YouVersion Logo
Search Icon

Qonunlar 26

26
26–BOB
Hosildan beriladigan nazrlar
1Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtga kirib, u yerni egallab joylashganingizda, 2hamma ekinlaringizning ilk hosilidan olib, savatga solinglar. Soʻng oʻshani Egangiz Xudo Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. 3Xizmatda boʻlgan ruhoniyning oldiga borib, shunday deb aytinglar: “Egamiz ota–bobolarimizga qasam ichib beraman degan yurtga men kirdim. Bugun men shuni Egang Xudo oldida eʼtirof qilyapman.” 4Ruhoniy savatni qoʻlingizdan olib, Egangiz Xudoning qurbongohi oldiga qoʻysin. 5Sizlar Egangiz Xudoning huzurida shu gapni aytinglar: “Bobokalonimiz Yoqub koʻchmanchi bir Oramlik edi#26:5 Bobokalonimiz Yoqub koʻchmanchi bir Oramlik edi — Ibtido 28:1-5, 18-21 ga qarang.. Sanoqli odam bilan Misrga borib, u yerda musofir boʻlib yashadi. Undan buyuk, kuchli, koʻp sonli xalq kelib chiqdi. 6Misrliklar bizni ogʻir ishlarga solib, ezib qiynadilar. 7Shunda biz ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga yolvorgan edik, Egamiz iltijoimizni eshitdi. Biz chekayotgan azoblarni, qilayotgan ogʻir mehnatimizni, Misrliklar bizga qilayotgan zulmni koʻrdi. 8Shundan keyin Egamiz qudratiyu ajoyibotlari bilan, buyuk, vahimali alomatu moʻjizalari bilan bizni Misrdan olib chiqdi. 9Bizni mana shu joyga olib keldi, sut va asal oqib yotgan shu yurtni#26:9 sut va asal oqib yotgan shu yurt — 6:3 izohiga qarang. bizga berdi. 10Endi, ey Egamiz, bizga bergan yerning ilk hosilini Senga olib keldik.”
Shundan keyin savatni Egangiz Xudo oldiga qoʻyib, Unga taʼzim qiling.
11Egamiz Xudo sizga va oilangizga bergan moʻl–koʻllik tufayli shodlanib, bayram qilinglar. Levilar va orangizda yashagan musofirlar ham sizlar bilan bayram qilsin.
12Sizlar uchinchi yilda, ushr#26:12 ushr — 12:6 ning birinchi izohiga qarang. berish yilida, barcha hosilingizning oʻndan bir qismini ajrating. Keyin oʻsha ushrni levilarga, musofirlarga, yetim va bevalarga bering, toki ular ham shaharlaringizda yeb toʻysin. 13Soʻngra Egangiz Xudoga ayting: “Men uyimdan muqaddas ulushni ajratib oldim. Sening amringga koʻra, bu ulushni levilarga, musofirlarga, yetimlarga, bevalarga berdim. Sening amrlaringdan chiqmadim, hech qaysi amringni unutmadim. 14Aza tutgan paytimda muqaddas ushrdan yemadim. Harom boʻlganimda unga tegmadim, biron qismini ham oʻliklar uchun atamadim. Ey Egam Xudo, Senga quloq soldim, menga bergan hamma amrlaringga rioya etdim. 15Endi samodagi muqaddas makoningdan bizga boq! Ota–bobolarimizga ichgan qasamingga binoan, bizga, Isroil xalqingga, baraka ber. Oʻzing bizga bergan sut va asal oqib yotgan yurtga baraka ber.”
Egamizning Oʻz xalqi
16Egangiz Xudo bugun sizlarga: “Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarga rioya qilinglar”, deb buyuryapti. Bularni bitta qoldirmay, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan bajaringlar. 17Bugun sizlar shunday deb aytdingiz: “Egamiz bizning Xudoyimiz, Uning yoʻlidan yuramiz, Uning farmonlariga, amrlariga, qonun–qoidalariga rioya qilamiz, Unga quloq solamiz.” 18Egamiz sizlarga bergan vaʼdasiga koʻra, bugun sizlarni Oʻz xalqi, Oʻz xazinasi deb atadi. Uning barcha amrlariga rioya qilsangiz, 19U sizlarni Oʻzi yaratgan barcha xalqlardan ustun qiladi. Sizlar maqtovlarga, shuhratu hurmatga erishasiz. Uning vaʼdasiga koʻra, Egangiz Xudoning muqaddas xalqi boʻlasiz.

Currently Selected:

Qonunlar 26: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in