YouVersion Logo
Search Icon

Yunus 1

1
1–BOB
Yunus Egamizga itoat etmadi
1Bir kuni Amitay oʻgʻli Yunusga Egamiz shu soʻzlarni ayon qildi: 2“Qani, boʻl, qudratli Naynavo shahriga#1:2 Naynavo shahri — Ossuriya shohligining poytaxti boʻlib, Dajla daryosining sharqiy qirgʻogʻida joylashgan edi. Bu shahar Nineviya nomi bilan ham maʼlum. Ossuriya Isroilga ashaddiy dushman edi. bor. Jar solib, u yerdagilarni ogohlantir, chunki shahar ahli qilgan qabihliklar Menga yetib keldi.”
3Yunus yoʻlga tushdi, lekin Egamizdan qochib boshqa tomonga ketmoqchi boʻldi. U Yaffaga#1:3 Yaffa — Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan boʻlib, Quddus uchun bandargoh vazifasini oʻtagan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BANDARGOH soʻziga qarang. kelib, u yerda Tarshishga#1:3 Tarshish — hozirgi Ispaniyaning hududida joylashgan bandargoh shahar boʻlib, Naynavodan juda uzoqda, tamomila teskari tomonda edi. boradigan kemani topdi. Yoʻl haqini toʻladi–da, Egamizdan qochib Tarshishga suzib ketgani kemachilar bilan kemaga chiqdi.
4Ammo Egamiz shunday kuchli shamol qoʻzgʻatdiki, dengizda dahshatli boʻron boshlandi. Boʻron kemani parchalab yuboray derdi. 5Bundan kemachilar vahimaga tushib, har biri oʻz xudosiga yolvordi. Keyin, kema yengillashsin deb, u yerdagi yuklarni dengizga uloqtira boshladilar. Yunus esa kemaning ichkarisiga kirib, qattiq uyquga ketgan edi. 6Bir payt kema dargʻasi Yunusning yoniga kelib: “Nega sen uxlab yotibsan? Tur, xudoyingga yolvor! Balki u bizlarni eslasa, halok boʻlmasmiz”, dedi.
7Kemadagilar esa bir–birlariga: “Kelinglar, qurʼa tashlaylik#1:7 …qurʼa tashlaylik… — qurʼa tashlashda yogʻoch boʻlaklari yoki toshlar ishlatilgan boʻlib, shu orqali biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligi aniqlangan. Bu vaziyatda qurʼa orqali aybdor kim ekanligi maʼlum boʻlgan., shunda bu falokat kim sababli boshimizga kelganini bilamiz”, dedilar. Qurʼa tashlagan edilar, qurʼa Yunusga tushdi.
8Keyin Yunusdan soʻradilar: “Bizga ayt–chi, nima sababdan boshimizga bu falokat tushdi? Sen kimsan? Qayerdan kelyapsan? Qaysi yurtdansan? Qanaqa xalqdansan?”
9Yunus ularga shunday javob berdi: “Men ibroniyman, dengiz va quruqlikni yaratgan Samoviy Xudo — Egamga sigʻinaman.”
10Ular Yunusning Egamizdan qochib ketayotganini bilardilar. Chunki Yunusning oʻzi bu haqda ularga aytgan edi. Ular bu gapni eshitib, yana ham qattiqroq dahshatga tushdilar va unga: “Nega bunday qilding–a?!” dedilar.
11Kemadagilar Yunusga: “Dengiz tinchlanishi uchun seni nima qilsak ekan–a?” deb soʻradilar. Chunki dengiz yanada vahima bilan toʻlqinlanardi.
12Shunda Yunus kemadagilarga dedi: “Meni olib, dengizga uloqtirsangizlar, dengiz tinchlanadi. Bilaman, bu kuchli boʻron men tufayli boshlaringizga kelgan.”
13Kemadagilar esa kemani quruqlikka olib bormoqchi boʻlib rosa eshkak eshdilar, ammo bunga muvaffaq boʻla olmadilar, chunki dengiz ularga qarshi battar quturayotgan edi. 14Shunda ular Egamizga yolvordilar: “Ey Egamiz! Sen Oʻzingga maʼqul boʻlganini qilib, bizni shu ahvolga solding. Ey Egamiz! Senga iltijo qilamiz: shu odamning joni uchun bizlarni halok qilma, begunoh odamning oʻlimiga bizlarni javobgar qilma.”
15Shundan keyin Yunusni olib dengizga uloqtirgan edilar, dengiz tinchlanib qoldi. 16Bu voqeani odamlar koʻrgach, Egamizdan qattiq qoʻrqdilar. Unga qurbonlik qilib, nazr atadilar.

Currently Selected:

Yunus 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in