Luqo 18
18
18–BOB
Beva ayol va adolatsiz qozi haqida masal
1Shogirdlar doimo va bezmasdan ibodat qilsin deb, Iso ularga shunday bir masal aytib berdi: 2“Bir shaharda Xudodan ham qoʻrqmaydigan, odamdan ham uyalmaydigan bir qozi bor ekan. 3Oʻsha shaharda bir beva ayol ham yashar ekan. U qozining oldiga tez–tez borib turib:
— Meni raqibimdan himoya qiling, — deb oʻtinarkan. 4Qozi ancha vaqtgacha unga yordam berishdan bosh tortib yurar ekan. Oxiri u oʻzi–oʻziga shunday debdi:
— Men Xudodan qoʻrqmayman, odamlardan ham uyalmayman. 5Ammo bu beva xotin meni holu jonimga qoʻymagani uchun uni himoya qila qolay. Boʻlmasa, u kelaverib meni bezor qiladi.”
6Rabbimiz Iso gapida davom etdi: “Adolatsiz qozining gapini eshitdingizmi? 7Shunday ekan, nahotki Xudo tunu kun iltijo qilayotgan Oʻz tanlaganlarini himoya qilmasa?! Yoʻq, Xudo ularni kuttirib qoʻymaydi! 8Sizlarga aytaman: ularni zudlik bilan himoya qiladi! Ammo Inson Oʻgʻli kelganda, yer yuzida imoni bor odamlarni toparmikin?”
Farziy va soliqchi haqida masal
9Oʻzlarining solihligiga ishonib, boshqalarni mensimaydigan baʼzi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi: 10“Ikki odam ibodat qilgani Maʼbadga kirishibdi. Ularning biri farziy, ikkinchisi soliqchi#18:10 soliqchi — 3:12 izohiga qarang. ekan. 11Farziy oʻrnidan turib, shunday ibodat qilibdi:
— Xudoyim, Oʻzingga shukur! Chunki men boshqalarga oʻxshab oʻgʻri, jinoyatchi, zinokor yoki manavi soliqchiday emasman. 12Men haftada ikki marta roʻza tutaman. Topganimning oʻndan birini ushr qilib beraman.
13Soliqchi boʻlsa uzoqda turib, hatto osmonga ham qarashga botinolmay, koʻkragiga urganicha:
— Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! — deb iltijo qilardi.
14Sizga aytaman: farziy emas, mana shu odam oqlanib uyiga qaytdi. Zotan, oʻzini oʻzi yuksaltirgan odam kamsitiladi, oʻzini past olgan odam esa yuksaltiriladi.”
Iso bolalarni duo qiladi
15Iso bolalarimizga qoʻl tekkizsin deb, odamlar Uning oldiga hatto goʻdaklarni ham olib kelishardi. Shogirdlar buni koʻrib, odamlarni koyidilar. 16Iso esa bolalarni yoniga chaqirib, dedi: “Bolalarga yoʻl beringlar, Mening oldimga kelishlariga toʻsqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi shundaylarnikidir. 17Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.”
Boylik va abadiy hayot haqida
18Obroʻli bir odam Isodan soʻradi:
— Valineʼmat Ustoz! Abadiy hayotga ega boʻlish uchun nima qilishim kerak?
19Iso unga dedi:
— Nega Meni valineʼmat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valineʼmat emas–ku! 20Sen amrlarni bilasan: “Zino qilma. Qotillik qilma. Oʻgʻrilik qilma. Yolgʻon guvohlik berma. Ota–onangni hurmat qilgin.”#18:20 Chiqish 20:12-16, Qonunlar 5:16-20 ga qarang.
21— Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman, — dedi boyagi boshliq. 22Buni eshitib, Iso dedi:
— Senga birgina narsa yetishmaydi: bor narsangni sot, pulini kambagʻallarga tarqat. Shunda samoda xazinang boʻladi. Keyin kelib, Menga ergashgin.
23Boshliq buni eshitib, qattiq xafa boʻldi, chunki u juda boy edi. 24Iso uning xafa boʻlganini koʻrib dedi:
— Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin! 25Boyning Xudo Shohligiga kirishidan koʻra, tuyaning igna teshigidan oʻtishi osonroqdir.
26Buni eshitganlar esa:
— Unday boʻlsa, kim najot topa olar ekan? — deb soʻrashdi. 27Iso shunday javob berdi:
— Odamlar uchun imkonsiz boʻlgan narsaning Xudo uchun imkoni bor.
28Shunda Butrus dedi:
— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.
29Iso shogirdlariga dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, Xudoning Shohligi uchun uy–joyini yoki xotinini yo aka–ukalarini yoki ota–onasini yo bola–chaqasini qoldirgan odam#18:29 …uy–joyini…qoldirgan odam — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida uy–joyini yoki ota–onasini yo aka–ukalarini yoki opa–singillarini yo xotinini yoki bolalarini qoldirgan odam. 30bu dunyoning oʻzidayoq bir necha barobar ortigʻi bilan oladi, narigi dunyoda esa abadiy hayotga ega boʻladi.
Iso Oʻz oʻlimi toʻgʻrisida uchinchi marta gapiradi
31Keyin Iso oʻn ikki shogirdini chetga olib, ularga dedi: “Mana, biz Quddusga ketyapmiz. Paygʻambarlarning Inson Oʻgʻli toʻgʻrisida yozgan hamma bashoratlari bajo boʻladi. 32Uni gʻayriyahudiylarga#18:32 gʻayriyahudiylar — oʻsha davrda Yahudiyada hukmronlik qilgan Rim imperiyasi amaldorlariga ishora. tutib beradilar. Uni masxaralab haqorat qiladilar. Unga tupuradilar. 33Gʻayriyahudiylar Uni qamchilaydilar, keyin oʻldiradilar. Ammo uchinchi kuni U tiriladi.”
34Shogirdlar esa bu soʻzlardan hech narsa tushunmadilar. Bu soʻzlarning maʼnosi ularga qorongʻi edi, Isoning aytganlarini ular anglamadilar.
Iso koʻr odamga shifo beradi
35Iso Yerixo shahriga kirib kelayotganda, bir koʻr odam yoʻl chekkasida sadaqa soʻrab oʻtirar edi. 36Oldidan katta bir olomon oʻtib ketayotganini eshitgan oʻsha koʻr:
— Nima gap? — deb soʻradi.
37— Nosiralik Iso oʻtib ketyapti, — deb javob berishdi unga. 38Shunda koʻr:
— Ey Dovud Oʻgʻli#18:38 Dovud Oʻgʻli — yahudiylar shoh Dovud naslidan kelib chiqadigan Masihni shunday nom bilan atashar edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi MASIH soʻziga qarang. Iso, menga rahm qiling! — deb baqirdi. 39Oldinda ketayotganlar esa:
— Jim boʻl! — deb unga doʻq qilishdi. U esa yanada qattiqroq baqirdi:
— Ey Dovud Oʻgʻli! Menga rahm qiling!
40Shunda Iso toʻxtab, koʻrni yoniga olib kelishlarini buyurdi. Koʻr kelgach, Iso undan soʻradi:
41— Mendan nima istaysan? Sen uchun nima qilay?
— Hazrat, koʻzlarim koʻrsin! — dedi u. 42Iso unga:
— Koʻzlaring koʻrsin, ishonching senga shifo berdi, — dedi.
43Oʻsha zahoti u koʻra boshladi. Soʻng Xudoni ulugʻlagancha Isoga ergashdi. Buni koʻrgan butun xalq Xudoga hamdu sanolar aytdi.
सध्या निवडलेले:
Luqo 18: O‘zbMK
ठळक
सामायिक करा
कॉपी करा
तुमचे हायलाइट तुमच्या सर्व डिव्हाइसेसवर सेव्ह करायचे आहेत? साइन अप किंवा साइन इन
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020