1 Shohlar 2
2
2–BOB
Xannaning ibodati
1Xanna shunday ibodat qildi:
“Egam tufayli koʻnglim togʻday koʻtarildi,
Quvvatimni oshirgan Oʻshadir.
Dushmanlarim oldida maqtanarman,
Najot berganing uchun sevinarman.
2Egam — tanho va Muqaddas Xudo,
Ha, Sendan boshqasi yoʻq, ey Egam.
Xudoyimizday qoya yoʻqdir.
3Ortiq manmanlikka berilmang ogʻiz koʻpirtirib,
Ogʻzingizdan kibrli soʻzlar chiqmasin.
U hammasini biladigan Xudodir,
U odamlarning xatti–harakatini hukm qiladi.
4Kuchlilarning yoylari sinib ketadi,
Ojizlar quvvat kamarini bogʻlaydi.
5Toʻq boʻlganlar luqma non uchun mardikordirlar,
Och boʻlganlar esa endi toʻqdirlar.
Befarzand ayol yetti bola tugʻar,
Serfarzand ayol esa kimsasiz qolar.
6Jonni oladigan ham Egamizdir,
Jonni ato qiladigan ham Egamizdir.
Oʻliklar diyoriga#2:6 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. Qadimda Isroil xalqi Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi. U tushirar va
Yana qayta olib ham chiqar.
7U kimnidir yoʻqsil, kimnidir boy qilar,
Kimnidir yerga urar, kimnidir yuksaltirar.
8Bechorahollarni U tuproqdan koʻtarar,
Faqirlarni axlatdan olib chiqib yuksaltirar.
Ularga shahzodalar yonidan joy berar,
Shuhrat taxtini meros qilib berar.
Chunki Egamnikidir zamin ustunlari#2:8 zamin ustunlari — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, yer tep–tekis boʻlib, yer ostida buyuk dengiz bor edi, dengiz tubidan chiqqan ulkan ustunlar yerni ushlab turardi. Ular, bu ustunlarning ostidagi poydevor sirli, faqat Yaratganga ayondir, deb tushunganlar.,
Ustunlarning ustiga qoʻygandir U olamni.
9Sodiq bandalarini U himoya qilar,
Fosiqlar esa zulmatda soʻnib qolar.
Zero, kuch ila zafarga yetishmas inson.
10Egamizga qarshi turganlar parcha–parcha boʻlajak,
Xudoyi Taolo ularga qarshi osmonni gumburlatajak.
Butun olamni Egamiz hukm qilajak,
Oʻzi moy surtib tanlagan shohiga kuch ato etib,
Uning quvvatini oshirajak.”
11Shundan keyin Elqana oilasi bilan Ramaga — uyiga joʻnadi. Kichkina Shomuil esa ruhoniy Elaxning huzurida qoldi va Egamizga xizmat qila boshladi.
Elaxning yaramas oʻgʻillari
12Elaxning oʻgʻillari yaramas yigitlar edi. Ular Egamizni hurmat qilmas, 13xalq oldidagi oʻz ruhoniylik burchlarini mensimasdilar. Birortasi kelib qurbonlik soʻyib, goʻshtini qaynatayotganda, Elax oʻgʻillarining xizmatkori uch tishli sanchqi bilan kelardi. 14Xizmatkor sanchqini qozonga yoki tovaga tiqardi. Sanchqiga ilinganini Elaxning oʻgʻillariga olib borardi. Ular Shiloʻga kelgan Isroil xalqining hammasiga shunday munosabatda boʻlishardi. 15Hatto qurbonlikning yogʻini kuydirmasdan oldin#2:15 …qurbonlikning yogʻini kuydirmasdan oldin… — qurbonliklarning yogʻi Egamizga tegishli edi, shuning uchun qurbonlikning goʻshtini pishirib tanovul qilishdan oldin, uning yogʻi nazr sifatida kuydirilishi lozim edi (Levilar 3:3-4, 9-10, 14-15 ga qarang)., ruhoniyning xizmatkori kelib, qurbonlik qilayotgan odamga shunday derdi:
— Ruhoniyga qovurish uchun goʻsht ber! U sendan qaynatilganidan emas, xomidan qabul qiladi.
16Qurbonlik qilayotgan odam:
— Oldin Egamizga atab qurbonlikning yogʻini kuydirib olay, keyin xohlaganingcha olaver, — deydigan boʻlsa, xizmatkor:
— Yoʻq, hozir berasan, yoʻqsa zoʻrlik bilan tortib olaman, — deb javob berardi.
17Elax oʻgʻillarining bu gunohi Egamiz oldida juda ogʻir edi, chunki ular Egamizga atalgan nazr–niyozlarga shunday hurmatsizlik qilishardi.
Yosh Shomuil Shiloʻda
18Yosh Shomuil esa shu paytda ruhoniylarning muqaddas libosini#2:18 ruhoniylarning muqaddas libosi — ibroniycha matnda zigʻir matosidan tikilgan efod, yaʼni ruhoniylar kiyib yuradigan libos. kiyib, Egamiz huzurida xizmat qilib yurardi. 19Har yilgi qurbonlikni ado etish uchun onasi bilan otasi bu yerga kelishar, onasi oʻzi tikkan kiyimni#2:19 kiyim — ibroniycha matndagi bu soʻz toʻnni yoki ruhoniylar kiyadigan ridoni bildiradi. Shomuil yosh bola boʻlganiga qaramay, onasi unga ruhoniylar kiyadigan kiyimlarni tikib bergan edi. oʻgʻliga olib kelardi. 20Ruhoniy Elax esa Elqana bilan uning xotinini duo qilib, Elqanaga: “Xudodan tilab olib, Unga bagʻishlagan farzandingning oʻrniga Egamiz senga shu xotindan yana farzandlar bersin”, deb aytardi. Shundan keyin ular uylariga ketishardi.
21Egamiz Xannaga gʻamxoʻrlik qildi. U homilador boʻlib, yana uch oʻgʻil, ikki qiz tugʻdi. Yosh Shomuil esa Egamizning huzurida oʻsib–ulgʻaydi.
Elax va uning oʻgʻillari
22Elax juda keksayib qolgan edi. U oʻgʻillarining jamiki Isroil xalqiga yomon munosabatda boʻlishayotganini, Uchrashuv chodiriga#2:22 Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodirning yana bir nomi (1:7 izohiga qarang). kiraverishda xizmat qiladigan ayollar#2:22 Uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qiladigan ayollar… — bu ayollar guruhi haqida hech qanday maʼlumot saqlanib qolmagan. Ular Muqaddas Kitobning yana bir joyida — Chiqish 38:8 da tilga olingan. Ehtimol, bu ayollar alohida bir vaʼda boʻyicha oʻzlarini Xudoga nazr sifatida bagʻishlab, Unga xizmat qilganlar (Sahroda 6:1-2 ga qarang). bilan zino qilishayotganini eshitib turardi. 23Elax oʻgʻillariga derdi:
— Nimaga bunday qilyapsizlar? Qilayotgan qabih ishlaringiz hammaning ogʻzida. 24Bunday qilmanglar, oʻgʻillarim! Egamizning xalqi orasida yoyilgan gap–soʻzlar yaxshi emas. 25Odam odamga qarshi gunoh qilsa, Xudo vositachilik qiladi. Ammo odam Egamizga qarshi gunoh qilsa, oʻrtada kim vositachilik qila oladi?!
Biroq oʻgʻillari otalarining gapini quloqlariga olmasdilar. Shuning uchun Egamiz ularni oʻldirishga qaror qilib qoʻygan edi.
26Yosh Shomuil esa ulgʻayib, Egamizning va xalqning olqishiga sazovor boʻlayotgan edi.
Elax xonadoni haqida bashorat
27Bir kuni Elaxning oldiga bir paygʻambar kelib, shunday dedi:
— Egamiz senga aytmoqda: “Isroil xalqi Misr yurtida firʼavnga qul boʻlib yurganda, Oʻzimni ota–bobolaringga zohir qildim–ku! 28Bobong Horun Mening qurbongohimga chiqsin, qurbonlik kuydirib, oldimda efodni kiyib yursin deb, jamiki Isroil qabilalari orasidan Men uni Oʻzimga ruhoniy qilib tanlab olgan edim. Buning ustiga, Horun avlodining ulushi boʻlsin deb, hamma kuydiriladigan qurbonliklardan ham berdim. 29Shunday boʻlgach, Men buyurgan qurbonlik va nazrlarni nimaga pisand qilmayapsizlar?! Nimaga xalqim Isroil bergan hamma nazrlardan eng yaxshi ulushlarni olib oʻzingiz yeb semiryapsizlar?! Nimaga oʻgʻillaringni Mendan ortiq koʻryapsan?!
30Shuning uchun Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, aytamanki, avloding va otangning avlodi Menga abadiy xizmat qiladilar, deb aytgan boʻlsam ham, endi bunday boʻlmaydi! Meni izzat qilganni Men ham izzat qilaman, Meni xor qilgan esa sharmanda boʻlar. 31Shunday kunlar yaqinlashmoqda: Men sening va otangning xonadonini yoʻqotaman. Natijada xonadoningdagi hamma kimsa ajalidan besh kun burun oʻladi. 32Men Isroil xalqi ustiga yogʻdiradigan rohat–farogʻatni sen koʻrib, kulfat ichra ularga hasad qilasan. Sening xonadoningdan hech kim uzoq umr koʻrmaydi. 33Xonadoningdan faqat bittasini yoʻq qilmasdan asrab qolaman. Lekin uning koʻzlari yoshga, yuragi gʻam–gʻussaga toʻladi. Butun xonadoning ahli juvonmarg ketadi. 34Ikkala oʻgʻling — Xoʻfnax bilan Finxazning boshiga tushadigan koʻrgilik senga bir alomat boʻlsin: ikkovi ham bir kunda nobud boʻladi.
35Mening xohish–irodamni amalga oshiradigan sadoqatli bir ruhoniyni Oʻzim uchun tayin etaman, u koʻnglimdagiday xizmat qiladi. Uning avlodini boqiy qilaman, Men moy surtib tanlagan shoh oldida u umr boʻyi xizmat qiladi. 36Xonadoningda tirik qolgan har bir odam qora chaqaga va bir burda nonga zor boʻlib uning oldiga keladi, oʻtinaman, menga biror ruhoniylik vazifasini ber, tirikchiligimni oʻtkazib turay, deb yolvorib taʼzim qiladi.”
Currently Selected:
1 Shohlar 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020