YouVersion Logo
Search Icon

Amos 9

9
9–BOB
Hukm haqidagi vahiy
1Men qurbongohning#9:1 qurbongoh — Baytil sajdagohidagi qurbongoh nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (7:13 ga qarang). oldida turgan Rabbiyni koʻrdim, U shunday dedi:
“Sajdagoh ustunqoshlariga shunday zarba beringlarki,
Poydevorlari larzaga kelsin.
Ustunqoshlar odamlar ustiga oʻpirilib tushsin.
Omon qolganlarni Men qilichdan oʻtkazaman,
Ulardan birontasi ham qochib ketolmaydi.
Hech qaysisi qutulib qolmaydi.
2Ular yer qazib, oʻliklar diyoriga#9:2 oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. Qadimda Isroil xalqi Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi. kirishsa ham,
Men qoʻlimni uzatib, ularni chiqarib olaman.
Osmonga chiqib olishsa ham,
U yerdan tortib tushiraman.
3Karmil choʻqqisida yashirinib olishsa ham,
Ularni ovlab, qoʻlga tushiraman.
Mendan qochib, dengiz tubiga bekinib olishsa ham,
Dengiz iloniga amr berib chaqtiraman.
4Dushmanlar ularni asirlikka olib ketishsa ham,
Qilichga amr berib, hammasini qirib tashlayman.
Ularga yaxshilik emas, yomonlik keltirishga qaror qildim.”
5Sarvari Olam — Rabbiy
Yerga qoʻl tekkizsa, yer oʻpirilib ketadi,
Butun yer yuzi Nil suvlariday
Baland koʻtarilib, pastga tushadi#9:5 …Nil suvlariday Baland koʻtarilib, pastga tushadi — 8:8 izohiga qarang..
Yerda yashovchi har bir mavjudot aza tutadi.
6Egamiz osmonda Oʻziga maskan qurdi,
Yer uzra osmon gumbazini#9:6 osmon gumbazi — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, osmon gumbazga oʻxshaydi va yer ostidagi tubsizlikning poydevoriga oʻrnatilgan ulkan ustunlarga tayanadi. oʻrnatdi.
Dengiz suvlarini yigʻib,
Yer yuziga sochib yuboradigan Oʻshadir.
Egamizdir Uning nomi.
7Egamiz shunday demoqda:
“Ey Isroil xalqi,
Sizning Habashistonliklardan#9:7 Habashistonliklar — ibroniycha matnda Kushliklar. Kush degan joy Misrdan janubda boʻlib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. Bu joylar Quddusdan uzoqda boʻlgani bois, Isroil xalqi ularni Xudo uchun ahamiyatsiz deb bilgan. ortiq joyingiz bormidi?!
Men Isroilni Misrdan qanday olib chiqqan boʻlsam,
Filist xalqini ham xuddi shunday Xaftoʻrdan#9:7 Xaftoʻr — Krit nomi bilan ham maʼlum. Filist xalqining ajdodlari Krit orolidan kelgan edilar. Filist xalqi Isroilning dushmani boʻlib, gʻarbda istiqomat qilgan. olib chiqqanman,
Oram xalqini ham Xirdan#9:7 Xir — qayerda joylashgani aniq maʼlum emas. Oram xalqi Isroilning dushmani boʻlib, shimoli–sharq tomonda istiqomat qilgan. olib chiqqanman.
8Men, Egangiz Rabbiy,
Gunohkor Isroil shohligini kuzatib turibman.
Uni yer yuzidan supurib tashlayman,
Yoqub naslini#9:8 Yoqub nasli — 3:13 izohiga qarang. esa batamom yoʻq qilmayman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
9Men amr beraman,
Shunda barcha xalqlar orasida,
Bugʻdoy elaganday Isroilni gʻalvirdan oʻtkazaman.
Yaxshi donning birontasi yerga tushmaydi.
10Xalqim orasidagi hamma gunohkorlar esa qilichdan halok boʻladi,
Axir, bunday odamlar shunday aytishadi:
«Koʻrmaymiz biz yomonlik,
Boshimizga tushmas biror koʻrgilik.»”
Isroil shohligi kelajakda qayta tiklanadi
11-12Egamiz shunday demoqda:
“Oʻsha kuni Men Dovud shohligini qayta tiklayman.
Hozir u qiyshayib ketgan kulbaday boʻlsa–da,
Devorlaridagi yoriq joylarini tuzataman,
Buzilgan joylarini koʻtaraman.
Uni qayta qurib, ilgarigi holatga qaytaraman.
Shunda Isroil xalqi egalik qiladi
Edomliklarning omon qolganlariga,
Qoʻlim ostidagi hamma xalqlarga.”
Egamiz aytganlarini bajo qiladi.
13Egamiz shunday demoqda:
“Shunday vaqtlar keladiki,
Dehqon hosilni yigʻib ulgurmasdan,
Yerni shudgor qilish vaqti keladi.
Sharobni tayyorlab ulgurmasdan,
Uzumning yangi hosili pishadi.
Togʻlardan shirin sharob tomadi,
Hamma qirlardan pastga oqib tushadi.
14Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman#9:14 Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman — yoki Men xalqimni asirlikdan ozod qilib, ona yurtiga qaytarib olib kelaman..
Ular vayron boʻlgan shaharlarni qayta qurib,
U yerda oʻrnashib oladilar.
Uzumzorlar barpo qilib, sharobini ichadilar.
Bogʻlar yaratib, mevalarini yeydilar.
15Men ularni oʻz yurtida koʻkartiraman.
Men bergan yurtdan
Ularni hech kim sugʻurib tashlamaydi.”
Egangiz Xudoning kalomi shudir.

Currently Selected:

Amos 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in