Ibtido 26
26
26–BOB
Isʼhoq va Filistlar shohi Abumalek
1Shu orada yurtda qattiq ocharchilik boʻldi, bunday ocharchilik ilgari Ibrohim davrida ham yuz bergan edi#26:1 …bunday ocharchilik ilgari Ibrohim davrida ham yuz bergan edi — 12:10 ga qarang.. Isʼhoq Garor shahriga koʻchib ketdi. U yerda Filistlar shohi Abumalek#26:1 Abumalek — 20:2, 21:22 ga qarang. yashardi. 2Egamiz Isʼhoqqa zohir boʻlib, dedi:
— Misrga borma. Men senga koʻrsatadigan yurtda oʻrnashib, 3oʻsha yerda yashab tur. Agar shunday qilsang, Men sen bilan birga boʻlaman, senga baraka beraman. Mana shu yerlarning hammasini senga va sening naslingga beraman. Otang Ibrohimga bergan vaʼdamda turaman. 4Men sening naslingni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qilaman. Mana shu yerlarning hammasini sening naslingga beraman. Sening nasling orqali yer yuzidagi hamma xalqlar baraka topadilar. 5Ibrohim Mening talablarimga, amrlarimga, farmonlarimga, qonunlarimga itoat etgani uchun senga baraka beraman.
6Shunday qilib, Isʼhoq Garor shahrida oʻrnashib qoldi. 7Bu yerdagi odamlar Isʼhoqdan Rivqo toʻgʻrisida soʻraganlarida, “U mening singlim”, deb javob berardi. “U mening xotinim”, deb aytishdan qoʻrqar edi. Rivqo juda chiroyli boʻlgani sababli: “Odamlar uni tortib olish uchun meni oʻldiradilar”, deb oʻylardi.
8Oradan ancha vaqt oʻtdi. Bir kuni Isʼhoq Rivqoni erkalatayotganda, Filistlar shohi Abumalek derazadan koʻrib qoldi. 9Abumalek Isʼhoqni chaqirtirdi.
— U sening xotining ekan–ku! Nimaga uni, singlim, deb aytding? — deb soʻradi.
— Agar xotinim deb aytsam, birortasi uni tortib olish uchun meni oʻldiradi, deb qoʻrqdim, — dedi Isʼhoq.
10— Bu nima qilganing–a?! Axir, odamlarimdan biri xotining bilan osonlikcha birga boʻlishi mumkin edi–ku! Unday holda bizni gunohkor qilib qoʻygan boʻlarding!
Filistlar Isʼhoq bilan quduq uchun tortishadi
11Shunday qilib, Abumalek: “Kimki bu odamga yoki uning xotiniga ozor yetkazsa, oʻsha odamning jazosi oʻlimdir”, deb farmon berib, hammani ogohlantirdi.
12Isʼhoq u yerda dalasiga urugʻ sepdi. Egamiz unga marhamat koʻrsatgani uchun ekkan urugʻiga nisbatan yuz barobar koʻp hosil oldi. 13Isʼhoq boyib ketdi, boyligi tobora koʻpayib boraverdi. 14Uning qoʻy–echki suruvlari, mol podalari, xizmatkorlari koʻp edi. Shu sababdan Filistlar Isʼhoqqa hasad qilishardi. 15Ular Isʼhoqning hamma quduqlarini tuproqqa toʻldirib tashlashdi. Ibrohim hayotligida bu quduqlarni oʻzining xizmatkorlariga qazdirgan edi. 16Abumalek Isʼhoqqa: “Bizning yerimizdan ket, sen bizdan koʻra, juda kuchayib ketding”, dedi.
17Isʼhoq bu yerdan ketib, Garor soyligida#26:17 soylik — ikki adir oraligʻidagi pastlik. Baʼzi soyliklar vodiy kabi keng boʻlardi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SOYLIK soʻziga qarang. chodir tikib, oʻsha yerda oʻrnashib oldi. 18Ibrohim bu yerda quduqlar qazdirgan, lekin uning vafotidan keyin Filistlar bu quduqlarni koʻmib yuborgan edilar. Isʼhoq oʻsha quduqlarni qaytadan qazdirdi. Isʼhoq quduqlarga otasi qoʻygan nomlarni berdi. 19Uning xizmatkorlari suv topish uchun Garor soyligida yerni qaziyotganlarida, buloq otilib chiqdi. 20Lekin Garorlik choʻponlar kelishib: “Bu buloq bizniki”, deb buloqni talab qildilar. Shunday qilib, ular Isʼhoqning choʻponlari bilan quduq ustida janjallashib qoldilar. Shuning uchun Isʼhoq quduqqa Janjal#26:20 Janjal — ibroniycha matnda Esek, maʼnosi janjal. deb nom berdi. 21Soʻngra Isʼhoqning odamlari boshqa quduq qazidilar. Lekin bu quduq ustida ham kelishmovchilik yuz berdi. Shuning uchun Isʼhoq bu quduqqa Ziddiyat#26:21 Ziddiyat — ibroniycha matnda Sitno, maʼnosi ziddiyat. deb nom berdi. 22Isʼhoq bu yerdan ham koʻchib, boshqa quduq qazdirdi. Yerli aholi oxiri ularni oʻz holiga qoʻydi. Isʼhoq: “Nihoyat, Egam bu yurtda yashashimiz uchun bizga keng joy berdi, endi biz bu yerda yayrab–yashnab ketamiz”, deya quduqqa Kenglik#26:22 Kenglik — ibroniycha matnda Rexoboʻt, maʼnosi kenglik. deb nom berdi.
23Isʼhoq bu yerdan ham Bershebaga koʻchib ketdi. 24Oʻsha kuni kechasi Egamiz Isʼhoqqa zohir boʻlib, dedi:
— Men otang Ibrohimning Xudosiman. Qoʻrqma, Men sen bilan birgaman. Oʻz qulim Ibrohimning haqi–hurmati uchun senga baraka beraman, senga son–sanoqsiz nasl ato qilaman.
25Isʼhoq u yerda qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi, oʻsha yerda chodirini tikdi. Isʼhoqning xizmatkorlari u yerda quduq qazidilar.
Isʼhoq bilan Abumalek oʻrtasidagi ahdlashuv
26Abumalek maslahatchisi Oxizat va lashkarboshisi Pixol bilan birga Garordan Isʼhoqning oldiga bordi. 27Isʼhoq ularga dedi:
— Nimaga mening oldimga keldingiz? Menga adovat bilan qarab, yeringizdan chiqarib yuborgan edingiz–ku!
28— Bizga endi ayon boʻldi: Egang sen bilan birga ekan. Shuning uchun sen bilan biz ont ichib, ahd qilaylik, dedik. 29Biz senga hech qanday yomonlik qilmagan edik, aksincha, olijanoblik qilib, eson–omon joʻnatib yuborgan edik. Sen ham: “Sizlarga yomonlik qilmayman”, deb qasam ich. Sen Xudoning yorlaqagani ekansan.
30Isʼhoq ularga ziyofat tayyorladi. Ular yeb–ichdilar. 31Ertasi kuni ular erta tongda turib, bir–birlariga qasamyod qildilar. Soʻngra Isʼhoq ularni uylariga eson–omon joʻnatib yubordi. 32Oʻsha kuni Isʼhoqning xizmatkorlari kelib: “Biz suv topdik”, deb unga oʻzlari qazigan quduq toʻgʻrisida aytdilar. 33Isʼhoq bu quduqqa Qasamyod#26:33 Qasamyod — ibroniycha matnda Shiva, maʼnosi qasamyod yoki yetti. Isʼhoq bilan Abumalek bir–birlariga qasamyod qilganlari uchun bu oʻringa qasamyod maʼnosi toʻgʻri keladi (shu bobning 31–oyatiga qarang). Bordi–yu, Isʼhoq otasi Ibrohimning Abumalek bilan xuddi oʻsha joyda qilgan qasamyodga ishora qilayotgan boʻlsa, yetti maʼnosi toʻgʻri keladi, chunki Ibrohim qasamyod qilganda, Abumalekka yettita urgʻochi qoʻzini bergan edi (21:29-31 oyatlarga va 21:30 izohiga qarang). deb nom qoʻydi. Shuning uchun shaharning nomi bugungacha Bershebadir#26:33 Bersheba — ibroniychadagi maʼnosi qasamyod qudugʻi yoki yettilar qudugʻi..
Esovning ajnabiy xotinlari
34Esov qirq yoshida Xet xalqidan ikkita qizga — Beri degan kishining Yahudit ismli qiziga va Eloʻn degan kishining Bosimat ismli qiziga uylandi. 35Esovning bu xotinlari Isʼhoq bilan Rivqoning boshiga koʻp qora kunlarni soldilar.
Currently Selected:
Ibtido 26: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020