YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 32

32
32–BOB
Oltin buqa
1Muso togʻda uzoq qolib ketdi#32:1 Muso togʻda uzoq qolib ketdi — 24:18 ga qarang.. Xalq Musoning togʻdan qaytib tushavermaganini koʻrgach, Horunning yoniga yigʻilishib, unga aytishdi:
— Qani, bizga xudo yasab ber, u bizni yoʻlda boshlab borsin. Bizni Misrdan olib chiqqan oʻsha odamga — Musoga nima boʻlganini bilolmayapmiz.
2Shunda Horun odamlarga:
— Xotiningiz va oʻgʻil–qizlaringiz quloqlaridagi oltin sirgʻalarni yechib olib, menga keltiringlar, — dedi.
3Shundan keyin jamiki xalq quloqlaridagi oltin sirgʻalarni yechib, Horunga olib keldi. 4Horun buqa yasadi. Xalqdan olgan oltin sirgʻalarni eritib, asbob yordamida buqani oltin bilan qopladi#32:4 …buqa yasadi…buqani oltin bilan qopladi — qadimgi paytlarda koʻpincha butlarni yogʻochdan yasab, ustini oltin bilan qoplashar edi. Shu singari, bu parchada aytib oʻtilgan buqa ham butunlay oltindan yasalmagan boʻlishi mumkin (yana shu bobning 20–oyatiga qarang, oʻsha oyatda Muso buqani olovda yoqqani, soʻng uni ezib, kukun qilgani yozilgan).. Shunda odamlar dedilar:
— Ey Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz!
5Horun buni koʻrgach, oltin buqaning oldiga qurbongoh qurdi. Keyin: “Ertaga Egangizga bagʻishlangan bayram boʻladi”, deb eʼlon qildi. 6Ertasi kuni xalq saharda turib, kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdi. Oʻtirib yeb–ichishganidan keyin koʻngilxushlik qilishdi.
7Shunda Egamiz Musoga aytdi:
— Hoziroq tush! Oʻzing Misrdan olib chiqqan xalqing yoʻldan ozdi. 8Ular Men amr etgan yoʻldan darrov ogʻdilar. Oʻzlariga buqaning tasvirini yasab, unga sajda qilib, qurbonliklar keltirib: “Ey Isroil! Mana bizni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz!” — dedilar.
9Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Oʻsha xalqning naqadar oʻjarligini koʻrib turibman. 10Endi Meni toʻxtataman deb ovora boʻlma, bu xalqqa shunaqangi gʻazabimni sochamanki, ularni qirib tashlayman. Ey Muso, ularning oʻrniga sendan buyuk xalq yarataman.
11Shunda Muso Egasi Xudoga:
— Ey Egam! — deb yolvordi, — axir, bu xalqni buyuk kuch–qudrating bilan Misrdan Oʻzing olib chiqqansan–ku! Oʻz xalqingga Oʻzing gʻazabingni sochmagin! 12Misrliklar: “Egasi ularni yomon niyat bilan — togʻlarda oʻldirish uchun, yer yuzidan qirib tashlash uchun bu yerdan olib chiqqan ekan”, deb aytishmasin! Qoʻygin, bu niyatingdan qaytgin, gʻazabingni sochib, Oʻz xalqingni qirib tashlamagin. 13Oʻz qullaring Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubga#32:13 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (Ibtido 32:27-28 ga qarang). aytganlaringni yodingda tutgin. Sen ularga: “Sizlarning naslingizni osmondagi yulduzlar singari koʻpaytiraman, Men vaʼda qilgan hamma yerni naslingizga beraman, ular oʻsha yurtga to abad egalik qiladilar”, deb Oʻz noming bilan ont ichgan eding–ku!
14Shunday qilib, Egamiz niyatini oʻzgartirib, aytgan kulfatlarni Oʻz xalqining boshiga keltirmaydigan boʻldi.
15Muso togʻdan qaytib tushdi. U qoʻliga ahdning#32:15 ahd — ibroniycha matnda guvohlik. 25:16 izohiga qarang. ikkita tosh lavhasini koʻtarib olgan edi. Lavhalarning ikkala tomoniga ham amr va qonunlar bitilgandi. 16Bu lavhalar Xudoning ijodi boʻlib, lavhalardagi yozuvni Xudo oʻyib bitgan edi. 17Yoshua xalqning shovqin–suronini eshitib, Musoga: “Qarorgohda urush shovqin–suroni eshitilyapti”, deb aytdi. 18Shunda Muso dedi:
— Bu gʻoliblarning hayqirigʻi emas, magʻlublarning faryodi ham emas, eshitganim — ishratparastlar qoʻshigʻi.
19Muso qarorgohga yaqinlashib, buqani, odamlarning koʻngilxushligini koʻrdi. Shunda u gʻazablanib, togʻ etagida qoʻlidagi lavhalarni uloqtirgan edi, lavhalar chilparchin boʻldi. 20Muso Isroil xalqi yasagan buqani olib, olovda yoqdi. Uni ezib, kukun qildi–da, suvga sochdi#32:20 suvga sochdi — Qonunlar 9:21 ga qarang.. Suvni Isroil xalqiga ichirdi. 21Muso Horunga:
— Bu xalq senga nima qilgan ediki, ularni ogʻir gunohga botiribsan? — dedi.
22— Gʻazablanmang, hazratim, — dedi Horun unga. — Bu xalqning yomonlik qilishga moyilligini bilasiz–ku! 23Ular menga: “Bizga xudo yasab ber, u bizni yoʻlda boshlab borsin, chunki bizni Misrdan olib chiqqan oʻsha odamga — Musoga nima boʻlganini bilolmayapmiz”, deb aytishdi. 24Men esa ularga: “Kimning oltin sirgʻalari boʻlsa, ularni menga olib kelinglar”, degan edim, ular oltin sirgʻalarini olib, menga keltirdilar. Oltinlarni olovga tashlaganimda, olov ichidan mana shu buqa kelib chiqdi.
25Muso koʻrdiki, Horun xalqni nazorat qilmay, dushmanlari oldida oʻzlarini masxara qilishlariga yoʻl qoʻyib bergan edi. 26Muso qarorgohning kiraverishiga kelib:
— Kim Egamiz tomonda boʻlsa, mening yonimga kelsin! — deb buyurdi. Levilar uning yoniga toʻplandi. 27Muso ularga dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Har biringiz qilichingizni oling. Qarorgohning hamma yogʻini aylanib, birodaringizni, qoʻshningizni va yaqin qarindoshingizni oʻldiring#32:27 …birodaringizni, qoʻshningizni va yaqin qarindoshingizni oʻldiring — bu amr, isyonning yoʻlboshchilarini oʻldiring, degan maʼnoni bildirishi mumkin. Oʻsha yoʻlboshchilar aka–uka, qoʻshni yoki yaqin qarindoshdan boʻlsa ham, oʻldirilishi kerak edi. Butun xalqni qirgʻindan asrab qolish uchun aybdor odamlar oʻldirilishi shart edi..”
28Levilar Musoning buyrugʻini bajardilar. Shu kuni Isroil xalqidan taxminan uch mingta odam halok boʻldi. 29Muso levilarga:
— Bugun Egam sizlarga marhamat qilib, sizlarni Oʻzining xizmatiga tayinladi, — dedi. — Hatto oʻgʻillaringizni, aka–ukalaringizni oʻldirishga toʻgʻri kelgan boʻlsa ham, sizlar Unga itoat etdingiz.
30Ertasi kuni Muso xalqqa dedi:
— Sizlar ogʻir gunoh qildingizlar. Endi men toqqa Egamizning oldiga chiqaman, balki sizlarni gunohlaringizdan poklarman.
31Muso Egamizning oldiga qaytib borib, shunday dedi:
— Evoh! Bu xalq ogʻir gunoh qilibdi: oʻzlariga oltindan xudo yasabdi. 32Ammo endi, ularning gunohini kechirgin, deb Senga iltijo qilaman. Agar kechirmasang, Oʻzing yozgan kitobdan mening nomimni oʻchirib tashlagin.
33Shunda Egamiz Musoga aytdi:
— Kim Menga qarshi gunoh qilgan boʻlsa, oʻshaning nomini Oʻzimning kitobimdan oʻchirib tashlayman. 34Endi bor, bu xalqni Men senga aytgan joyga boshla. Mening farishtam sendan oldinda boradi. Shunga qaramay, Oʻzim belgilagan kunda Men ularni qilgan gunohi uchun jazolayman.
35Shunday qilib, Egamiz ularning boshiga kulfat yubordi, chunki Isroil xalqi Horunga, bizga buqa yasab ber, deb talab qilgan edilar. Horun ularning talabini bajargandi.

Currently Selected:

Chiqish 32: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in