Ibroniylar 2
2
2–BOB
Buyuk najotga eʼtiborsiz boʻlmaylik
1Shu sababdan biz butun eʼtiborimizni eshitganlarimizga qaratishimiz kerak. Shunda haqiqatdan ogʻib ketmaymiz. 2Farishtalar orqali ota–bobolarimizga#2:2 ota–bobolarimiz — 1:1 izohiga qarang. berilgan Xudoning qonuni#2:2 Farishtalar orqali ota–bobolarimizga berilgan Xudoning qonuni… — Qonunlar 33:2-4, Havoriylar 7:53, Galatiyaliklar 3:19 ga qarang. majburiy edi. Agar oʻsha qonunni buzgan va unga itoat etmagan odamlar har bir qilmishiga yarasha jazolangan boʻlsa, 3nahotki biz buyuk najot xabariga eʼtiborsiz qolsak, jazodan qochib qutula olamiz?! Axir, dastlab bu najot xabarini bizga Rabbimiz Isoning Oʻzi eʼlon qildi–ku. Rabbimizga quloq solgan shohidlar bu xabarning haqiqiyligini bizga tasdiqlashdi. 4Xudo ham bu xabarni tasdiqladi: U alomatu moʻjizalar va turli ajoyibotlar koʻrsatdi, Oʻz xohish–irodasi boʻyicha, Muqaddas Ruhning inʼomlarini ulashib berdi.
Bizga najot berish uchun Iso inson boʻlib keldi
5Biz aytayotgan kelajak dunyoni Xudo farishtalarga tobe qilmadi. 6Aksincha, Muqaddas bitiklarda Xudoga shunday deb aytilgan:
“Inson zoti nedirki, u haqda oʻylagaysan?!
Inson oʻgʻli#2:6 Inson zoti…Inson oʻgʻli — Zabur 8:5 oyatining ibroniycha matnida bu ikkala ibora odamzodga ishora qiladi (Zabur 8:5 izohiga qarang). Ammo muallif Zaburdan olingan bu soʻzlar bilan odamzodning komil vakili boʻlgan Iso Masihni nazarda tutgan. Iso koʻpincha oʻziga nisbatan Inson oʻgʻli unvonini ishlatgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi INSON OʻGʻLI iborasiga qarang. nedirki, Sen uni ardoqlagaysan?!
7Sen uni qisqa vaqtgagina farishtalardan past qilding,
Keyin esa izzatu sharaf tojini unga kiygizding#2:7 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar keyingi misra sifatida qoʻshimcha qilingan: Jamiki yaratganing uzra Uni hukmron qilding..
8Bor narsani uning oyogʻi ostiga qoʻyding.”#2:6-8 Muallif bu oʻrinda Zabur 8:5-7 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
“Bor narsani uning oyogʻi ostiga qoʻyding” degani — Xudo butun borliqni oʻsha Insonning hokimiyatiga tobe qilganini bildiradi. Hozirgi kunda esa butun borliq Unga tobe boʻlganini biz koʻrayotganimiz yoʻq. 9Ammo “qisqa vaqtgagina farishtalardan past boʻlgan” Insonni, yaʼni Isoni biz koʻrib turibmiz. U inson boʻlib keldi, Xudoning inoyati tufayli butun insoniyat uchun azob chekib, oʻldi. Shu sababdan endi “izzatu sharaf tojini kiydi.”
10Xudo hamma narsani yaratgan va hamma narsa Uning ulugʻvorligi uchun mavjuddir. U koʻp insonlarni Oʻz ulugʻvorligidan bahramand qilish uchun najotga erishtirmoqchi boʻldi. Iso odamlarni najotga boshlab borsin deb, Xudo Uni azob–uqubatlar orqali barkamol Sardor qilib tayyorladi. 11Insonlarni gunohlardan poklovchi Iso va poklangan insonlarning hammasi bir oilaga mansubdir. Shu sababdan Iso ularni birodarlarim deb atashdan or qilmay, Xudoga shunday deydi:
12“Birodarlarimga Sen haqingda aytaman,
Jamoa orasida Senga hamdu sano oʻqiyman.”#2:12 Zabur 21:23 ga qarang.
13Iso yana shunday deydi:
“Umidim Xudodadir”,
soʻng yana aytadi:
“Xudo bergan farzandlarim bilan birga Men shu yerdaman!”#2:13 Ishayo 8:17-18 ga qarang.
14Bu farzandlar foniy bandalar boʻlganlari uchun, Iso ham, ular singari, inson boʻldi. Zero, U Oʻz oʻlimi orqaligina oʻlim keltiruvchi iblisning qudratini yoʻq qila oldi 15va umr boʻyi oʻlim qoʻrquviga qul boʻlgan odamzodni ozod qilishga muvaffaq boʻldi. 16Iso farishtalarni emas, balki Ibrohimning naslini#2:16 Ibrohimning nasli — hamma imonlilarga ishora (Rimliklar 4:11-12, 16, Galatiyaliklar 3:7 ga qarang). qullikdan qutqargani aniq. 17Shu sababdan, U har jihatdan birodarlariga oʻxshagan boʻlishi shart edi. Shundagina U xalqni gunohlaridan poklay oladigan, Xudoning xizmatidagi rahmdil va sodiq Oliy ruhoniy boʻla olardi. 18Isoning Oʻzi sinovdan oʻtib, azob chekdi. Shuning uchun U sinovdan oʻtayotganlarga yordam bera oladi.
Currently Selected:
Ibroniylar 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020