Ibtido 45
45
45–BOB
Yusuf aka–ukalariga oʻzini tanitadi
1Endi Yusuf ortiq chidab tura olmadi. U xizmatkorlariga: “Hamma huzurimdan chiqsin!” deb buyurdi. Yusuf oʻzini aka–ukalariga tanitganda, huzurida hech kim qolmagan edi. 2U shunday qattiq yigʻladiki, xonadonidagi Misrliklar eshitdi. Bu yangilik tezda firʼavnning saroyiga yetib bordi.
3— Men Yusufman! — dedi u aka–ukalariga. — Otam hali ham hayot ekan–da?
Lekin aka–ukalar Yusufning qarshisida dahshatga tushib, javob berishga tillari ojiz edi.
4— Menga yaqinroq kelinglar! — dedi Yusuf. Aka–ukalari unga yaqinroq borishdi.
— Men Yusufman! — dedi u yana, — sizlar Misrga sotgan ukangizman! 5Meni bu yerga sotganingizdan gʻam chekmanglar, oʻzlaringizdan xafa ham boʻlmanglar. Xudo shunday qildi. Xudo insonlar hayotini saqlab qolish uchun sizlardan oldin meni bu yerga joʻnatgan ekan. 6Ikki yildirki, yurtda qahatchilik. Yana besh yil bu yurtda na yer haydaladi, na hosil boʻladi. 7Xudo ana shunday gʻaroyib yoʻl bilan sizlarni va naslingizni qutqarib, omon qoldirish uchun sizlardan oldin meni yubordi. 8Ha, meni bu yerga sizlar emas, Xudo yuborgan! Xudo meni firʼavnga maslahatchi, uning butun xonadoniga xoʻjayin, Misr yurti ustidan hokim qildi. 9Tez boʻlinglar, otamning oldiga qaytib borib, unga shunday deb aytinglar: “Oʻgʻlingiz Yusufni Xudo butun Misr ustidan hokim qilibdi. Kechiktirmay yoʻlga otlaning. 10Siz Goʻshen yerlariga#45:10 Goʻshen yerlari — Nil deltasining sharqidagi hosildor yerlar. oʻrnashar ekansiz. Oʻzingiz, bolalaringiz, nabiralaringiz, qoʻy–echkilaringiz, podalaringiz — hamma mol–mulkingiz bilan birga Yusufga yaqin joyda boʻlasiz. 11Sizga Yusuf qarab turar ekan. Hali oldimizda besh yil qahatchilik turibdi. Oʻzingiz ham, xonadoningiz ham och qolmas ekan, chorvangiz ham och qolmas ekan.” 12Oʻzlaringiz koʻrib turibsizlar, ukam Benyamin, sen ham koʻrib turibsan, sizlarga bu gaplarni aytayotgan men Yusufman. 13Misrda men qanchalik shon–shuhratga erishganimni, oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrganingizni otamga aytinglar. Otamni tezlik bilan mening oldimga olib kelinglar.
14Yusuf ukasi Benyaminni quchoqlab, boʻyniga osilib, xursandligidan yigʻlar, Benyamin ham yigʻlar edi. 15Soʻng Yusuf yigʻlaganicha, akalarini birma–bir quchoqlab oʻpdi. Endi akalari Yusuf bilan bemalol gaplasha boshladilar.
16“Yusufning aka–ukalari kelibdi!” degan xabar tezda firʼavn saroyiga yetib bordi. Firʼavn va uning aʼyonlari gʻoyatda xursand boʻldilar. 17Firʼavn Yusufga dedi:
— Aka–ukalaringga ayt, yuklarini ulovlariga ortib, Kanʼonga qaytishsin. 18Otangni, bola–chaqalarini olib, Misrga qaytib kelishsin. Men ularga yurtning eng yaxshi yerlarini beray. Ular bu yerda toʻkin–sochinlikda yashaydilar. 19Ularga ayt, Misrdan aravalar olib ketishsin. Xotinlarini, bolalarini, otangni oʻsha aravalarda bu yerga olib kelishadi. 20Qolib ketgan mol–mulklariga achinishmasin. Misrning eng yaxshi noz–neʼmatlari ularnikidir.
21Yoqubning#45:21 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (shu bobning 28–oyatida ham bor). 32:27-28 ga qarang. oʻgʻillari aytilganday qildilar: firʼavnning koʻrsatmasiga binoan, Yusuf ularga aravalar berdi. Shuningdek, ularga yoʻl uchun oziq–ovqat ham gʻamlab berdi. 22Yusuf akalarining har biriga bir sidradan yangi kiyim–bosh, Benyaminga esa besh sidra kiyim–bosh va uch yuz boʻlak kumush#45:22 uch yuz boʻlak kumush — taxminan 3,5 kiloga toʻgʻri keladi. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. berdi. 23Otamga deb oʻnta eshakka Misrning eng yaxshi noz–neʼmatlaridan, oʻnta eshakka don, otasi uchun yoʻlda yegani oziq–ovqat yuklab joʻnatdi. 24Yusuf aka–ukalarini yoʻlga kuzatib qoʻydi. Ular yoʻlga chiqayotganlarida Yusuf: “Yoʻlda janjallashib yurmanglar#45:24 …janjallashib yurmanglar… — yoki …xafa boʻlmanglar… yoxud …qoʻrqmanglar… (shu bobning 5–oyatiga qarang).”, dedi.
25Shunday qilib, ular Misrdan Kanʼon yurtiga — otalari huzuriga qaytib keldilar. 26“Yusuf tirik ekan! U butun Misr yurtining hokimi ekan!” deb aytishdi oʻgʻillari. Yoqub bu yangilikdan hang–mang boʻlib qoldi, oʻgʻillarining gapiga ishonmadi. 27Lekin oʻgʻillari Yoqubga Yusufning hamma gaplarini aytib boʻlib, “Otamni Misrga olib kelinglar”, deb Yusuf yuborgan aravalarni koʻrganda, Yoqubning ruhi tetiklashdi.
28— Xudoga shukur, oʻgʻlim Yusuf tirik ekan, menga shuning oʻzi kifoya, — dedi Yoqub, — oʻlmasimdan burun borib uni koʻrib qolay.
Currently Selected:
Ibtido 45: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020