1 Shohlar 27
27
27–BOB
Dovud Filistlar orasida
1Dovud: “Bir kun Shoulning qoʻlida nobud boʻlsam kerak”, deb oʻylardi. “Yaxshisi, Filistlar yerlariga qochib qolay. Oʻshanda Shoul Isroilning har burchagidan meni qidirib yurishdan voz kechadi, men ham uning qoʻlidan qutulib qolaman.”
2Shunday qilib, Dovud va uning yonidagi olti yuz kishi oilalari bilan yoʻlga otlanib, Gat#27:2 Gat — Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan bu shahar Filistlarning beshta asosiy shahridan biri edi. shohi Oxish tomoniga oʻtib ketishdi. Shoh Oxish Moyux deganning oʻgʻli edi. 3Hammalari oilalari bilan birga Gatda — Oxishning yonida joylashishdi. Dovud ham ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl bilan joylashdi. 4Shoul Dovudning Gatga qochib ketganini eshitgach, endi uni axtarmay qoʻydi.
5Dovud Oxishga:
— Agar men, qulingiz, sizning iltifotingizga sazovor boʻlsam, yon–atrofdagi shaharlarning biridan menga joy bersangiz, men oʻsha yerda istiqomat qilayin, — dedi. — Qulingizning siz bilan birga shoh shahrida yashashiga hojat yoʻq.
6Oxish oʻsha kuni Dovudga Zixlax shahrini berdi. Oʻshandan buyon Zixlax Yahudo shohlariga qarashli shahardir. 7Dovud Filistlar yurtida bir yilu toʻrt oy istiqomat qildi.
8Dovud odamlari bilan Geshir, Gezer va Omolek xalqlarining yeriga bostirib borardi. Bu elatlar uzoq zamonlardan beri Shurga va Misr chegarasigacha choʻzilgan yerlarda yashab kelishardi. 9Dovud biror yurtni bosib olsa, erkak, ayol demas, tirik jonni sogʻ qoʻymasdi. Faqat qoʻy, mol, eshak, tuya va kiyim–kechaklarni oʻlja olib, shoh Oxishning huzuriga qaytib kelardi. 10Oxish: “Bugun biron yerga bostirib bordingizlarmi?” deb soʻrasa, Dovud: “Yahudoning Nagav choʻlidagi hududlarini bosib oldik”, yoki “Nagav choʻlidagi Yaraxmal urugʻi yerlarini bosib oldik”, yoki “Nagav choʻlidagi Xayin xalqi yerlarini#27:10 …Yahudoning Nagav choʻlidagi hududlari…Yaraxmal urugʻi yerlari…Xayin xalqi yerlari… — Yaraxmal urugʻi Yahudo qabilasiga mansub, Xayin xalqi Yahudoning ittifoqdoshi edi. Oxish “Dovud oʻz qabilasi Yahudoga va Yahudo qabilasining ittifoqdoshiga hujum qilgan”, deb oʻylashini Dovud istagan edi. qoʻlga oldik”, deb javob berardi. 11Dovud biror kimsani Gatga olib kelmas, “Dovud unday qildi, bunday qildi, deb aytmasin” deya, erkagu ayolni tirik qoldirmasdi. Dovud Filistlar yurtida yashagan paytda shunday qilardi. 12Oxish Dovudga ishonardi. “Dovud oʻz xalqi — Isroil xalqiga oʻzini dushman qilib qoʻydi, bundan keyin to abad mening xizmatimda qoladi”, deb oʻylardi.
Currently Selected:
1 Shohlar 27: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020