YouVersion Logo
Search Icon

Yoshua Kirish

Kirish
Yoshua kitobida Isroil xalqining tarixi bayon etilgan boʻlib, kitobdan oʻrin olgan voqealar Musoning Tavrot kitobidagi voqealarning uzviy davomidir. Isroil xalqi Xudo Ibrohimga vaʼda qilgan Kanʼon yurtiga kirib, uni zabt eta boshlaydi. Mazkur kitobda nafaqat tarixiy dalillar, balki Xudoning Oʻz xalqi bilan boʻlgan jonli munosabati, vaʼdalariga sodiqligi, bevafo xalqiga koʻrsatgan mehr–shafqati bayon qilingan.
Bu kitobning bosh qahramoni Nun oʻgʻli Yoshuadir. Musoning oʻlimidan keyin Yoshua Isroil xalqining yoʻlboshchisi qilib tayinlangan edi. Yoshua ismi “Egamiz qutqaradi” degan maʼnoni bildiradi. Kitobning shu nom bilan atalishi ham bejiz emas, chunki Xudoning Oʻzi xalqini dushmanlaridan qutqarib, sanoqsiz janglarda ularga gʻalaba ato qiladi. Gʻalaba harbiy kuch va salohiyat tufayli emas, balki Xudoga boʻlgan ishonch va Uning soʻziga itoatkorlik tufayli nasib boʻlishini Isroil xalqi oʻz tajribasidan bilib oladi.
Kitobning boshida (1-12–boblar) Yoshua Isroil xalqini Kanʼon yurtiga olib kirgani va yurtning aksariyat qismini zabt etgani haqida hikoya qilinadi. Kitobning bu qismida koʻp moʻjizalar haqida soʻz yuritiladi, masalan, Yerixo shahri uchun boʻlgan jangda Xudoning qudrati bilan shahar devorlari oʻpirilib tushadi, Givon shahri uchun boʻlgan jangda Xudo osmondan yirik doʻl yogʻdirib, dushman jangchilarini ezib tashlaydi, quyoshni bir joyda toʻxtatib qoʻyadi.
Kitobning davomida (13-25–boblar) Kanʼon yurtining yerlari Isroil qabilalari orasida taqsimlanishi haqida soʻz boradi. Muso davrida Isroil xalqining Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi Iordan daryosining sharqidagi yerlarga oʻrnashib olgan edilar. Endi Yoshua Iordan daryosining gʻarbidagi yerlarni qolgan toʻqqizta qabila va Manashe qabilasining ikkinchi yarmiga taqsimlab beradi. Levi qabilasi Xudoga xizmat qilgani bois, ularga boshqa qabilalar qatori yer ulush qilib berilmaydi. Yurtdan ulush berish oʻrniga, Yoshua levilarga butun yurt boʻylab yashashlari uchun shahar va qishloqlarni ajratib beradi. Oradan ancha yillar oʻtgandan keyin, hayotining soʻnggi damlarida Yoshua xalqni Xudoga sadoqatli boʻlishga, faqat Unga sajda qilishga chaqiradi.

Currently Selected:

Yoshua Kirish: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in