Ibtido 18
18
18–BOB
Xudo Ibrohimga oʻgʻil vaʼda qiladi
1Kunning jazirama issiq payti edi. Ibrohim Mamredagi muqaddas emanzorda#18:1 emanzor — yoki terebintzor. 13:18 oyatga va 12:6 ning ikkinchi izohiga qarang. chodiriga kiraverishda oʻtirgan edi, shu payt Egamiz unga zohir boʻldi. 2Shu lahzada Ibrohim roʻparasida uchta odam turganini bildi. Ibrohim uchalasini koʻrgan zahoti ularni kutib olgani yugurib bordi va muk tushib taʼzim qildi.
3— Hazratim#18:3 Hazratim — Ibrohim oʻsha uch odamning birini yoʻlboshchi sifatida tan oldi., — dedi Ibrohim, — marhamatingizni darigʻ tutmanglar, bu qulingizning eshigini bosib oʻtib ketmanglar. 4Xizmatkorlarim suv keltirishsin, oyoqlaringizni yuvishsin, oʻzlaringiz daraxtning soyasida dam olinglar. 5Modomiki, bu qulingizning xonadoniga tashrif buyuribsizlar, men non–pon olib kelay. Sayohatingizni davom ettirishdan oldin bardam boʻlib olinglar.
— Mayli, — deyishdi ular, — aytganingday qilaver.
6Ibrohim shoshilganicha chodirga qaytdi–da, Soraga dedi:
— Tez boʻl! Unning yaxshisidan darrov bir togʻora#18:6 bir togʻora — ibroniycha matnda uch sexa, taxminan 22 kiloga toʻgʻri keladi. olib, non yop.
7Soʻngra podaga borib, semiz buzoqni tanladi va xizmatkoriga berdi. Xizmatkor darrov buzoqni soʻyib, taom tayyorlashga kirishdi. 8U suzma, sut va pishirib tayyorlangan buzoq goʻshtini olib, mehmonlarning oldiga qoʻydi. Mehmonlar ovqatlanishayotganda, Ibrohim daraxt ostida ularga oʻzi xizmat qilib turdi.
9— Xotining Sora qayerda? — deb soʻrashdi ular.
— Shu yerda, chodirda, — deb javob berdi Ibrohim.
10Ulardan biri#18:10 Ulardan biri — ibroniycha matnda U, kelgan uch odamning yoʻlboshchisi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (shu bobning 3–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang).:
— Men kelgusi yili shu paytda#18:10 …kelgusi yili shu paytda… — yoki …toʻqqiz oydan keyin… yoxud …kelgusi bahor…. Shu bobning 14–oyatida ham bor. qaytib kelganimda, xotining Sora oʻgʻilli boʻladi, — dedi. Sora chodir pardasining orqasida, chodirga kiraverish yonida bu suhbatni eshitib turardi. 11Bu paytda Ibrohim ham, Sora ham juda keksayib qolishgan, Sora bola tugʻish davridan ancha oʻtgan edi. 12U ichida kulib, oʻzicha oʻyladi: “Men munkillagan kampir boʻlsam–u, qanday qilib lazzatlana olardim?! Buning ustiga, xoʻjayinim ham qarib qolgan boʻlsa.” 13Shunda Egamiz#18:13 Egamiz — Ibrohimnikiga odam koʻrinishida kelgan mehmonlarning biri Egamiz ekanligi bu oyatda aniq koʻrsatilgan (shu bobning 1, 3, 10–oyatlariga qarang). Shu paytgacha Ibrohim bundan bexabar edi. Qolgan ikkita mehmon farishtalar edi (shu bobning 22–oyatiga va 19:1 ga qarang). yana Ibrohimga aytdi:
— Nima uchun Sora kuldi? Nimaga u: “Qarib qolgan boʻlsam, bola tugʻarmidim”, dedi? 14Men — Egangiz uchun imkonsiz narsa bor ekanmi?! Kelgusi yil shu paytda Men qaytib kelaman. Oʻshanda Sora oʻgʻilli boʻladi.
15Lekin Sora qoʻrqib ketgan edi.
— Kulmadim, — deb gapidan tondi u.
— Yoʻq, kulding, — dedi Egamiz.
Ibrohim Sadoʻm uchun yolvoradi
16Shundan keyin uchalovi oʻrinlaridan turib, Sadoʻm tomonga yoʻl oldilar. Ibrohim, ularni kuzatib qoʻyay deb, birga yurdi. 17Egamiz: “Men qilmoqchi boʻlgan ishlarimni Ibrohimdan sir tutmayman”, dedi Oʻziga. 18“Ibrohimdan buyuk, qudratli xalq kelib chiqadi. Yer yuzidagi jamiki xalqlar u orqali baraka topadi. 19Ibrohim oʻgʻillarini, oʻz naslini Mening yoʻlimdan yurishga, toʻgʻrilik va adolat bilan ish qilishlariga yoʻl koʻrsatsin deb, uni tanlaganman. Shunda Men Ibrohimga bergan vaʼdamni bajaraman.” 20Soʻngra Egamiz Ibrohimga dedi:
— Sadoʻm va Gʻamoʻra aholisining razilligi, ularning ogʻir gunohlari haqidagi ohu figʻonlar Menga yetib keldi. 21Men pastga tushib koʻray–chi, ularning hammasi haqiqatan ham shunchalik gunohga botib ketibdimikan?!
22Shundan keyin ikki kishi Sadoʻmga qarab yoʻl oldi. Egamiz esa Ibrohim bilan qoldi. 23Ibrohim Unga qarab, soʻradi:
— Sen gunohkorni ham, begunohni ham birday qirib tashlayverasanmi? 24Aytaylik, shaharda ellikta begunoh odam topsang, shaharni vayron qilaverasanmi? Begunoh odamlarning haqi–hurmati uchun shaharga rahm qilmaysanmi? 25Nahotki gunohsiz odamni gunohkor bilan birga yoʻq qilsang?! Aslo! Sen gunohsizning boshiga gunohkorning kunini solmaysan–ku! Axir, Sen butun olamning Hokimisan, adolat ila ish tutasan!
26— Agar Men Sadoʻmda ellikta begunoh odamni topsam, — dedi Egamiz, — ularning haqi–hurmati uchun butun shaharga rahm qilaman.
27— Ey Rabbiy! Men tuproq va kul boʻlsam ham, Senga gapirayotganimda qoʻpolligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. 28— Ellikta begunoh odamga beshta yetmasa–chi? Beshta kam boʻlgani uchun butun shaharni qirib tashlaysanmi?
— Agar u yerda qirq beshta solih odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman.
29Ibrohim Egamizga yana gapirdi:
— Balki u yerda qirqta begunoh odam topilar.
— Oʻsha qirqta begunohning haqi–hurmati uchun bu ishni qilmayman, — dedi Egamiz.
30— Yo Rabbiy! — dedi Ibrohim. — Gapirsam, Oʻzing kechirgaysan. Balki u yerda oʻttizta begunoh topilar?
— Agar u yerda oʻttizta begunoh odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi U.
31— Rabbiy! Gapirayotganimda qoʻpolligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda yigirmata begunoh odam topilar?
— Oʻsha yigirmata begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — dedi U.
32— Rabbiy! Yana bir marta gapirsam, Oʻzing kechirgaysan, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda oʻnta begunoh odam topilar?
— Oʻsha oʻnta begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi Egamiz.
33Egamiz Ibrohim bilan gaplashib boʻlgach, Oʻz yoʻliga ketdi. Ibrohim ham chodiriga qaytdi.
Currently Selected:
Ibtido 18: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020