2 Salonikaliklar 3
3
3–BOB
Biz uchun ibodat qilinglar
1Ey birodarlar, xatimiz ham nihoyasiga yetib qoldi. Biz uchun ibodat qilinglar, xuddi sizlarning orangizda boʻlgani kabi, Rabbimiz Iso haqidagi Xushxabar tarqalaversin va izzat–hurmat bilan qabul qilinsin. 2Xudo bizni yomon va yovuz odamlardan qutqarishi uchun ham ibodat qilinglar, chunki hamma ham imonli emas. 3Ammo Rabbimiz Iso sadoqatlidir. U sizlarni kuchga toʻldirib, yovuz shaytondan himoya qiladi. 4Siz haqingizda Rabbimiz bizda ishonch hosil qildi. Biz aminmizki, buyurganlarimizni bajaryapsizlar va bajarishda davom etasizlar. 5Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Unga sodiq boʻlishga va Xudoni sevishga yoʻnaltirsin.
Ishlagan tishlaydi
6Birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: dangasalik qilayotgan, biz bergan taʼlimotlarga koʻra yashamayotgan birodarlardan uzoqroq yuring. 7Bizdan qanday oʻrnak olishingiz kerakligini oʻzingiz bilasiz. Sizlarning orangizda boʻlganimizda dangasalik qilmadik. 8Birovning nonini bekorga yemadik. Aksincha, boshqalarga ogʻirligimiz tushmasin deb, kechayu kunduz ishladik. Mashaqqat bilan mehnat qildik. 9Albatta, sizlardan biror narsa talab qilishga haqimiz yoʻqligi uchun emas, balki sizlarga namuna boʻlish uchun shunday qildik. 10Axir, sizlar bilan boʻlganimizda: “Ishlamagan tishlamaydi!” deb aytgan edik–ku!
11Eshitishimizcha, baʼzi birlaringiz yalqovlik qilayotgan ekansiz. Boshqalarning ishlariga aralashishdan boshqa narsani bilmas emishsiz. 12Mana shunday odamlarga Iso Masih nomi bilan buyurib aytamizki, tinchgina oʻz ishlaringiz bilan mashgʻul boʻling, nonni peshana teringiz bilan topib yeng. 13Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar.
14Ushbu xatimizdagi yoʻl–yoʻriqlarga quloq solmaganlarni koʻz ostingizga olib qoʻying. Bunday odamlarni uyaltirish uchun ular bilan aloqada boʻlmang. 15Ularni dushman hisoblamang, balki birodar sifatida ogohlantiring.
Xotima
16Tinchlik manbai boʻlgan Rabbimiz Isoning Oʻzi sizlarga har doim va har yoʻsinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor boʻlsin.
17Men, Pavlus, mana shu maktubning yakunini oʻz qoʻlim bilan yozyapman#3:17 …shu maktubning yakunini oʻz qoʻlim bilan yozyapman — 1 Korinfliklar 16:21 izohiga qarang.. Har bir yozgan maktubimning oʻziga xos belgisi shudir. 18Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor boʻlsin!#3:18 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin.
Currently Selected:
2 Salonikaliklar 3: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020