YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 34

34
34–BOB
Egamiz xalq bilan tuzgan ahdni tasdiqlaydi
1Egamiz Musoga amr berdi:
— Ikkita tosh lavhani kesib ol. Ular oldingilariga oʻxshagan boʻlsin. Men oʻsha tosh lavhalarga sen sindirgan lavhalardagi amrlarni yozaman. 2Ertalabga tayyor boʻl, Sinay togʻiga chiqib, togʻ choʻqqisida Meni kutib olishga hozir boʻlib tur. 3Lekin sen bilan birga hech kim chiqmasin. Togʻning biror joyida hech kim boʻlmasin. Togʻning yaqinida hattoki mol–qoʻylar ham boqilmasin.
4Egamiz amr etganday, Muso oldingilariga oʻxshagan ikkita tosh lavhani kesdi. Ertasiga saharda turib, qoʻliga ikkala tosh lavhani olib, Sinay togʻiga chiqdi. 5Egamiz bulut ichida tushib keldi. Muso bilan birga turib, Oʻzini Musoga maʼlum qildi#34:5 …Oʻzini Musoga maʼlum qildi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …YHVH ismini eʼlon qildi. 3:15, 33:19 ning izohlariga qarang.. 6Musoning oldidan oʻtib, baland ovoz bilan gapirdi:
— Men Egangman! Men Egangman!#34:6 Men Egangman! Men Egangman! — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi YHVH! YHVH! 3:15 izohiga qarang. Rahmdil va inoyatli, jahli tez chiqmaydigan Xudoman, sevgim va sadoqatim moʻldir. 7Ming–ming avlodlarga#34:7 Ming–ming avlodlarga… — yoki Minginchi avlodga… yoxud Minglab odamlarga…. sodiq sevgimni koʻrsataveraman. Fosiqlikni, isyonni va gunohlarni kechiraman. Lekin aybdorlarni aslo jazosiz qoldirmayman. Men ularni jazolayman, ularning gunohlari oqibatidan farzandlari, nabiralari va chevaralari ham qochib qutulmaydi.
8Oʻsha zahoti Muso ikki bukilib taʼzim aylab, sajda qildi. 9Soʻngra:
— Yo Rabbiy! — dedi. — Agar men Sendan marhamat topgan boʻlsam, iltijo qilaman, Sen biz bilan borgin. Bu xalq oʻjar boʻlsa ham, fosiqligimizni va gunohlarimizni kechirgin, bizni Oʻzingning xalqing qilib qabul et.
10Egamiz aytdi: “Men endi Isroil xalqi bilan ahd tuzaman. Butun xalqing koʻzi oldida ajoyibotlar koʻrsataman. Bunaqa ajoyibotlar yer yuzida yoki bironta xalq orasida boʻlmagan. Men, Egangiz, sizlarga koʻrsatadigan oʻsha dahshatli ishni sen bilan birga boʻlgan butun xalq koʻradi. 11Men sizlarga bugun beradigan amrlarga itoat qilinglar. Men sizlarning oldingizdan Amor, Kanʼon, Xet, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarini quvaman. 12Ehtiyot boʻlinglar, sizlar kiradigan yurtning aholisi bilan sulh tuzmanglar. Boʻlmasa, sizlarni tuzogʻiga ilintirib oladi. 13Sizlar ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini maydalab tashlanglar, Asheraga#34:13 Ashera — Kanʼondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi boʻlib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida boʻlib, yogʻochdan yasalgan edi. atalgan ustunlarni kesib tashlanglar. 14Boshqa xudolarga sajda qilmanglar. Men, Egangizning nomi Rashkchidir: Men sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham koʻrmaydigan Xudoman. 15Oʻsha yurtning aholisi bilan sulh tuzmanglar. Ular oʻz xudolari ortidan hirs bilan ergashadilar. Ular bilan sulh tuzsangiz, oʻz xudolariga qurbonliklar keltirayotganlarida sizlarni ham oʻzlariga qoʻshilishga taklif qiladilar. Sizlar ular bilan borib, qurbonliklaridan tanovul qilasiz. 16Keyin ularning qizlarini oʻgʻillaringizga olib berasizlar. Ular oʻz xudolariga hirs bilan sajda qilganda, oʻgʻillaringizni ham oʻsha xudolarga hirs qoʻyishga boshlaydilar.
17Oʻzlaringizga xudolar tasvirlarini#34:17 xudolar tasvirlari — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi quyma xudolar, qadimgi paytlarda keng tarqalgan butlarning turiga ishora. Bu oʻrinda “quyma xudolar” termini turli xil butlarning turiga nisbatan ishlatilgan (yana 20:3-4 ga qarang). yasamanglar.
18Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlanglar. Men sizlarga amr etganimday, Abib oyining#34:18 Abib oyi — ibroniy kalendarining birinchi oyi (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. belgilangan vaqtida#34:18 Men sizlarga amr etganimday, Abib oyining belgilangan vaqtida… — 12:14-20 ga qarang. yetti kun xamirturushsiz non yenglar, chunki sizlar Abib oyida Misrdan chiqqansizlar.
19Toʻngʻich oʻgʻillaringiz, hamma chorvangizning — mol–qoʻylaringizning birinchi tugʻilgan erkak bolasi Meniki. 20Eshakning#34:20 eshak — 13:13 ning birinchi izohiga qarang. tugʻilgan birinchi erkak bolasini Egamizdan bir qoʻzi yoki uloqcha evaziga sotib olinglar. Agar eshakni qaytarib sotib olmaslikka qaror qilsangiz, eshakning boʻynini sindirib oʻldirishingiz kerak. Sizlar Egamizdan hamma toʻngʻich oʻgʻillarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim#34:20 …hamma toʻngʻich oʻgʻillarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim — Sahroda 18:15-16 ga qarang..
Har kim Mening huzurimga munosib nazrlar olib kelishi lozim#34:20 Har kim…nazrlar olib kelishi lozim — bu koʻrsatma shu bobning 18–oyatida aytib oʻtilgan Xamirturushsiz non bayrami bilan bogʻliq boʻlishi mumkin (23:15 ga qarang)..
21Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun esa ish qilmanglar. Hatto ekin–tikin paytida ham, oʻrim–yigʻim paytida ham dam olinglar.
22Har yili bugʻdoy oʻrimini yigʻishtirishni boshlaganingizda, dalangizga ekkan urugʻning ilk hosilidan nazr qilinglar. Shu orqali Hosil bayramini#34:22 Hosil bayrami — ibroniycha matnda Haftalar bayrami, Hosil bayramining yana bir nomi. nishonlanglar. Kuzda Chayla bayramini#34:22 Chayla bayrami — ibroniycha matnda Yigʻish bayrami, Chayla bayramining yana bir nomi. nishonlanglar.
23Hamma erkaklaringiz har yili uchala bayramda#34:23 uchala bayram — shu bobning 18, 22–oyatlarida aytib oʻtilgan uchta bayram (yana 23:14-17 ga qarang). Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz Rabbiyning huzuriga kelib sajda qilsin. 24Sizlarning yeringizdan xalqlarni quvaman, chegaralaringizni kengaytiraman. Har yili uch marta#34:24 uch marta — shu bobning 23–oyati izohiga qarang. Men, Egangiz Xudoga sajda qilishga kelganingizda, sizlarning mulkingiz boʻlgan yerni hech kim bosib olmaydi.
25Menga qilingan qurbonlikning qonini xamirturush qoʻshilgan non bilan birga nazr qilmanglar. Fisih ziyofatining qurbonlik goʻshtini ertalabgacha qoldirmanglar.
26Yeringizdan olgan ilk hosilning eng yaxshisini Men, Egangiz Xudoning uyiga olib kelinglar.
Uloqchani onasining sutida qaynatmanglar#34:26 Uloqchani onasining sutida qaynatmanglar — 23:19 izohiga qarang..”
27Keyin Egamiz Musoga:
— Bu soʻzlarni yozib ol! — deb amr qildi. — Shu soʻzlarga binoan Men sen bilan hamda Isroil xalqi bilan ahd tuzaman.
28Muso oʻsha yerda Egamizning huzurida yemay–ichmay, qirq kechayu qirq kunduz boʻldi. Egamiz ikkita tosh lavhaga ahd soʻzlarini — oʻnta amrni yozdi.
Musoning yuzidan nur yogʻiladi
29Muso qoʻliga ikkita lavhani#34:29 ikkita lavha — ibroniycha matnda guvohlikning ikkita lavhasi. 25:16 izohiga qarang. olib, togʻdan tushdi. U Xudo bilan gaplashgani uchun yuzidan nur sochilar edi. Musoning oʻzi esa buni bilmasdi. 30Horun ham, jamiki Isroil xalqi ham Musoni koʻrib, uning yuzidan nur yogʻilib turgani uchun birortasi unga yaqin kelishga qoʻrqardi. 31Muso Horunni va barcha jamoa oqsoqollarini chaqirdi, ular Musoning oldiga kelishdi. Muso ular bilan gaplashgandan keyin, 32jamiki Isroil xalqi unga yaqinroq keldi. Muso Sinay togʻida Egamiz bergan amrlarni bajarishni xalqqa buyurdi. 33Muso ular bilan gaplashib boʻlgandan keyin, yuziga yopinchiq yopib oldi.
34Muso Egamizga gapirish uchun Uning huzuriga borganda, yuzidagi yopinchiqni olib tashlar edi. U chiqib, Egamiz, ayt, deb buyurgan hamma amrni Isroil xalqiga yetkazardi. Shunda Isroil xalqi 35Musoning yuzi hamon nur sochib turganini koʻrardi. Soʻngra Muso keyingi safar Egamiz bilan gaplashish uchun borguniga qadar yuzini yopib olardi.

Currently Selected:

Chiqish 34: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in