YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 3

3
3–BOB
Yurtda qolgan oʻzga xalqlar
1-2Egamiz, Kanʼon yurtida boʻlib oʻtgan bironta urushda qatnashmagan Isroil xalqini sinay, hech qachon urush koʻrmagan bu yangi avlodga jangni oʻrgatay deb, quyidagi xalqlarni qoldirgan edi: 3beshta Filist begini#3:3 beshta Filist begi — bu beklar Filistlarning Gʻazo, Ashdod, Ashqalon, Gat va Exron degan shaharlarida hukmronlik qilardilar (Yoshua 13:3 ga qarang)., barcha Kanʼon xalqlarini, Sidonliklar va Baal–Xermon togʻidan to Levo–Xomatgacha#3:3 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni. Lubnon qirlarida yashagan Xiv xalqini. 4Ular yordamida Egamiz Oʻz xalqi Isroilni sinab, Muso orqali ota–bobolariga bergan amrlarga itoat qilish–qilmasligini koʻrmoqchi edi. 5Shunday qilib, Isroil xalqi Kanʼon, Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlarining orasida yashadi. 6Ular oʻsha xalqlar bilan apoq–chapoq boʻlib, qiz olib, qiz berishardi, hatto xudolariga ham sigʻinishardi.
Oʻtniyol
7Isroil xalqi Egamizning oldida qabih ishlar qilar edi. Ular oʻzlarining Egasi Xudoni eslaridan chiqarib, Baal va Asheraning#3:7 Ashera — Kanʼondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi boʻlib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida boʻlib, yogʻochdan yasalgan edi. tasvirlariga sigʻinishar edi. 8Bundan gʻazablangan Egamiz ularni Oram–Naxrayim#3:8 Oram–Naxrayim — ibroniychadagi maʼnosi Ikki daryoning Orami demakdir. Bu yer Furot daryosi boʻyida joylashgan boʻlib, hozirgi Suriya mamlakatining shimoliy qismini va hozirgi Turkiyaning janubi–sharqiy qismini qamrab olardi. shohi Kushonrishtamga tobe qilib qoʻydi. Ular sakkiz yil davomida Kushonrishtamning xizmatida boʻlishdi. 9Ammo Isroil xalqi Egamizga iltijo qilgach, Egamiz ularga qutqaruvchi qilib Oʻtniyolni yubordi. Oʻtniyol Xolibning jiyani, aniqrogʻi, kenja ukasi Xanazning oʻgʻli edi. 10Egamizning Ruhi Oʻtniyolni qamrab oldi. Oʻtniyol Isroil xalqiga hakam#3:10 hakam — 2:16 izohiga qarang. boʻldi. Oʻtniyol shoh Kushonrishtamga qarshi jang qilib, uni yengdi, chunki Egamiz shohni uning qoʻliga bergan edi. 11Shundan keyin yurtda qirq yil tinchlik, osoyishtalik boʻldi. Soʻng Xanaz oʻgʻli Oʻtniyol olamdan oʻtdi.
Ehud
12Isroil xalqi Egamizning oldida yana qabihliklar qilgani uchun, Egamiz Moʻab yurtining#3:12 Moʻab yurti — Oʻlik dengizning sharqiy qirgʻogʻida joylashgan edi. shohi Eglonni ularga qarshi qoʻzgʻatdi. 13Shoh Eglon Ommon va Omolek xalqlari bilan birgalikda Isroil xalqini yengib, palma shahri Yerixoni#3:13 palma shahri Yerixo — ibroniycha matnda Palma shahri. Yerixo shahrini shu nom bilan ham atashardi. qoʻlga kiritdi. 14Shunday qilib, Isroil xalqi oʻn sakkiz yil davomida Moʻab yurtining shohi Eglonga qaram boʻlib yashadi.
15Ammo Isroil xalqi Egamizga iltijo qilishi bilanoq, Egamiz ularga Ehud ismli bir qutqaruvchini yubordi. Gera oʻgʻli Ehud Benyamin qabilasidan boʻlib, chapaqay edi. Isroil xalqi Ehud orqali Moʻab shohi Eglonga oʻlpon joʻnatdi. 16Ehud oʻziga uzunligi bir tirsak#3:16 bir tirsak — taxminan 45 santimetrga toʻgʻri keladi. boʻlgan xanjar yasab, uni oʻng tomoniga, kiyimining ichidan taqib olgandi. 17U oʻlponni shoh Eglon huzuriga olib kirdi. Shoh Eglon haddan tashqari semiz bir odam edi. 18Ehud oʻlponni taqdim qilib boʻlgach, hadyalarni koʻtarib kelgan odamlar bilan birga uyga yoʻl oldi. 19Biroq ular Gilgaldagi#3:19 Gilgal — bu joy Yerixo shahridan qariyb 2,5 kilometr masofada boʻlgan. Bu voqea yuz berganda shoh Eglon Yerixo shahridagi saroyida boʻlgan boʻlishi mumkin. tosh haykallar#3:19 haykallar — yoki butlar yoxud yodgorliklar (shu bobning 26–oyatida ham bor). oʻrnatilgan joyga yetganlarida, Ehud iziga qaytdi. U Eglonning oldiga kelib: “Ey hazrati oliylari, sizga aytadigan bir sirim bor”, — dedi. Shoh: “Bizni xoli qoʻyinglar!” — deyishi bilanoq, uning huzuridagi xizmatkorlar chiqib ketishdi. 20Shoh salqin boloxonasida yolgʻiz oʻzi qoldi. Ehud unga yaqinlashib: “Men sizga Xudoning xabarini yetkazmogʻim lozim”, — dedi. Eglon oʻrnidan turdi. 21Shunda Ehud oʻng tarafida osilgan xanjarni chap qoʻli bilan sugʻurib olib, Eglonning qorniga sanchdi. 22Xanjar sopi bilan Eglonning qorniga kirib ketdi, teshigini esa yogʻ qopladi. Ehud xanjarni sugʻurib olmadi, xanjar tigʻi shohning qornini yorib butidan chiqdi#3:22 …xanjar tigʻi shohning qornini yorib butidan chiqdi — yoki …u xonadan chiqib ketdi.. 23Ehud ayvonga chiqdi, boloxona eshiklarini yopib, qulfladi. 24U ketishi bilanoq, Eglonning xizmatkorlari kelishdi. Eshik qulf ekanligini koʻrishgach: “Shohimiz salqingina xonada hojatini chiqarayotgan boʻlsalar kerak” degan xayolga borishdi. 25Ammo boloxonaning eshiklari hadeganda ochilavermagandan soʻng, xizmatkorlar bezovtalanishdi. Ular tashqarida ancha kutib qolishganidan keyin, kalit olib, eshikni ochishdi. Qarashsa, shoh hazratlari jonsiz yotgan ekan.
26Ehud esa paytdan foydalanib, qochib qolgan edi. U tosh haykallar oldidan oʻtib, Saviro shahriga bordi. 27Efrayim qirlariga yetib kelganda burgʻu chalib, Isroil xalqini jangga daʼvat qildi. Ehud hammani boshlab qirlardan pastga tushar ekan, 28Isroil xalqiga: “Orqamdan yuringlar! — dedi. — Dushmanimiz Moʻab xalqini Egamiz sizlarning qoʻlingizga berdi–ku!” Isroil xalqi Ehudga ergashdi. Ular Iordan daryosining kechuv joylarini qoʻlga olib, bironta odamni ham u yerdan oʻtkazishmadi. 29Oʻsha kuni ular oʻn mingtacha baquvvat va jasur Moʻab sipohlarini oʻldirishdi. Birontasi ham Isroil xalqining qoʻlidan qochib qutulmadi. 30Oʻsha kuni Isroil xalqi Moʻab lashkarini magʻlub qildi. Yurtda sakson yil tinchlik, osoyishtalik boʻldi.
Shamgar
31Ehuddan keyin Onot oʻgʻli Shamgar hakam boʻldi. U ham Isroil xalqini qutqarib, govron#3:31 govron — yoʻgʻon novdadan qilingan, uchi oʻtkirlangan podachilar tayogʻi. Podachilar govron bilan mollarni niqtab, yurishga undaydi. bilan olti yuz nafar Filist sipohini oʻldirdi.

Currently Selected:

Hakamlar 3: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Hakamlar 3