Ibtido 4
4
4–BOB
Qobil bilan Hobil
1Odam Ato xotini Momo Havoga yaqinlashgandan keyin, Momo Havo homilador boʻldi. Momo Havo oʻgʻil koʻrdi va: “Xudoning qudrati bilan oʻgʻilli boʻldim”, deb ismini Qobil#4:1 Qobil — bu ism ibroniychadagi ega boʻlmoq soʻziga ohangdosh. qoʻydi. 2Keyinroq Momo Havo ikkinchi oʻgʻlini tugʻdi va unga Hobil deb ism qoʻydi. Bolalar ulgʻayib, Hobil — qoʻychivon, Qobil — dehqon boʻldi. 3Vaqti kelib, Qobil yerning hosilidan Egamizga nazr olib keldi. 4Hobil ham suruvidagi birinchi tugʻilgan qoʻzilardan bittasini tanlab olib, soʻydi va qoʻzining yogʻli joylarini Egamizga nazr qilib olib keldi. Egamiz Hobilni va uning nazrini manzur koʻrdi, 5lekin Qobilning oʻzi ham, uning nazri ham maʼqul boʻlmadi. Qobil qattiq xafa boʻlib, qovogʻini soldi. 6Shunda Egamiz Qobilga dedi: “Nega xafa boʻlding? Nimaga qovogʻingni solding? 7Agar sen toʻgʻri ish qilsang, seni qabul qilmasmidim?!#4:7 …seni qabul qilmasmidim?! — yoki …nazringni qabul qilmasmidim?! yoxud …xursand boʻlmasmiding?! Bilginki, yomon ish qilsang, eshigingda gunoh poylab turadi, sherga oʻxshab tashlanib, seni oʻlja qilmoqchi boʻladi. Gunoh sening ustingdan hukmron boʻlishni istaydi. Lekin sen gunohni magʻlub qilishing kerak.”
8Qobil ukasi Hobilga: “Yur, dalaga boramiz”, deb taklif qildi#4:8 Qobil ukasi Hobilga: “Yur, dalaga boramiz”, deb taklif qildi — qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Qobil ukasi Hobil bilan gaplashdi.. Ular dalaga borganlarida, Qobil ukasiga tashlanib, uni oʻldirdi.
9Egamiz Qobildan:
— Ukang Hobil qayerda? — deb soʻradi.
— Bilmayman, nima, ukam qayerga borsa, men uning qadamini oʻlchab yurishim kerakmi?! — deb eʼtiroz bildirdi.
10Shunda Egamiz:
— Nima qilib qoʻyding?! — dedi. — Eshitib ol: ukangning qoni Menga yerdan faryod qilmoqda. 11Ukangning qoni bilan yerni bulgʻaganing uchun endi laʼnati boʻlasan, yerga hech qachon ishlov berolmaysan. 12Yerga qanchalik jon kuydirib ishlov bermagin, yer sen uchun boshqa moʻl hosil yetishtirmas. Hozirdan boshlab sen yer yuzida doimo bir joydan boshqa joyga qochib, boshpanasiz, daydib yurasan.
13Qobil Egamizga:
— Jazoyim shunchalik ogʻirki, bir oʻzim koʻtara olmayman, — deb javob berdi. 14— Bugun Sen meni yerimdan haydading. Endi men Sendan uzoq boʻlib yashayman, yer yuzida sarson–sargardon boʻlib, qochib yuraman. Endi meni birortasi uchratib qolib, oʻldirib qoʻyishi mumkin.
15Shunda Egamiz:
— Yoʻq, hech kim seni oʻldirmaydi! — deb javob berdi Qobilga. — Kim seni oʻldirsa, undan yetti karra oʻch olaman.
Shunday qilib, Egamiz, Qobilni birov urib oʻldirib qoʻymasin deb, unga tamgʻa qoʻydi. 16Soʻngra Qobil Egamizdan uzoqlashib ketdi va Adanning sharqidagi Nod#4:16 Nod — ibroniychadagi maʼnosi darbadarlik. degan yerga oʻrnashdi.
Qobilning nasli
17Qobilning xotini homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. Oʻgʻliga Xanoʻx deb ism qoʻydilar. Qobil bir shahar qurdi va shaharni oʻgʻlining ismi bilan Xanoʻx deb atadi. 18Xanoʻx bir oʻgʻil koʻrib, ismini Irod qoʻydi. Iroddan — Maxuvol, Maxuvoldan — Matushol, Matusholdan — Lamex degan oʻgʻillar tugʻildi. 19Lamex ikki xotin oldi. Bittasining ismi Oida, boshqasiniki Zilla edi. 20Oida bir oʻgʻil koʻrib, ismini Yobol qoʻydi. Yobol chodirlarda yashaydigan choʻponlarning ota–bobosi boʻldi. 21Ukasining ismi Yuval edi. Yuval lira va nay chaluvchi sozandalarning ota–bobosi boʻldi. 22Zilla ham bir oʻgʻil koʻrib, ismini Tuvalqobil qoʻydi. Tuvalqobil birinchi boʻlib bronza va temir asboblar yasagan edi. Tuvalqobilning Namax degan singlisi bor edi.
23Lamex xotinlariga dedi:
“Oida va Zilla, menga quloq solinglar.
Ey xotinlarim! Gapimni eshitinglar!
Meni yaralagan odamni men oʻldirdim,
Meni urgan yosh yigitni nobud qildim.
24Qobilni oʻldirgandan yetti karra oʻch olinsa,
Lamexni oʻldirgandan yetmish yetti karra oʻch olinar.”
Shis va Enoʻsh
25Odam Ato bilan xotini yana bir oʻgʻil koʻrdilar. Momo Havo: “Qobil oʻldirgan Hobilning oʻrniga Xudo boshqa farzand berdi”, deb ismini Shis#4:25 Shis — bu ism ibroniychadagi berilgan soʻziga ohangdosh. qoʻydi. 26Shis ulgʻayib, u ham bir oʻgʻil koʻrdi va ismini Enoʻsh qoʻydi. Oʻsha paytda odamlar endi Egamizga sajda qila boshlagan edilar.
Aktuálne označené:
Ibtido 4: O‘zbMK
Zvýraznenie
Zdieľať
Kopírovať
Chceš mať svoje zvýraznenia uložené vo všetkých zariadeniach? Zaregistruj sa alebo sa prihlás
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020