Ibtido 12
12
12–BOB
Xudo Ibromni tanlaydi
1Shundan keyin Egamiz Ibromga#12:1 Ibrom — 11:26 izohiga qarang. dedi: “Oʻz yurtingdan, qarindosh–urugʻlaring oldidan — otang xonadonidan chiqib ket. Men senga bir yurtni koʻrsataman, oʻsha yerga borasan.
2Buyuk xalqning otasi qilaman seni,
Baraka beraman senga,
Ulugʻ qilaman sening nomingni,
Baraka manbai boʻlasan sen.
3Men baraka berarman seni duo qilganlarga,
Seni laʼnatlaganlarni Men laʼnatlayman.
Sen orqali baraka toparlar
Yer yuzidagi jamiki xalqlar.”
4Egamiz amr qilganday, Ibrom ketdi. Lut ham Ibrom bilan birga ketdi. Ibrom Xorondan#12:4 Xoron — 11:31 izohiga qarang. chiqib ketganda, yetmish besh yoshda edi. 5Ibrom xotini Sorayni#12:5 Soray — 11:29 izohiga qarang., jiyani Lutni, Xoronda xizmatga olgan odamlarini boshlab, toʻplagan jamiki mol–mulkini olib, Kanʼon yurtiga qarab yoʻlga tushdi. Nihoyat, ular Kanʼon yurtiga yetib kelishdi. 6Ibrom bu yurtda koʻchib yurib, Shakam#12:6 Shakam — Quddusdan qariyb 50 kilometr shimolda joylashgan shahar. yaqinidagi Moʻre nomli muqaddas eman daraxti#12:6 eman daraxti — yoki terebint daraxti, oʻsha oʻlkalarga xos boʻlgan ulkan daraxt. Koʻpincha bunday ulkan daraxtlar maʼlum bir joy belgisi sifatida ishlatilib, muhim diniy marosimlar bilan chambarchas bogʻliq edi. yoniga yetib kelib toʻxtadi. Oʻsha paytlarda bu yurtda Kanʼon xalqi yashardi. 7Shu yerda Egamiz Ibromga zohir boʻlib: “Mana shu yurtni sening naslingga beraman”, dedi. Shunday qilib, Ibrom zohir boʻlgan Egamizga atab oʻsha yerda qurbongoh qurdi. 8Shundan soʻng Ibrom Baytilning sharqidagi qirlarga yoʻl oldi. Baytil bilan Ay shaharlarining oʻrtasida#12:8 Baytil bilan Ay shaharlarining oʻrtasida… — Baytil Quddusdan qariyb 19 kilometr shimolda, Ay shahri esa Baytildan qariyb 3 kilometr sharqda joylashgan. chodir tikdi. Chodirdan gʻarb tomonda Baytil, sharq tomonda Ay shaharlari bor edi. Bu yerda u qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi. 9Ibrom u joydan bu joyga koʻchib, janubga — Nagav choʻliga#12:9 Nagav choʻli — hozirgi Isroilning janubida, Oʻlik dengizning janubi–gʻarbida joylashgan yerlar. ketdi.
Ibrom Misrda
10Oʻsha paytda Kanʼonda qahatchilik haddan ortiq avjiga chiqdi. Shuning uchun Ibrom, qahatchilik tugaguncha kutib turay deb, Misrga yoʻl oldi. 11Ibrom Misr chegarasiga yaqinlashganda, xotini Sorayga dedi:
— Sen juda ham goʻzal ayolsan. 12Misrliklar seni koʻrganlarida: “Manavi ayol — uning xotini”, deb aytishadi. Meni oʻldirib, seni tirik qoldirishadi. 13Sen, uning singlisiman, deb aytgin, toki sen tufayli Misrliklar menga yaxshi munosabatda boʻlsinlar, jonimga rahm qilsinlar.
14Ibrom Misrga kirib kelganda, Sorayning goʻzalligi hammaning ogʻzida duv–duv gap boʻldi. 15Saroy aʼyonlari ham Sorayni koʻrishgach, uni firʼavnga rosa maqtashdi. Shunday qilib, Sorayni firʼavnning saroyiga olib kelishdi. 16Firʼavn Soray tufayli Ibromga ham koʻp muruvvat qildi: mol–qoʻy, eshaklar, qul va choʻrilar, tuyalar inʼom qildi.
17Lekin firʼavn Sorayni oʻz haramiga olmoqchi boʻlgani uchun, Egamiz firʼavn xonadoniga dahshatli oʻlat kasalligini yubordi. 18Firʼavn Ibromni chaqirtirib kelib, unga dedi:
— Bu nima qilganing? Nima qilib qoʻyding meni? Nimaga Soray xotining ekanini menga aytmading? 19Nimaga, u mening singlim, deb aytding? Gapingga ishonib, uni oʻzimga xotin qilib olmoqchi boʻldim–a! Mana xotining, ol–da, koʻzimdan yoʻqol!
20Firʼavn oʻz odamlariga farmon bergan edi, ular Ibromni xotini, hamma odamlari va mol–mulki bilan birga yurtdan chiqarib yubordilar.
Currently Selected:
Ibtido 12: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020