YouVersion Logo
Search Icon

Havoriylar 22

22
22–BOB
1Pavlus olomonga shunday dedi: “Birodarlarim, otalar! Gapimga quloq solinglar, sizlarning oldingizda oʻzimni oqlay.” 2Odamlar uning oramiycha#22:2 oramiycha — 21:40 izohiga qarang. gapirayotganini eshitib, suv quyganday, jim boʻlib qoldilar. Pavlus gapida davom etdi: 3“Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarsus shahrida#22:3 Tarsus shahri — 21:39 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. tugʻilganman, ammo Quddusda ulgʻaydim. Bu shaharda Gamaliyolning#22:3 Gamaliyol — mashhur yahudiy olimi va tafsirchisi (5:33-40 ga qarang). shogirdi boʻlib, ota–bobolarimizning qonuniga jiddiy eʼtibor berib taʼlim oldim. Xuddi bugungiday sizlarga oʻxshab, Xudoga oʻzimni bagʻishladim. 4Isoning yoʻliga kirgan odamlarni oʻlguday quvgʻin qilardim, erkagu ayolni bogʻlab, zindonga tashlardim. 5Aytayotganlarim haqiqat ekanini oliy ruhoniy bilan butun Kengash tasdiqlay oladi. Ular Damashqdagi yahudiy birodarlarimizga xat yozib berdilar. Shunday qilib, men bu odamlarni kishanlab, Quddusga olib kelib jazolash uchun Damashqqa joʻnadim.
Pavlus oʻzining imonga kelishi toʻgʻrisida soʻzlab beradi
6Men yoʻlimda davom etib, Damashqqa yaqinlashib qolganimda, tush payti birdan osmondan yop–yorugʻ nur mening yon–atrofimni yoritib yubordi. 7Men yerga yiqildim. Shu payt: «Shoul!#22:7 Shoul — Pavlus ismi bilan tanilgan (13:9 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). Shoul! Nega sen Meni quvgʻin qilyapsan?» degan bir ovozni eshitdim. 8«Yo Hazratim! Siz kimsiz?» deb soʻradim. Shunda U menga: «Sen quvgʻin qilayotgan Nosiralik Isoman», deb javob berdi. 9Mening yonimdagilar nurni koʻrardilar–u#22:9 …nurni koʻrardilar–u… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida nurni koʻrib qoʻrqishgan boʻlsa–da., ammo men bilan gaplashayotganning ovozini eshitmasdilar. 10Shunda men: «Yo Rabbim Iso, nima qilay?» deb soʻradim. Rabbiy menga shunday dedi: «Oʻrningdan tur, Damashqqa bor. Nima qilishing kerakligini Xudo belgilab qoʻygan. Hamma narsa oʻsha yerda senga aytiladi.» 11Oʻsha nurning yarqirashidan koʻzlarim koʻrmay qolgan edi. Shuning uchun hamrohlarim qoʻllarimdan ushlab, meni Damashqqa olib ketdilar.
12Oʻsha shaharda Xanoniyo degan bir taqvodor, qonunga itoat etadigan odam bor edi. U oʻsha shahardagi hamma yahudiylar orasida katta obroʻga ega edi. 13Xanoniyo oldimga kelib, yonimda turdi–da: «Birodarim Shoul! Koʻzlaring yana ochilsin!» dedi. Oʻsha zahoti koʻzlarim ochilib, Xanoniyoni koʻrdim. 14Shunda u dedi: «Ota–bobolarimizning Xudosi seni tanladi. Toki sen Uning xohishini bilgin, Solih Zotni#22:14 Solih Zot — Iso Masihga ishora. koʻrib, Uning ovozini eshitgin. 15Sen koʻrib–eshitganlaring toʻgʻrisida butun olamga Uning guvohi boʻlasan. 16Endi nimani kutyapsan? Oʻrningdan tur, suvga choʻmgin. Rabbimizga iltijo qilib, gunohlaringni yuvgin.»
17Men Quddusga qaytib kelganimdan keyin, Maʼbadda ibodat qilayotganimda, menga bir vahiy keldi. 18Men Rabbim Isoni koʻrdim, U shunday dedi: «Tez boʻl, Quddusdan zudlik bilan ket! Bu yerdagi odamlar Men toʻgʻrimda bergan guvohligingni qabul qilmaydilar.» 19Men esa: «Yo Rabbiy! — dedim. — Men sinagogalarga borib, Senga ishongan odamlarni qamab, kaltaklaganimni ular yaxshi biladilar. 20Shohiding#22:20 Shohiding… — yoki Shahiding…, bu oʻrindagi yunoncha soʻz shohid va shahid maʼnolarini ifodalayotgan boʻlishi mumkin. 7:54-8:1 ga qarang. Stefan oʻldirilganda, men oʻsha yerda edim, uning oʻldirilishini maʼqullab, uni oʻldirayotganlarning kiyimlariga poyloqchilik qilib turgan edim.» 21Rabbim Iso menga: «Ketaver, — dedi. — Seni uzoqdagi gʻayriyahudiylarning oldiga yuboraman.»”
22Xalq Pavlusga quloq solib turdi. Ammo u shu gapini aytishi bilanoq, ular ovozi boricha, shovqin soldi:
— Yoʻqotinglar uni! Oʻldiringlar! U yashashga loyiq emas!
23Ular baqir–chaqir qilib, kiyimlarini otib, havoni chang–toʻzon qilib yubordilar. 24Rim mingboshisi odamlariga:
— Pavlusni qalʼaga olib kiringlar! — deb buyruq berdi. Soʻngra u yana odamlariga:
— Uni qamchilanglar! Nima uchun odamlar unga qarshi baqir–chaqir qilganini bilinglar! — dedi.
25Pavlusni qamchilash uchun bogʻlayotganlarida, Pavlus oʻsha yerda turgan yuzboshiga dedi:
— Rim fuqarosining#22:25 Rim fuqarosi — 16:37 izohiga qarang. biron aybi topilmagan boʻlsa ham, uni qamchilash sizlarning qonuningizda bormi?
26Yuzboshi bu gapni eshitib, mingboshining oldiga bordi–da:
— Nima qilmoqchisiz? Axir, bu odam Rim fuqarosi ekan–ku! — dedi.
27Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, undan:
— Menga ayt–chi, sen Rim fuqarosimisan? — dedi.
— Ha, — deb javob berdi Pavlus.
28Mingboshi:
— Men katta miqdorda pul toʻlab, fuqarolikni olgan edim, — dedi.
— Men esa Rim fuqarosi boʻlib tugʻilganman, — dedi Pavlus.
29Pavlusni soʻroq qilmoqchi boʻlib turganlar oʻsha zahoti undan qoʻllarini tortdilar. Mingboshi Pavlusning Rim fuqarosi ekanini eshitib, uni kishanlagani uchun qoʻrqib ketdi.
Pavlus Oliy kengash oldida
30Yahudiylar Pavlusni nima uchun ayblayotganlarini mingboshi bilmoqchi boʻldi. Ertasi kuni u Pavlusni ozod qildi va “bosh ruhoniylar bilan Oliy kengash aʼzolari yigʻilsin”, deb buyurdi. Mingboshi Pavlusni ularning qoshiga olib keldi.

Currently Selected:

Havoriylar 22: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in