Yuhanno 10
10
10–BOB
Iso — yaxshi choʻpon
1Iso dedi: “Sizlarga chinini aytayin: kim qoʻy qoʻrasiga eshikdan kirmay, boshqa yoʻldan oshib tushsa, u oʻgʻri va bosqinchidir. 2Eshikdan kirgan odam esa qoʻylarning choʻponidir. 3Qorovul unga eshikni ochib beradi. Qoʻylar uning ovoziga quloq soladi. U esa oʻz qoʻylarini nomma–nom chaqirib, tashqariga olib chiqadi. 4U oʻz qoʻylarini qoʻradan olib chiqqanda, ularning oldida boraveradi. Qoʻylar esa unga ergashadi, chunki ular choʻponning ovozini biladilar. 5Begona kishiga esa ergashmaydilar. Aksincha, begonaning ovozini tanimay, undan qochadilar.”
6Iso bu matalni aytib berganda, tinglovchilar U nima demoqchi ekanligini tushunmadilar. 7Shu sababdan Iso yana dedi: “Sizlarga chinini aytay: Men qoʻylar uchun eshikman. 8Mendan oldin kelganlarning hammasi oʻgʻri va bosqinchi edilar. Lekin qoʻylar ularga quloq solmadilar. 9Men eshikman. Kim Men orqali kirsa, najot topadi. U kirib chiqib, yaylov ham topadi. 10Oʻgʻri faqat oʻgʻirlash, boʻgʻizlash, barbod qilish uchun keladi. Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman.
11Men yaxshi choʻponman. Yaxshi choʻpon qoʻylari uchun jonini fido qiladi. 12Yollangan odam esa qoʻylarning na choʻponi, na egasidir. U boʻrining kelganini koʻrgach, qoʻylarni tashlab qochadi. Boʻri esa qoʻylarni talab, tumtaraqay qiladi. 13Yollangan odam shunchaki yollangan boʻlgani uchun va qoʻylar haqida qaygʻurmagani uchun qochadi.
14-15Men yaxshi choʻponman. Osmondagi Otam Meni va Men Otamni bilganimday, Men qoʻylarimni bilaman, ular ham Meni biladilar. Men qoʻylarim uchun jonimni fido qilaman. 16Bu qoʻrada boʻlmagan boshqa qoʻylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular ham Mening ovozimga quloq soladi, shunda bir suruv, bir choʻpon boʻladi. 17Men jonimni qaytib olishim uchun uni fido qilaman, shu bois Otam Meni yaxshi koʻradi. 18Hech kim jonimni Mendan tortib ololmaydi. Men Oʻz ixtiyorim bilan uni fido qilaman. Jonimni berishga va uni qaytarib olishga hokimiyatim bor. Buni Menga Otam buyurgan.”
19Isoning bu soʻzlari tufayli, yahudiylar orasida yana kelishmovchilik kelib chiqdi. 20Oralaridan koʻpchilik:
— Uni jin uribdi, U aqldan ozgan! Nega Unga quloq solyapsizlar? — der edilar. 21Boshqalari esa:
— Bu jin urganning soʻzlari emas. Jin koʻr odamning koʻzlarini ocha olarmidi?! — deb aytishardi.
Isoni rad qilishadi
22Oʻsha vaqtda Quddusda Maʼbadni bagʻishlash bayrami#10:22 Maʼbadni bagʻishlash bayrami — bu bayramning yana bir nomi Xanuka. Xanuka bayrami Xislav oyida — ibroniy kalendarining toʻqqizinchi oyi, 25 kunida boshlanib, 8 kun nishonlanardi. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan noyabrning oʻrtasidan boshlanadi. Maʼbad Antiox IV tomonidan harom qilingandan keyin (Doniyor 9:27 ning oxirgi izohiga qarang), yahudiy vatanparvari Yahudo Makkavey tomonidan miloddan oldingi 165 yilda oʻz holiga keltirilib, Xudoga bagʻishlangan. Maʼbadning tiklanishi va Xudoga bagʻishlanishi Xanuka bayrami davomida nishonlanardi. nishonlanayotgan edi. Qish fasli edi. 23Iso Maʼbadda Sulaymon ayvoni#10:23 Sulaymon ayvoni — oldi ochiq, keng joy. Bu ayvon Maʼbad hovlisining sharqiy devori boʻylab qurilgan boʻlishi mumkin. Uning qator baland ustunlari boʻlgan. Shoh Hirod qurdirgan bu Maʼbadning loyihasi va rasmi lugʻatdan keyin ilova qilingan “Rasmlar va loyihalar” boʻlimida berilgan. degan joyda aylanib yurar edi. 24Yahudiylar Uning atrofini oʻrab oldilar.
— Qachongacha bizni ikkilantirasiz? Agar Masih boʻlsangiz, bizga ochigʻini ayting, — deyishdi.
25Iso ularga javob berdi:
— Men sizlarga aytdim, ammo sizlar ishonmayapsizlar. Osmondagi Otam nomidan qilayotgan ishlarim kimligimni koʻrsatib turibdi. 26Sizlar esa ishonmayapsizlar, chunki sizlar Mening qoʻylarimdan emassizlar. 27Mening qoʻylarim ovozimga quloq soladi. Men ularni taniyman, ular esa Menga ergashib yurishadi. 28Men ularga abadiy hayot beraman, ular hech qachon halok boʻlmaydilar. Hech kim ularni Mening qoʻlimdan tortib ololmaydi. 29Ularni Menga bergan Otam hammadan buyukdir. Otamning qoʻlidan ularni tortib olishga hech kimning kuchi yetmaydi. 30Men va Otam birmiz.
31Yahudiylar yana Isoni toshboʻron qilmoqchi boʻldilar.
32— Men sizlarga Ota buyurgan koʻp xayrli ishlarni koʻrsatdim, ularning qaysi biri uchun Meni toshboʻron qilmoqchisizlar? — deb soʻradi Iso. 33Yahudiylar Unga shunday deyishdi:
— Xayrli ishingiz uchun emas, kufrligingiz uchun Sizni toshboʻron qilmoqchimiz. Siz odam boʻla turib Oʻzingizni Xudo deyapsiz!
34Iso shunday javob qaytardi:
— Sizlar oʻzlaringiz doim oʻqiydigan Muqaddas bitiklarda#10:34 Muqaddas bitiklar — yunoncha matnda qonun. Baʼzan Eski Ahd kitoblari toʻplamiga nisbatan qonun soʻzi ishlatilgan.: “Aytdimki, hammangiz xudolarsiz”#10:34 Zabur 81:6 oyatga va Zabur 81:1 ning ikkinchi izohiga qarang., deb yozilgan emasmi?! 35Oʻzlaringiz bilasizlar: Muqaddas bitiklarni oʻzgartirib boʻlmaydi. Xudoning kalomini olgan odamlar “xudolar” deb atalgan–ku! 36Meni esa Otam Oʻzi uchun ajratib olib, dunyoga yuborgan. Men “Xudoning Oʻgʻliman#10:36 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang.” deganim uchun kufrlik qilgan boʻlamanmi?! 37Agar Men Otamning ishlarini qilmayotgan boʻlsam, Menga ishonmay qoʻya qolinglar. 38Bordi–yu, Uning ishlarini qilayotgan boʻlsam, Menga ishonmasangiz ham, qilayotgan ishlarimga ishoninglar. Shunda Ota Menda va Men Otada ekanimni bilib, anglab olasizlar.
39Ular yana Isoni ushlab olishga harakat qildilar, ammo Iso ularning changalidan qutulib qoldi.
40Soʻng Iso Iordan daryosining sharq tomoniga, ilgari Yahyo odamlarni choʻmdirib yurgan joyga qaytib borib, u yerda qoldi. 41Uning oldiga koʻp odamlar kelishardi. Ular shunday deb aytishardi: “Yahyo hech qanday moʻjizali alomat koʻrsatmagan edi, lekin Yahyoning bu Odam haqida aytgan hamma gapi toʻgʻri chiqdi.” 42Shunday qilib, oʻsha yerdagi koʻp odamlar Isoga ishondilar.
Currently Selected:
Yuhanno 10: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020