YouVersion Logo
Search Icon

Havoriylar 16

16
16–BOB
Timoʻtiy Pavlus va Silas bilan birga ketadi
1Pavlus bilan Silas Darba va Listra shaharlariga bordi. Listrada Isoning Timoʻtiy ismli shogirdi yashardi. Uning onasi imonga kelgan yahudiy boʻlib, otasi yunon edi. 2Listra va Ikoniyadagi imonlilar Timoʻtiy toʻgʻrisida yaxshi gaplar aytishardi. 3Pavlus Timoʻtiyni birga olib ketmoqchi boʻlib, oʻsha yerlarda yashaydigan yahudiylar sababli uni sunnat qildirdi#16:3 …yahudiylar sababli uni sunnat qildirdi — 2:10 izohiga qarang.. Chunki Timoʻtiyning otasi yunon ekanini hamma bilardi. 4Ular shaharlar oralab oʻtganlarida, Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar qaror qilgan qoidalarni imonlilarga yetkazib, bularga rioya qilinglar, deb aytishardi. 5Shunday qilib, jamoatlar imonda mustahkam boʻlib, kundan–kunga son jihatdan koʻpayib boraverdi.
Troas shahrida Pavlusga kelgan vahiy
6Pavlus va uning yoʻldoshlari Frigiya va Galatiya oʻlkasidan oʻtishdi, Muqaddas Ruh Asiya viloyatida Iso haqidagi xabarni vaʼz qilishni ularga taqiqlagandi. 7Ular Misiyadan oʻtib, Bitiniya viloyatiga kirishga harakat qildilar. Ammo Muqaddas Ruh orqali Iso ularga ijozat bermadi. 8Shunday qilib, ular qaytib, Misiya orqali Troasga#16:8 Troas — Makedoniyaning qarshi tomonida, Egey dengizi boʻyida joylashgan shahar. ketdilar. 9Tunda Pavlusga vahiy keldi: Makedoniyalik bir odam: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam ber!” deb iltijo qilardi. 10Pavlusga kelgan bu vahiydan keyin, biz#16:10 biz — safarning mana shu qismida mazkur kitob muallifi Luqo Pavlus bilan birga boʻlgan (shu bobning 10-17–oyatlariga qarang). 20:5-15, 21:1-18, 27:1-28:16 da ham bor. tezda Makedoniyaga borishga hozirlik koʻrdik. Xudo bizni u yerning xalqiga Xushxabarni vaʼz qilishga chaqirdi, deb ishonch hosil qilgan edik.
Filippida Lidiya imonga keladi
11Biz kemada Troas shahridan suzib ketib, toʻgʻri Samofrakiya oroliga yoʻl oldik, ertasi kuni Neapolis shahriga ketdik. 12U yerdan esa Filippiga bordik. Bu Makedoniya viloyatining Birinchi tumanidagi shahar#16:12 Makedoniya viloyatining Birinchi tumanidagi shahar — yoki Makedoniya viloyatining oʻsha qismidagi muhim bir shahar. boʻlib, Rimga qarashli edi. Biz bir necha kun u yerda boʻldik. 13Shabbat kuni biz shahardan daryo boʻyiga chiqdik. U yerda ibodat qiladigan joy bor, deb oʻylagan edik. Oʻsha yerda ayollar yigʻilgan ekan, biz ular bilan oʻtirib suhbatlashdik. 14Bizni tinglab oʻtirganlar orasida Lidiya degan bir ayol ham bor edi. U Tiyatira shahridan boʻlib, safsar matolar sotardi. U xudojoʻy#16:14 xudojoʻy — muallif bu soʻzni yahudiylarning Xudosiga sajda qilgan gʻayriyahudiylarga nisbatan ishlatgan (10:2 izohiga qarang). edi. Pavlusning aytganlarini jon dili bilan tinglasin deb, Egamiz Lidiyaning yuragini ochdi. 15Lidiya bilan uning xonadon ahli suvga choʻmdirilganlaridan keyin, u bizga shunday taklif qildi: “Agar meni Rabbimiz Isoga sodiq imonli deb hisoblasangizlar, mening uyimga kelib, oʻsha yerda turinglar.” Lidiya bizni koʻndirdi.
Filippi shahridagi qamoqxonada
16Bir kuni biz ibodat qiladigan joyga ketayotganimizda, oldimizga bir choʻri qiz keldi. Bu qizda folchilik ruhi boʻlib, u bashorat qilish orqali xoʻjayinlariga koʻp pul ishlab berar ekan. 17U Pavlus bilan bizga ergashib, shunday deb baqirardi: “Manavi odamlar Xudoyi Taoloning qullari! Ular sizlarga najot topish yoʻlini eʼlon qiladilar.” 18Oʻsha choʻri bir necha kun davomida shunday qilib yurdi. Oxiri, Pavlus bezor boʻlib, orqasiga oʻgirildi–da, yovuz ruhga dedi: “Senga Iso Masih nomidan buyuraman: bu qizning ichidan chiqib ket!” Oʻsha zahoti yovuz ruh qizning ichidan chiqib ketdi.
19Qizning xoʻjayinlari pul ishlash imkoniyati qoʻldan ketganini anglab yetdilar. Ular Pavlus bilan Silasni ushlab, shahar maydoniga sudrab keldilar. 20Ularni Rim amaldorlari huzuriga olib kelib:
— Bu odamlar shahrimizni algʻov–dalgʻov qilyaptilar! — dedilar. — Ular yahudiylardir, 21biz sodiq Rim fuqarolarimiz, ular bizning qonunlarimizga zid boʻlgan odatlarni targʻib qilyaptilar. Biz ularning odatlarini qabul qila olmaymiz yoki amalda qoʻllay olmaymiz.
22Olomon Pavlus bilan Silasga qarshi hujumga qoʻshildi.
Shunda Rim amaldorlari Pavlus bilan Silasning kiyimlarini yechdirib, askarlarga: “Bularni kaltaklanglar”, deb buyurdilar. 23Ularni rosa kaltaklashgandan keyin, zindonga tashladilar. Rim amaldorlari zindonbonga: “Ularni yaxshilab qoʻriqla”, deb buyruq berdilar. 24Zindonbon buyruqni olib, ikkovini ichki boʻlmaga tashladi va ularning oyoqlarini kundaga mahkamlab qoʻydi.
25Yarim tunda Pavlus bilan Silas ibodat qilib, Xudoga hamdu sano aytayotgan edilar. Mahbuslar esa ularni tinglab oʻtirishardi. 26Birdan shunday qattiq zilzila yuz berdiki, qamoqxonaning poydevori larzaga keldi, shu zahoti hamma eshiklar ochilib, mahbuslarning kishanlari yechilib ketdi. 27Zindonbon uygʻonib, qamoqxona eshiklari ochiq ekanini koʻrdi. U, mahbuslar ozod boʻlib ketibdi, deb oʻylab, qilichini qinidan sugʻurib, oʻzini oʻldirmoqchi boʻldi. 28Pavlus ovozi boricha: “Zinhor oʻzingga shikast yetkaza koʻrma, hammamiz shu yerdamiz!” deb baqirdi. 29Zindonbon, chiroqlar yoqilsin, deb buyurdi va shoshilganicha ichkari kirdi–da, titrab–qaqshab, oʻzini Pavlus bilan Silasning oyoqlari ostiga tashladi. 30Zindonbon ikkovini tashqariga olib chiqib: “Janoblar, najot topishim uchun nima qilishim kerak?” deb soʻradi.
31— Rabbimiz Isoga ishon, shunda oʻzing va xonadon ahling najot topasizlar, — deb javob berishdi ular.
32Pavlus bilan Silas Rabbimiz haqidagi xabarni zindonbonga va uning xonadon ahliga vaʼz qildilar. 33Zindonbon tunda oʻsha zahotiyoq ikkovini bir chetga olib oʻtib, yaralarini yuvdi. Soʻng oʻzi va butun xonadon ahli suvga choʻmdirildi. 34Zindonbon Pavlus bilan Silasni uyiga olib kelib, ularga dasturxon yozdi. U butun xonadoni bilan birga Xudoga imon keltirganidan sevindi.
35Tong otgach, amaldorlar mirshablarni yuborib: “Anavi odamlar oʻz yoʻliga ketaversin”, dedilar. 36Zindonbon bu xabarni Pavlusga yetkazdi. “Amaldorlar sizlarni ketaversin, deb xabar yuboribdi, hoziroq chiqinglar, eson–omon boringlar”, dedi. 37Pavlus esa mirshablarga shunday dedi:
— Rim fuqarosi boʻlsak ham#16:37 Rim fuqarosi boʻlsak ham… — Rim fuqarolari qilgan jinoyatlari uchun sud qilinmasdan oldin jazoga tortilmas edilar. Hattoki, Rim fuqarosi birorta jinoyatda aybdor, deb topilgan boʻlsa ham uni kaltaklash qonunga xilof edi. Yana 22:22-29 ga qarang., bizni hukm qilmasdan xalqning koʻz oʻngida kaltakladilar, zindonga tashladilar. Nima uchun endi yashirincha bizni joʻnatib yubormoqchilar?! Bunaqasi ketmaydi! Oʻzlari kelib, bizni zindondan chiqarsinlar.
38Mirshablar bu soʻzlarni amaldorlarga yetkazdilar. Ular Pavlus bilan Silasning Rim fuqarosi ekanini eshitib, qoʻrqib ketdilar. 39Shunday qilib, amaldorlar borib, ulardan kechirim soʻrab, ularni zindondan olib chiqdilar. Soʻngra: “Shahardan ketsangizlar”, deb iltimos qildilar. 40Pavlus bilan Silas zindondan chiqqanlaridan keyin, Lidiyaning uyiga bordilar. Ular u yerda imonlilar bilan uchrashib, ularga dalda berdilar. Shundan keyin ular Filippidan joʻnab ketdilar.

Currently Selected:

Havoriylar 16: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in