YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 27

27
27–BOB
Isʼhoq Yoqubni duo qiladi
1Isʼhoq qaridi, koʻzlari xiralashib koʻrmay qoldi. Bir kuni u oʻgʻli Esovni chaqirdi:
— Oʻgʻlim!
— Labbay, otajon! — deb javob berdi Esov.
2— Koʻrib turibsan, men qarib qoldim. Toʻsatdan oʻlib qolishim mumkin. 3Endi yoyingni, oʻqlaringni olib, dalaga chiq, menga bironta hayvonni ovlab kel. 4Keyin men yaxshi koʻradigan bironta mazali taom tayyorlab keltir. Men taomni yeb, oʻlimimdan oldin seni duo qilayin.
5Isʼhoq oʻgʻli Esovga gapirayotganda, Rivqo eshitib turgan edi. Esov dalaga ovga ketganda, 6Rivqo oʻgʻli Yoqubga dedi:
— Akang Esovga otangning aytgan gaplarini eshitib qoldim. 7Otang unga: “Menga bironta hayvon ovlab kel, men yaxshi koʻradigan bironta mazali taom tayyorlagin, taomni yeb, oʻlimimdan oldin Egam oldida seni duo qilayin”, dedi. 8Endi mening gaplarimni yaxshilab eshit, aytganimni qil, oʻgʻlim. 9Suruvga borib, menga ikkita uloqchani tanlab olib kel. Uloqchalardan otang yaxshi koʻradigan mazali taom tayyorlab beray. 10Sen taomni otangning oldiga olib kirib, unga yegizgin, toki otang oʻlimidan oldin seni duo qilsin.
11— Onajon, oʻzingiz bilasiz–ku, akam Esov serjun, mening terim esa silliq, — dedi Yoqub Rivqoga. 12— Mabodo, otam meni paypaslab ushlab koʻrsa, nima boʻladi? Aldayotganimni otam bilib qoladi. Otam meni duo qilish oʻrniga laʼnatlaydi.
13— Oʻsha laʼnat menga kelsin, bolaginam, — dedi Rivqo. — Endi aytganimni qil, bor, uloqchalarni olib kel.
14Yoqub onasining buyrugʻiga itoat etib, ikkita uloqchani olib keldi. Rivqo uloqchalardan Isʼhoq yaxshi koʻrgan mazali taom tayyorladi. 15Soʻng u Esovning uydagi yaxshi kiyimlarini oldi–da, Yoqubga kiygizdi. 16Uloqchalarning terisini Yoqubning qoʻllariga va boʻynining tuksiz joylariga oʻradi. 17Oʻzi tayyorlagan mazali taom bilan nonni oʻgʻli Yoqubning qoʻliga berdi.
18Shunday qilib, Yoqub taom toʻla laganni otasining oldiga olib kirdi.
— Assalomu alaykum, otajon!
— Va alaykum assalom! Qaysi biringsan, oʻgʻlim, Esovmisan, Yoqubmisan?
19— Toʻngʻichingiz Esovman, — dedi Yoqub otasiga. — Aytganingizni qildim, mana, ovimdan siz yaxshi koʻrgan taom tayyorladim. Turing, yeb, meni duo qiling.
20Isʼhoq oʻgʻliga:
— Darrov topib keldingmi, oʻgʻlim? — dedi.
— Egangiz Xudo yoʻlimni oʻngladi, — deb javob berdi Yoqub.
21Shundan keyin Isʼhoq Yoqubga dedi:
— Yaqinroq kel–chi, oʻgʻlim, ushlab koʻray–chi, haqiqatan ham oʻgʻlim Esovmisan yoki yoʻqmi, bilayin.
22Yoqub otasiga yaqinroq bordi. Isʼhoq uni paypaslab:
— Ovoz — Yoqubning ovozi, qoʻllar esa Esovning qoʻllari, — dedi.
23Yoqubning qoʻllari Esovning qoʻllariga oʻxshab serjun tuyulgani uchun Isʼhoq uni tanimadi. Shuning uchun Isʼhoq Yoqubni duo qilishga chogʻlandi–yu, lekin yana soʻradi:
24— Sen haqiqatan oʻgʻlim Esovmisan?
— Ha, Esovman, — deb javob berdi u. 25Shundan keyin Isʼhoq:
— Endi taomni keltir, — dedi. — Taomingdan yeb, seni duo qilayin.
Yoqub taomni otasiga keltirib berdi. Isʼhoq taomni yeb boʻlgach, Yoqub unga sharob keltirdi. Isʼhoq sharobni ham ichdi. 26Soʻngra Isʼhoq unga:
— Yaqinroq kelib, meni oʻp, oʻgʻlim, — dedi. 27Yoqub yaqinlashib, otasini oʻpdi. Isʼhoq uning kiyimlarini hidlab, shunday duo qildi:
“O, oʻgʻlimning yoqimli hidi
Egam marhamat qilgan
Dalaning hidiga oʻxshar.
28Xudoyim yogʻdirsin senga
Osmon shabnamini,
Bersin yerning unumdor tuprogʻini,
Moʻl–koʻl don va sharobni.
29Xizmat qilsin senga xalqlar,
Taʼzim qilsin senga el–uluslar.
Hukmron boʻlgin qarindoshlaring ustidan,
Taʼzim qilsin onangning nasli senga.
Seni laʼnatlagan laʼnati boʻlsin,
Seni duo qilgan baraka topsin.”
Esov Isʼhoqdan duo soʻrab iltijo qiladi
30Isʼhoq Yoqubni duo qilib boʻlishi bilanoq, Yoqub otasi huzuridan endi chiqqan ham ediki, akasi Esov ovdan qaytib kelib qoldi. 31U ham mazali taom tayyorlab, otasi oldiga olib kirdi.
— Otajon, turing, sizga olib kelgan ovimning goʻshtidan yeb, meni duo qiling.
32— Sen kimsan? — soʻradi Isʼhoq undan.
— Toʻngʻich oʻgʻlingiz Esovman, — deb javob berdi u.
33Isʼhoq hayajondan titrab ketib dedi:
— Ovidan taom tayyorlab, menga olib kelgan kim edi? Sen kelmasingdan oldin, men goʻshtni endigina yeb boʻlgan edim! Men uni duo qildim, endi duo olgan udir!
34Esov otasining soʻzlarini eshitgach, haddan tashqari qattiq, achchiq nola qildi.
— Meni ham duo qiling, otajon! — deb yolvordi u otasiga. 35Lekin Isʼhoq:
— Ukang oldimga kiribdi, u meni aldabdi, — dedi. — Senga atalgan duoni ukang oldi.
36— Unga Yoqub deb ism qoʻyilgani bekorga emas ekan–da, — dedi Esov. — U meni ikki marta aldadi–ya!#27:36 Unga Yoqub deb ism qoʻyilgani bekorga emas ekan–da…U meni ikki marta aldadi–ya! — 25:26 izohiga qarang. Birinchi marta toʻngʻichlik huquqimni olgan edi#27:36 …toʻngʻichlik huquqimni olgan edi… — 25:29-34 ga qarang., endi esa menga atalgan duoni oʻgʻirlabdi. Menga bironta ham duo saqlab qoʻymadingizmi? — deb yana soʻradi u.
37— Men Yoqubni sening ustingdan hukmron qildim, — dedi Isʼhoq Esovga. — Uning hamma qarindosh–urugʻlarini ham oʻziga xizmatkor qilib berdim. Don bilan sharobni ham unga berib boʻldim. Senga beradigan hech narsa qolmadi–ku, oʻgʻlim!
38— Nahotki menga bironta ham duo qoldirmagan boʻlsangiz?! — deb oʻtindi Esov. — Meni ham duo qiling, otajon! — deb dod solib yigʻlay boshladi.
39Isʼhoq oʻgʻliga shunday javob berdi:
“Sening manziling yerning unumdor tuprogʻidan nari boʻlsin,
Osmonning shabnamidan mahrum boʻlsin.
40Sen qilichning damida yashagaysan,
Ukangga xizmat qilib oʻtgaysan.
Isyon koʻtarganingda esa
U solgan boʻyinturuqni uloqtirib tashlagaysan.”
41Yoqub Esovning duosini oʻgʻirlagani uchun, Esov uni juda yomon koʻrib qoldi. Esov oʻziga oʻzi: “Otamning kuni bitib qoldi, azasi oʻtgandan keyin Yoqubni oʻldiraman”, dedi. 42Lekin kimdir Esovning niyatini Rivqoga yetkazdi. Rivqo Yoqubni chaqirib, unga:
— Esov seni oʻldirmoqchi boʻlib, oʻziga taskin berib yuribdi ekan, — dedi. 43— Endi gapimga quloq sol. Hoziroq Xoronga#27:43 Xoron — 11:31 izohiga qarang. — Lobon akamning oldiga joʻna. 44Akang gʻazabidan tushguncha, Lobon akamning yonida yur. 45Esov sening qilmishlaringni unutib, gʻazabidan tushgandan keyin, orqangdan birortasini joʻnataman, seni qaytarib olib keladi. Boʻlmasa, bir kunda akangdan ham, sendan ham ayrilib qolaman#27:45 …bir kunda akangdan ham, sendan ham ayrilib qolaman — agar Esov Yoqubni oʻldirganda edi, unga qotillik uchun oʻlim jazosi berilgan boʻlardi, bunday holda Rivqo ikkala oʻgʻlidan ham ayrilardi..
Isʼhoq Yoqubni Lobonning huzuriga joʻnatadi
46Shundan keyin Rivqo Isʼhoqqa dedi:
— Esovning anavi Xet#27:46 Xet — yaʼni Xet xalqidan (10:15 ga qarang). xotinlari dastidan jonimdan toʻydim. Agar Yoqub ham oʻshalarga oʻxshagan birorta Xet qiziga uylansa, unda hayotim nima kechadi?

Currently Selected:

Ibtido 27: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in