaman? Yer chopishga kuchim yetmaydi, sadaqa soʻrashga uyalaman. 4Eha, topdim! Bir ish qilaman, shunda boʻshatilganimdan keyin odamlar uylarining eshiklarini men uchun ochib berishadi.
5U vaqtni boy bermay, xoʻjayinning qarzdorlarini birma–bir chaqiribdi. Birinchisidan soʻrabdi:
— Xoʻjayinimdan qancha qarzing bor?
6— Ikki yuz koʻza zaytun moyi, — deb javob beribdi u.
— Tilxatingni ol, tezda oʻtirib yuz koʻza#16:6 Ikki yuz koʻza…yuz koʻza… — yunoncha matnda Yuz bat…ellik bat…, taxminan 2200 litrga va 1100 litrga toʻgʻri keladi. deb yoz! — debdi unga ish boshqaruvchi. 7Keyin boshqasidan ham soʻrabdi:
— Sening qancha qarzing bor?
— Ming togʻora bugʻdoy, — deb javob beribdi u. Unga ham:
— Tilxatingni ol, sakkiz yuz togʻora#16:7 Ming togʻora…sakkiz yuz togʻora… — yunoncha matnda Yuz kor…sakson kor…, taxminan 22 tonnaga va 18 tonnaga toʻgʻri keladi. deb yoz! — debdi ish boshqaruvchi.
8Ha, ayyor ish boshqaruvchi ishini boplab bajardi! Chindan ham bu dunyoning odamlari zamondoshlari orasida nur ahliga#16:8 nur ahli — Osmon Shohligidan bahramand boʻladigan Xudoning xalqiga ishora. qaraganda oʻz ishiga ancha pishiqdirlar.
9Men sizlarga aytaman: bu dunyoning boyligidan foydalanib doʻst orttiringlar, toki bu boylik tugagach, Xudo sizni abadiy maskaniga qabul qilsin. 10Kichik ishda sadoqatli boʻlgan odam katta ishda ham sadoqatli boʻladi. Kichik ishda sadoqatsiz boʻlgan esa katta ishda ham sadoqatsiz boʻladi. 11Agar sizga bu dunyoning boyligini ishonib topshirib boʻlmasa, kim sizga haqiqiy boylikni ishonib topshiradi?! 12Agar sizga boshqalarning narsasini ishonib topshirib boʻlmasa, oʻzingizga atalgan narsani sizga kim beradi?!
13Hech qanday xizmatkor ikki xoʻjayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon koʻrib, boshqasini yaxshi koʻradi, yoki biriga bagʻishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.”
14Pulparast farziylar bularni eshitib, Isoni mazax qildilar. 15Iso ularga dedi: “Sizlar odamlar oldida oʻzingizni taqvodor qilib koʻrsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Odamzod koʻkka koʻtargan narsalar Xudoning nazarida jirkanchdir.
16Yahyo va undan oldin kelganlar Tavrot va Paygʻambarlar bitiklarini#16:16 Tavrot va Paygʻambarlar bitiklari — odatda Eski Ahd kitoblari toʻplami shu nom bilan ataladi (24:44 izohiga qarang). eʼlon qilganlar. Endi esa Xudoning Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabar eʼlon qilinmoqda va har bir odam bu Shohlikka kirishga undalmoqda. 17Biroq Tavrotdan bir nuqtaning yoʻqolishidan koʻra, yeru osmonning yoʻqolishi osonroqdir.
18Kim oʻz xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, zino qilgan boʻladi. Shuningdek, eri bilan ajrashgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan boʻladi.
Boy va Lazar haqida masal
19Bir boy odam bor ekan. U qimmatbaho liboslar kiyib yurar, har kuni dabdabali hayot kechirar ekan. 20Boyning darvozasi oldida butun badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan. 21U boy dasturxonidan toʻkilgan ushoqlar bilan qorin toʻydirishni orzu qilar ekan. Itlar kelib uning yaralarini yalab ketar ekan.
22Bir kuni gadoy oʻlib qolibdi, farishtalar uni Ibrohimning yoniga olib ketibdilar. Keyin boy ham oʻlib, dafn qilinibdi.
23Jahannamda azob chekayotgan boy boshini koʻtarib, uzoqda Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni koʻribdi. 24Soʻng shunday deb faryod qilibdi:
— Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuboring. U barmogʻining uchini suvga botirib, tilimga tomizsin. Bu alanga ichida azob chekyapman!
25Ibrohim unga shunday deb javob beribdi:
— Unutma, oʻgʻlim, sen hayotligingda hamma yaxshi narsalaringni olib boʻlding, Lazar esa faqat yomonlik koʻrdi. Endi u bu yerda tasalli topyapti, sen boʻlsang, azob chekyapsan. 26Bundan tashqari, sen bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu yerdan siz tomonga oʻtmoqchi boʻlganlar oʻta olmaydilar va u yerdan biz tomonga ham oʻtmaydilar.
27Shunda boy aytibdi:
— Unday boʻlsa, ey ota, sizdan oʻtinib soʻrayman, Lazarni otamning uyiga yuboring. 28Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qoʻysin.
29Ibrohim javob beribdi:
— Ularda Musoning va paygʻambarlarning bitiklari#16:29 Musoning va paygʻambarlarning bitiklari — shu bobning 16–oyati izohiga qarang. bor–ku, oʻshalarga quloq solishsin.
30Boy esa:
— Yoʻq, Ibrohim ota, ular quloq solmaydilar. Ammo oʻliklardan biri ularning oldiga borsa, oʻshanda tavba qiladilar, — debdi. 31Ibrohim shunday debdi:
— Agar Muso va boshqa paygʻambarlarning soʻzlariga quloq solmagan boʻlsalar, oʻliklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar.”

Currently Selected:

Luqo 16: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in