YouVersion Logo
Search Icon

Havoriylar 11

11
11–BOB
Quddusdagi imonlilar jamoatiga Butrusning xabari
1Havoriylar va Yahudiyadagi imonlilar: “Gʻayriyahudiylar ham Xudoning kalomini qabul qilibdilar” degan xabarni eshitdilar. 2Butrus Quddusga borganda, yahudiy imonlilar#11:2 yahudiy imonlilar — yunoncha matnda sunnat qilinganlar, Iso Masihga ishongan yahudiylar nazarda tutilgan. Bu oʻrinda ularning Muso qonunlariga, ayniqsa sunnat haqidagi amriga (Ibtido 17:9-14 ga qarang), qatʼiy rioya qilayotganlariga ishora boʻlishi mumkin. unga taʼna qildilar:
3— Siz sunnatsiz odamlarnikida mehmon boʻlibsiz, ular bilan birga yeb–ichibsiz!
4Shunda Butrus ularga yuz bergan voqeani batafsil tushuntira boshladi:
5— Men Yaffa shahrida ibodat qilayotgan edim, bir payt hushimdan ketib, vahiy koʻribman. Osmondan katta dasturxonga oʻxshash bir narsa toʻrt burchagidan osilgan holda oldimga tushib keldi. 6Men oʻsha narsaning ichiga yaxshilab qaradim va unda turli xil chorva va yovvoyi hayvonlarni, sudralib yuruvchilar va qushlarni koʻrdim. 7Oʻshanda bir ovoz menga: “Tur, Butrus, soʻyib yegin” deganini eshitdim. 8Men shunday javob berdim: “Aslo unday qilmayman, Egam! Men hech qachon harom yoki nopok narsalarni#11:8 harom yoki nopok narsalar — 10:14 izohiga qarang. ogʻzimga olmaganman!” 9Ammo oʻsha ovoz ikkinchi marta eshitilib: “Xudo halol deb aytgan narsalarni sen harom deb aytmasliging kerak”, deb osmondan gapirdi. 10Bu suhbat uch marta takrorlandi. Shunda dasturxonga oʻxshash oʻsha narsa yana osmonga olindi. 11Xuddi shu paytda Qaysariyadan yuborilgan uchta odam men turgan uyga yetib kelgan edi. 12Muqaddas Ruh menga: “Hech ikkilanmay bu odamlar bilan birga bor”, deb aytdi. Bu olti birodar men bilan birga borib, oʻsha odamning uyiga kirdi. 13U odam uyida farishta paydo boʻlganini, uning oʻzi bu farishtani koʻrganini bizga soʻzlab berdi. Farishta unga shunday debdi: “Yaffaga odam yuborib, Butrus degan odamni#11:13 Butrus degan odam — yunoncha matnda Butrus degan Shimoʻn. 10:5 izohiga qarang. chaqirtirib kel. 14U senga aytadigan xabar orqali oʻzing va oilang najot topasizlar.” 15Men gapimni boshlashim bilanoq, Muqaddas Ruh oldin bizni qamrab olgani singari, ularni ham qamrab oldi. 16Shunda men Rabbimiz Isoning: “Yahyo suvga choʻmdirgan edi, sizlar esa Muqaddas Ruhga choʻmdirilasizlar” degan soʻzlarini esladim#11:16 degan soʻzlari — 1:5 ga qarang.. 17Biz Rabbimiz Iso Masihga imon keltirganimizda, Xudo bizga bergan inʼomni ularga ham bergan boʻlsa, men kim boʻlibmanki, Xudoga qarshilik qilsam?!
18Ular bu soʻzlarni eshitib, jim boʻlib qoldilar. Soʻng Xudoga hamdu sano aytib:
— Xudo hatto gʻayriyahudiylarni ham hayotga eltadigan tavbaga olib boribdi, — dedilar.
Antioxiyadagi imonlilar jamoati
19Stefan oʻldirilgandan keyin boshlangan quvgʻinlar oqibatida imonlilar Finikiya, Kipr va Antioxiyaga tarqalib ketdilar. Ular Iso haqidagi xabarni yahudiylardan boshqa hech kimga aytmasdilar. 20Ularning orasida Kipr va Kirineyadan Antioxiyaga#11:20 Antioxiya — Rim imperiyasiga qarashli Suriya viloyatining poytaxti. Bu shahar butun Rim imperiyasida buyuk shaharlarning orasida uchinchi oʻrinda turgan. kelgan baʼzi imonlilar bor edi. Ular Rabbimiz Iso toʻgʻrisida u yerdagi gʻayriyahudiylarga#11:20 gʻayriyahudiylar — yunoncha matnda yunonzabonlar, yaʼni yahudiy boʻlmagan, lekin yunon tilida soʻzlashuvchi, yunon urf–odatlariga rioya qiluvchi odamlar nazarda tutilgan. Ular yahudiylarning Xudosiga sajda qiladigan, “Xudodan qoʻrqadigan” deb nom olgan gʻayriyahudiylar boʻlsa kerak (10:2 izohiga qarang). ham vaʼz qildilar. 21Egamizning qudrati ularda bor edi, shuning uchun koʻpchilik imonga kelib, Rabbimizga yuz burdi. 22Bu yangilik Quddusdagi imonlilar jamoatiga yetib keldi. Jamoatdagilar Barnaboni Antioxiyaga joʻnatdilar. 23U kelib, Xudoning marhamatini koʻrganidan xursand boʻldi. Hammaga: “Chin yurakdan Rabbimiz Isoga sadoqatingizni saqlab qolinglar”, deb nasihat qildi. 24U Muqaddas Ruhga va imonga toʻla, olijanob odam edi. Juda koʻp odamlar Isoni Rabbim deb imonga keldilar.
25Shundan keyin Barnabo Shoulni#11:25 Shoul — Pavlus ismi bilan tanilgan (13:9 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). izlab Tarsus shahriga ketdi. U Shoulni topgandan keyin, uni Antioxiyaga olib keldi. 26Shunday qilib, Barnabo bilan Shoul bir yil davomida u yerdagi jamoat bilan bir joyga yigʻilib, bir qancha odamlarga taʼlim berdilar. Shogirdlarga birinchi marta Antioxiya shahrida “masihiylar” deb nom berildi.
27Oʻsha paytda Quddusdan Antioxiyaga paygʻambarlar keldilar. 28Ulardan biri — Xagabus degani oʻrtaga chiqib, butun olamda qattiq ocharchilik boʻlishini Muqaddas Ruh orqali bashorat qildi. (Uning bashorati Qaysar#11:28 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. Klavdiy#11:28 Klavdiy — milodiy 41-54 yillarda hukmronlik qilgan. hukmronligi davrida amalga oshdi.) 29Shogirdlar, imkonimiz boricha Yahudiyada yashaydigan imonli birodarlarimizga yordam joʻnatamiz, deb qaror qildilar. 30Ular aytganlarini qilib, Barnabo va Shoul orqali Quddusdagi jamoat oqsoqollariga hadyalar yubordilar.

Currently Selected:

Havoriylar 11: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in