Ibroniylar 10
10
10–BOB
Masih — oxirgi qurbonlik
1Qonun boʻlgʻusi xayr–barakalarning asl surati emas, bor–yoʻgʻi soyasidir. Har yili qonun boʻyicha Xudoga bir xil qurbonliklar keltiriladi. Demak, qonun bu qurbonliklar orqali Xudoga sajda qiluvchilarni kamolotga yetkaza olmaydi. 2Bordi–yu, oʻsha odamlar qurbonliklari orqali gunohdan poklana olganlarida edi, ularning vijdoni qiynalmasdi va ular qurbonlik keltirishni bas qilardilar. 3Holbuki, qurbonliklar har yili odamlarga gunohlarini eslatadi, xolos. 4Chunki buqayu takalarning qoni hech qachon gunohlarni yuva olmaydi.
5-6Shuning uchun Masih dunyoga kelganda Xudoga shunday degan edi:
“Sen qurbonligu nazr istamading,
Kuydiriladigan qurbonlik hamda
Gunoh qurbonligidan#10:5-6 Gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim soʻrab keltirgan qurbonligi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi QURBONLIK soʻzi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang. mamnun boʻlmading,
Itoat qilishim uchun Menga badan hozirlading.
7Oʻshanda dedimki: «Mana, Men keldim.
Muqaddas bitiklarda Men haqimda yozilgan.
Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim.»”#10:5-7 Muallif bu oʻrinda Zabur 39:7-9 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
8Dastlab Masih qonun talab qilgan qurbonliklar haqida soʻz yuritib, Xudoga: “Sen qurbonligu nazr istamading, kuydiriladigan qurbonlik hamda gunoh qurbonligidan mamnun boʻlmading”, — deb aytgan. 9Soʻng esa haqiqiy itoatkorlikni tilga olib, shunday degan: “Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim.” Bundan koʻrinib turibdiki, Masih qurbonlik marosimlariga asoslangan avvalgi ahdni#10:9 avvalgi ahd — 8:6 izohiga qarang. bekor qildi. Uning maqsadi yurakning itoatkorligiga asoslangan yangi ahdni#10:9 yangi ahd — 8:6-13 ga qarang. oʻrnatish edi. 10Masih Xudoning xohishini bajarib, Oʻz tanasini biz uchun qurbon qildi. Bu yagona qurbonligi orqali bizni gunohdan pokladi.
11Ruhoniylar har kuni Xudoga xizmat qiladilar. Bir xil qurbonliklarni qayta–qayta keltiradilar. Ammo bu qurbonliklar hech qachon gunohni yuva olmaydi. 12Masih esa gunohlarni abadiy yuvib tashlaydigan yagona qurbonlikni keltirib, Xudoning oʻng tomonida oʻtirdi#10:12 …Xudoning oʻng tomonida oʻtirdi — Zabur 109:1 ga qarang. Oʻng tomon muruvvat va baraka oʻrni deb hisoblangan.. 13“Xudo dushmanlarimni oyoqlarim ostiga poyandoz qiladi”, — deb Masih oʻsha vaqtdan beri kutmoqda. 14Darvoqe, Masih bittagina qurbonlik orqali gunohdan poklagan odamlarini to abad barkamol qildi.
15Muqaddas Ruh ham bu haqda bizga shahodat berib, dedi:
16“Egamiz shunday demoqda: «Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday boʻladi: Men qonunlarimni odamlarning yuragiga solib qoʻyaman, qonunlarimni onglariga yozaman. 17Men ularning gunohlariyu qabihliklarini hech qachon esga olmayman.»”#10:16-17 Yeremiyo 31:33-34 ga qarang.
18Demak, Xudo gunohlarni kechirgan boʻlsa, boshqa qurbonlik keltirishning hojati yoʻq.
Imonimizga sodiq qolaylik
19Ey birodarlarim, Iso Masihning qoni tufayli endi biz Eng muqaddas xonaga dadillik bilan kira olamiz. 20Chunki Iso biz uchun yangi yoʻlni ochib berdi. U Chodirdagi parda orqali, yaʼni qurbon qilingan Oʻz tanasi orqali hayot sari yetaklaydigan yoʻlni ochdi. 21Ha, bizning ulugʻ Ruhoniyimiz bor, U Xudoning butun xonadoni ustidan masʼuldir. 22Shunday ekan, samimiy qalb va mustahkam ishonch bilan Xudoga yaqinlashaylik. Axir, Masih Oʻz qoni bilan qalblarimizni tozalab, vijdonimizni qiynagan hamma gunohlardan pokladi#10:22 …Masih Oʻz qoni bilan qalblarimizni tozalab, vijdonimizni qiynagan hamma gunohlardan pokladi — 9:13-14 oyatlarga va 9:13 ning izohlariga qarang.. Badanimiz ham toza suv bilan yuvildi#10:22 Badanimiz ham toza suv bilan yuvildi — ramziy maʼnoni ifodalab, suvga choʻmdirish marosimiga ishora qiladi (1 Butrus 3:21, Rimliklar 6:4 ga qarang). Muallif Hizqiyol 36:25-26 ni ham nazarda tutgan boʻlishi mumkin.. 23Endi oʻzimiz eʼtirof etgan umidimizni ikkilanmay mahkam tutaylik. Chunki vaʼda bergan Xudo Oʻz soʻziga sodiqdir. 24Biz bir–birimizga eʼtiborli boʻlaylik, bir–birimizni mehr–muhabbatga va xayrli ishlarga chorlaylik. 25Baʼzi odamlarga oʻxshab, yigʻilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz Isoning keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir–birimizni yanada koʻproq ruhlantiraylik.
26Agar biz haqiqatni bilib olgandan keyin, ataylab gunoh qilishda davom etsak, bu gunohlarimizni hech qanday qurbonlik yuva olmaydi. 27Shunda qoʻrquv ichra Xudoning hukmini kutishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Oqibatda, Xudoning dushmanlari bilan birga lovullagan olovda yonish bizning qismatimiz boʻladi. 28Musoning qonuniga boʻysunishni rad etgan odam ikki yoki uch guvohning shahodati asosida shafqatsizlarcha oʻldirilardi. 29Shunday ekan, Xudoning Oʻgʻlini oyoq osti qilgan odamni qanday jazo kutishini bir tasavvur qilib koʻringlar–a! Masihning ahd qoni bilan poklanib, soʻng uni bulgʻagan odamning holi nima kechadi?! Xudoning inoyat Ruhini haqorat qilganning holi nima kechadi?! 30Axir, biz quyidagi soʻzlarni aytgan Xudoni yaxshi bilamiz:
“Men qasos olaman, jazosini beraman#10:30 Men qasos olaman, jazosini beraman — bu oʻrinda muallif Qonunlar 32:35 ni nazarda tutgan. Qonunlar kitobida bu soʻzlar Isroil xalqining dushmanlariga qarata aytilgan. Bu oʻrinda esa muallif mazkur soʻzlar bilan Xudoning xalqini ogohlantiryapti..
Men Oʻz xalqimni hukm etaman#10:30 Men Oʻz xalqimni hukm etaman — bu oʻrinda muallif Qonunlar 32:36 ni nazarda tutgan. Oʻsha oyatdagi ibroniycha feʼl oqlash yoki hukm qilish maʼnolarini bildiradi. Qonunlar kitobida bu soʻzlar Isroil xalqiga taskin berish uchun aytilgan, ammo bu oʻrinda muallif shu soʻzlar bilan Xudoning xalqini ogohlantiryapti..”
31Ha, barhayot Xudoning qoʻliga tushib qolish naqadar dahshatlidir!
32Oʻtmishingizni eslanglar. Oʻshanda sizlar Xudoning nurini koʻrib, koʻp azob–uqubatlarga bardosh bergan edingizlar. 33Baʼzida sizlarni hammaning oldida haqoratlab, xor qilishardi. Boshqa paytlarda bunday ahvolda qolgan birodarlaringizga yon bosardingiz. 34Qamoqda boʻlganlarga hamdard boʻlardingiz, mulkingiz musodara qilinganda, buni xursandchilik bilan qabul qilardingiz, chunki sizlarda boqiy boylik borligini bilardingiz. 35Shunday ekan, oldingiday imonda qatʼiyatli boʻlinglar! Shunda buyuk mukofot olasizlar. 36Sabr–toqatli boʻlib, Xudoning irodasini bajaringlar. Shunda Xudoning vaʼdasiga erishasizlar. 37Axir, Muqaddas bitiklarda aytilganday#10:37 …Muqaddas bitiklarda aytilganday… — bu oʻrinda muallif Xabaqquq 2:3-4 ni nazarda tutgan., kelishi kerak boʻlgan Zot hademay keladi. U kech qolmaydi. 38Xudoning solihlari Unga boʻlgan sadoqati tufayli tirik qolishadi. Bordi–yu, birortasi imondan qaytsa, Xudo undan rozi boʻlmaydi.
39Biz esa imondan qaytib, halok boʻladigan odamlardan emasmiz. Biz imonimizga sodiq qolgan, najot topgan odamlarmiz.
Currently Selected:
Ibroniylar 10: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020