1 Shohlar 28
28
28–BOB
1Oʻsha kunlarda Filistlar Isroil lashkari bilan urush qilmoqchi boʻlib, lashkarlarini toʻplashdi. Oxish Dovudga:
— Bilib qoʻy, sen odamlaring bilan albatta men tomonda jang qilasan, — deb taʼkidladi.
2— Men qulingizman, oʻshanda nimalar qilishimni oʻzingiz koʻrasiz, — dedi Dovud.
— Yaxshi, — dedi Oxish, — sen doimo mening shaxsiy qoʻriqchim boʻlib qolasan.
Shoul arvohdan maslahat soʻraydi
3Shomuil olamdan oʻtganda, butun Isroil xalqi unga aza tutgan va uni oʻz shahri Ramaga dafn qilishgan edi. Shoul esa arvoh chaqiruvchilarni va folbinlarni yurtdan yoʻqotib yuborgan edi.
4Shu orada Filistlar toʻplanib, Shunam shahriga borib qarorgoh qurishdi. Shoul ham jamiki Isroil qoʻshinini yigʻib, Gilbova togʻida#28:4 Gilbova togʻi — Jalila koʻlidan qariyb 32 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan. qarorgoh qurdi. 5Shoul Filistlar qoʻshinini koʻrdi–yu, qattiq qoʻrqib ketdi, uni vahima bosdi. 6Shoul “Nima qilay?” deb Egamizning xohish–irodasini bilmoqchi boʻlgan edi, U Shoulga na tushida, na ruhoniylar#28:6 ruhoniylar — ibroniycha matnda Urim, ruhoniylarga ishora. Shoh biror muhim qaror chiqarishdan oldin, Xudoning xohishini bilish uchun ruhoniylarga murojaat qilardi. Bunday hollarda ruhoniylar Urim va Tummim degan muqaddas narsalardan foydalanishardi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang. Xudo Oʻz xohish–irodasini odamlarga baʼzan paygʻambarlar yoki tushlar orqali bildirgan (14:36 va 2 Shohlar 2:1 ga qarang). va na paygʻambarlar orqali javob berdi. 7Shundan keyin Shoul aʼyonlariga:
— Menga birorta arvoh chaqiradigan ayolni topib kelinglar, uning oldiga borib maslahat solayin, — deb farmon berdi.
— En–Doʻrda#28:7 En–Doʻr — Gilbova togʻidan qariyb 16 kilometr shimolda joylashgan shahar. bir arvoh chaqiradigan ayol bor, — dedi aʼyonlar. 8Shoul boshqacha kiyimlar kiyib, qiyofasini oʻzgartirdi va ikki kishini ergashtirib, kech kirganda, oʻsha ayolnikiga bordi.
— Iltimos qilaman, men uchun ruhlarga maslahat sol, senga kimning nomini aytsam, oʻsha odamni chaqirib ber, — dedi. 9Ayol shohga shunday javob berdi:
— Shoul nimalar qilganini, arvoh chaqiradiganlarni va folbinlarni yurtdan yoʻqotib yuborganini bilasan–ku. Shunday ekan, nimaga meni nobud qilmoq uchun tuzoq qoʻyyapsan?
10— Xudo haqi, bundan senga zarracha yomonlik kelmaydi, — deb ont ichdi Shoul.
11Shundan soʻng ayol:
— Senga kimni chaqirib berayin? — deb soʻradi.
— Menga Shomuilni chaqirib ber! — dedi Shoul.
12Ayol Shomuilni koʻrgach, qattiq baqirib yubordi. Soʻng Shoulga qarab, dedi:
— Siz shoh Shoulsiz–ku! Nega meni aldadingiz?
13— Qoʻrqma! — dedi shoh ayolga, — nimani koʻryapsan?
— Yer ostidan#28:13 Yer ostidan… — bu yerda Sheoʻl, yaʼni oʻliklar diyori nazarda tutilgan. 2:6 izohiga qarang. chiqayotgan bir arvohni koʻryapman, — deb javob berdi ayol.
14— Nimaga oʻxshaydi? — soʻradi Shoul.
— Rido kiygan keksaroq odam yuqoriga chiqyapti, — dedi ayol. Shu zahoti Shoul bildiki, u odam Shomuil. Muk tushib unga taʼzim qildi.
15— Nimaga meni chaqirib bezovta qilding? — soʻradi Shomuil.
— Men juda qiynalib ketdim, — dedi Shoul. — Filistlar menga hujum qilishmoqchi. Xudo esa meni tark etdi. Menga na paygʻambarlar orqali, na tushimda javob beryapti. Endi nima qilay, ayting, shunga sizni chaqirgan edim.
16— Egamiz seni tark etib, senga dushman boʻlgan ekan, endi nimaga mendan soʻrayapsan? — dedi Shomuil. 17— Egamiz men orqali aytganini qildi. Shohlikni sening qoʻlingdan tortib olib, Dovudga berdi. 18Chunki sen Egamizning amriga itoat etmading, Uning alangalangan gʻazabini sen Omolek xalqiga sochmading. Ana shuning uchun Egamiz bugun shu kunlarni boshingga solyapti. 19U seni ham, Isroil xalqini ham Filistlar qoʻliga beradi. Ertaga sen va oʻgʻillaring mening yonimda boʻlasizlar#28:19 …mening yonimda boʻlasizlar — halok boʻlib, oʻliklar diyoriga — Sheoʻlga kelasizlar, demoqchi.. Egamiz butun Isroil qoʻshinini ham Filistlar qoʻliga topshiradi.
20Shoul birdan mukkasi bilan yerga tushdi. Shomuilning gaplaridan qattiq qoʻrqib ketdi, sillasi quridi. U bir kecha–kunduz tuz totmagan edi. 21Ayol Shoulga yaqinlashdi–da, uning qattiq qoʻrqib ketganini koʻrib shunday dedi:
— Bu choʻringiz ham sizning gaplaringizni eshitdi, jonimni xatarga qoʻyib boʻlsa–da, istagingizni bajo keltirdim. 22Endi bu choʻringizning gaplarini eshiting. Oldingizga ozgina non–pon qoʻyaman, yeysiz. Hali yoʻl yurasiz, non–pon yeb olsangiz, darmon boʻladi.
23— Yemayman! — deb rad etdi Shoul.
Lekin aʼyonlari ham, ayol ham uni koʻndirishga koʻp harakat qilishdi. Oxiri, Shoul ularning aytganini qilishga rozi boʻldi. Yotgan yeridan turib, toʻshakka oʻtirdi. 24Ayolning uyida boquvdagi bir buzogʻi bor edi. Ayol uni tezda soʻydi. Un oldi–da, xamir qorib, xamirturushsiz non yopdi. 25Taomlarni Shoul bilan aʼyonlari oldiga qoʻydi. Ular yeb–ichib, oʻsha kuni tunda turib joʻnab ketishdi.
Currently Selected:
1 Shohlar 28: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020