Ibroniylar 8
8
8–BOB
Oliy ruhoniyimiz Iso — yangi ahdning Vositachisi
1Aytgan gaplarimizning magʻzi quyidagicha: bizning shunday Oliy ruhoniyimiz borki, U samoda, Ulugʻvor Xudo taxtining oʻng tomonida oʻtiribdi#8:1 …Xudo taxtining oʻng tomonida oʻtiribdi — 1:3 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.. 2U samodagi haqiqiy Chodirning#8:2 samodagi haqiqiy Chodir — 6:19 izohiga qarang. Eng muqaddas xonasida xizmat qilyapti. Bu Chodirni inson emas, balki Egamizning Oʻzi qurgan.
3Har bir oliy ruhoniy Xudoga nazrlar va qurbonliklar keltirish uchun tayin etiladi. Shunday ekan, bizning Oliy ruhoniyimizning ham keltiradigan biror nazri boʻlishi lozim edi. 4Agar U yer yuzida boʻlganda edi, umuman ruhoniy boʻlolmas edi. Chunki Musoning qonunida buyurilgan nazrlarni keltiruvchi ruhoniylar bor. 5Ular yer yuzidagi Muqaddas chodirda xizmat qiladilar. Bu Chodir bor–yoʻgʻi samodagi haqiqiy Chodirning nusxasi va soyasidir. Negaki, Xudo Musoga Chodir qurishni buyurganda, unga shunday degandi: “Ehtiyot boʻl, hamma narsani Men senga togʻda koʻrsatgan namunaga muvofiq yasat.”#8:5 Chiqish 25:40 ga qarang. 6Ammo Isoga berilgan ruhoniylik xizmati boshqa ruhoniylarnikiga qaraganda buyukdir. Chunki Uning vositasida tuzilgan yangi ahd avvalgi ahddan#8:6 avvalgi ahd — Musoga Sinay togʻida berilgan qonun–qoidalar nazarda tutilgan. ulugʻroq va aʼloroq vaʼdalarga asoslangan.
7Darvoqe, agar avvalgi ahd kamchiliksiz boʻlganda edi, yangi ahd kerak boʻlmasdi. 8Odamlar avvalgi ahd talablarini bajara olmasliklariga Xudoning koʻzi yetib, U Oʻz xalqiga shunday degan edi:
“Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. 9Bu yangi ahd Men ularning ota–bobolari bilan tuzgan ahdga oʻxshamaydigan boʻladi. Men ota–bobolarini qoʻlidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Ammo ular oʻsha ahdimga rioya qilishmadi, shuning uchun Men ulardan yuz oʻgirdim.
10Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday boʻladi: Men qonunlarimni odamlarning ongiga solib qoʻyaman, qonunlarimni ularning yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim boʻladilar. 11Shundan keyin odamlar bir–biriga: «Egamizni tanib–biling», demaydigan boʻlishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib, kichigigacha Meni biladigan boʻladi. 12Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon esga olmayman.”#8:8-12 Yeremiyo 31:31-34 ga qarang.
13Xudo yangi ahdni tilga olganda, avvalgi ahdning eskirib ketganligini koʻrsatdi. Eskirgan narsa esa tez orada yoʻq boʻlib ketadi.
Currently Selected:
Ibroniylar 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020