YouVersion
Pictograma căutare

Yuhanno 11

11
11–BOB
Lazarning oʻlimi
1Baytaniya qishlogʻida#11:1 Baytaniya qishlogʻi — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonida joylashgan edi. Lazar ismli bir odam kasal boʻlib yotgan edi. Maryam va uning opasi Marta ham shu qishloqda yashar edilar. 2Keyinchalik Rabbimiz Isoga atir moy surtgan va Uning oyoqlarini sochi bilan artib quritgan oʻsha Maryam edi#11:2 …oʻsha Maryam edi — 12:1-8 ga qarang.. Kasal yotgan Lazar esa Maryamning akasi edi.
3Opa–singil Isoga:
— Hazrat, Sizning aziz doʻstingiz kasal, — degan xabar yuborishdi. 4Iso buni eshitib, shunday dedi:
— Bu kasallik oʻlim bilan yakunlanmaydi, balki Xudoning ulugʻlanishiga va shu orqali Xudo Oʻgʻlining#11:4 Xudo Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. ulugʻlanishiga sabab boʻladi.
5Iso Martani, uning singlisini va Lazarni yaxshi koʻrar edi. 6Ammo Lazarning xasta ekanini bilsa ham, turgan joyida yana ikki kun qoldi. 7Shundan soʻng U shogirdlariga:
— Yahudiyaga qaytib boraylik, — dedi.
8Shogirdlari esa shunday dedilar:
— Ustoz, yaqindagina yahudiylar Sizni toshboʻron qilmoqchi edilar–ku! Endi yana u yerga bormoqchimisiz?
9Iso javob berdi:
— Kunduz oʻn ikki soatdan iborat emasmi?! Kim kunduzi yursa, qoqilmaydi, chunki bu dunyoning nurini koʻradi. 10Kechasi yurgan esa qoqiladi, chunki uning oʻzida nur yoʻq.
11Bu soʻzlarini aytib boʻlib, ularga yana dedi:
— Doʻstimiz Lazar uxlab qoldi. Men uni uygʻotgani ketyapman.
12— Hazrat, agar uxlayotgan boʻlsa, tuzalib ketadi, — dedi shogirdlari.
13Iso Lazarning oʻlimini nazarda tutgan edi. Shogirdlar esa Iso odatdagi uyqu toʻgʻrisida gapirdi, deb oʻyladilar. 14Keyin Iso ularga ochigʻini aytdi:
— Lazar vafot etdi. 15Men uning yonida boʻlmaganimdan xursandman, chunki bu vaziyat sizlarning ishonishingizga imkon beradi. Qani, endi uning oldiga boraylik.
16Shunda Toʻma, yaʼni Didimus#11:16 Toʻma, yaʼni Didimus — uning oramiycha ismi Toʻma, yunonchasi Didimus edi. Ikkala tilda ham bu ismlarning maʼnosi — egizak. boshqa shogirdlarga:
— Qani, yuringlar, biz ham Iso bilan oʻlamiz! — dedi.
Iso — tiriklik manbai
17Iso u yerga yetib borib bildiki, Lazarning qabrga qoʻyilganiga toʻrt kun boʻlgan ekan. 18Baytaniya qishlogʻi Quddusdan bor–yoʻgʻi uch chaqirimcha#11:18 uch chaqirimcha — yunoncha matnda oʻn besh stadion, taxminan 3 kilometrga toʻgʻri keladi. masofada joylashgan edi. 19Quddusdagi koʻp yahudiylar Marta bilan Maryamning oldiga akasining vafoti munosabati ila tasalli berish uchun borgan edilar. 20Marta Isoning kelayotganini eshitib, Uni kutib olgani chiqdi. Maryam esa uyda qoldi.
21— Hazrat! — dedi Marta Isoga. — Agar Siz bu yerda boʻlganingizda edi, akam oʻlmagan boʻlardi. 22Ammo hozir ham bilaman, Siz Xudodan nima soʻrasangiz, Xudo Sizga beradi.
23— Sening akang tiriladi, — dedi Iso.
24— Bilaman, oxiratda oʻliklar tirilganda tiriladi, — dedi Marta. 25Iso unga dedi:
— Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam oʻlsa ham yashaydi. 26Kimda–kim Menga ishonib yashasa, to abad oʻlmaydi. Bunga ishonasanmi?
27— Ha, Hazrat, — dedi Marta, — Siz dunyoga keladigan Masih, Xudoning Oʻgʻli ekaningizga ishonaman.
28Marta shunday dedi–yu, borib singlisi Maryamni chaqirdi. Unga sekingina dedi:
— Ustoz shu yerda, U seni chaqiryapti.
29Maryam buni eshitgach, shoshib oʻrnidan turdi–da, Isoning oldiga ketdi. 30Iso hali qishloqqa kirmagan, hanuz Marta Uni kutib olgan joyda edi. 31Maryam bilan uyda boʻlgan va unga tasalli berayotgan odamlar uning shoshilib oʻrnidan turib tashqariga chiqqanini koʻrishdi. Maryam yigʻi–sigʻi qilgani qabrga ketyapti, deb oʻylab, uning orqasidan ketishdi.
32Maryam Iso turgan yerga yetib kelib, Uni koʻrdi–yu, oyogʻiga yiqilib dedi:
— Hazrat! Agar Siz shu yerda boʻlganingizda edi, mening akam oʻlmagan boʻlardi!
33Maryam ham, u bilan kelganlar ham yigʻlayotgan edilar. Iso buni koʻrib, qattiq iztirobga tushdi, koʻngli oʻrtanib ketdi.
34— Uni qayerga qoʻydingizlar? — deb soʻradi.
— Yuring, Hazrat, koʻrasiz! — dedilar.
35Isoning koʻzlaridan duv–duv yosh oqdi. 36Oʻsha yerdagi odamlar:
— Qaranglar, uni qanchalik yaxshi koʻrar ekan! — deyishdi. 37Ulardan baʼzilari esa shunday deyishdi:
— U koʻrning koʻzlarini ochgan. Lazarni ham oʻlimdan olib qolsa boʻlmasmidi?!
Iso Lazarni tiriltiradi
38Iso tagʻin qattiq iztirob chekib, qabr oldiga keldi. Qabr bir gʻor boʻlib, ogʻzi tosh bilan yopilgan edi. 39Iso:
— Toshni olib tashlanglar! — dedi. Marhumning singlisi Marta Unga dedi:
— Hazrat, jasad hidlanib qolgan–ku! Axir, qabrga qoʻyilganiga toʻrt kun boʻldi!
40— Agar ishonsang, Xudoning ulugʻvorligini koʻrasan, deb senga aytmaganmidim?! — dedi Iso.
41Toshni olib tashladilar. Iso esa osmonga koʻz tikib, dedi:
— Ey Ota! Meni eshitganing uchun Senga shukurlar aytaman. 42Sen Meni doimo eshitishingni bilaman. Lekin bu soʻzlarni shu yerda turgan xalq uchun aytyapman, toki Meni Sen yuborganingga ular ishonsin.
43Shunday dedi–yu, baland ovoz bilan xitob qildi:
— Lazar, tashqariga chiq!
44Shu payt qoʻlu oyoqlari kafanlangan, yuzi roʻmol bilan oʻralgan marhum chiqib keldi.
— Kafanini yechinglar, uni qoʻyib yuboringlar, — dedi Iso odamlarga.
Isoni oʻldirish rejasi
45Maryamni yoʻqlagani kelgan odamlarning koʻpchiligi Isoning qilgan ishini koʻrib, Unga ishonishdi. 46Ammo baʼzilari farziylarning oldiga borib, Isoning qilganlarini aytib berishdi.
47Shundan keyin bosh ruhoniylar va farziylar Oliy kengash#11:47 Oliy kengash — yahudiylarning siyosiy va diniy kengashi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi OLIY KENGASH iborasiga qarang. chaqirib, deyishdi:
— Nima qilamiz? Bu Odam juda koʻp moʻjizali alomatlar koʻrsatib yuribdi–ku! 48Buni davom etishiga yoʻl qoʻysak, hamma Unga ishonib ketadi. Rimliklar kelib, Maʼbadimizni ham, xalqimizni ham xonavayron qiladilar.
49Ulardan biri, oʻsha yili oliy ruhoniy boʻlgan Kayafas#11:49 Kayafas — 18:13 izohiga qarang. soʻz oldi:
— Sizlar hech narsani bilmaysizlar! 50Butun xalq halok boʻlgandan koʻra, bitta odamning xalq uchun oʻlishi oʻzingiz uchun yaxshiroq–ku! Nahotki buni tushunmasangizlar?!
51Bu soʻzlarni u oʻzidan–oʻzi aytmagan edi. Balki oʻsha yili oliy ruhoniy sifatida Isoning xalq uchun oʻlishini bashorat qilgan edi. 52Iso nafaqat yahudiy xalqi uchun, balki Xudoning tarqoq boʻlgan hamma farzandlarini#11:52 Xudoning tarqoq boʻlgan hamma farzandlari — Iso Masihga imon keltiradiganlarning hammasiga ishora (1:11-12 ga qarang). birlashtirish uchun oʻlishi kerak edi.
53Shunday qilib, oʻsha kundan boshlab, Isoni oʻldirishga til biriktirdilar. 54Iso esa endi yahudiylar orasida ochiqchasiga yurmaydigan boʻldi. U choʻl yaqinidagi Efrayim shahriga#11:54 Efrayim shahri — Oʻfra nomi bilan ham mashhur boʻlgan, Quddusdan qariyb 24 kilometr shimoli–sharqda joylashgan shahar nazarda tutilgan boʻlsa kerak. borib, Oʻz shogirdlari bilan oʻsha yerda qoldi.
55Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. Mamlakatning hamma tomonidan odamlar bayramdan oldin poklanish uchun Quddusga borishdi. 56Shu vaqtda Isoni izladilar. Maʼbadda yigʻilib turganlar oʻzaro: “Nima deb oʻylaysizlar? U bayramga keladimi?” deb soʻrashdi. 57Bosh ruhoniylar va farziylar esa Isoni qoʻlga olmoqchi boʻlib, shunday buyruq bergan edilar: “Kim Isoning qayerdaligini bilib qolsa, xabar qilsin.”

Selectat acum:

Yuhanno 11: O‘zbMK

Evidențiere

Partajează

Copiază

None

Dorești să ai evidențierile salvate pe toate dispozitivele? Înscrie-te sau conectează-te