YouVersion Logo
Search Icon

Havoriylar 20

20
20–BOB
Pavlus Makedoniya va Yunonistonda
1Shovqin–suron bosilgach, Pavlus imonlilarni chaqirib, ularga dalda berdi. Keyin ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga yoʻl oldi. 2U oʻzi bosib oʻtgan hamma shaharlarda imonlilarga koʻp dalda berdi. Soʻng Yunonistonga#20:2 Yunoniston — Rim imperiyasiga qarashli Axaya viloyatiga ishora. Pavlus Axayaning poytaxti Korinfda birmuncha vaqt turgan boʻlishi mumkin. borib, 3u yerda uch oy turdi. U Suriyaga suzib ketmoqchi boʻlgan edi, yahudiylar unga qarshi fitna uyushtirayotganini bilib qoldi. Shuning uchun Makedoniya orqali qaytishga qaror qildi. 4Veriyadan Pirus oʻgʻli Sopatrus, Salonikadan Aristarxus va Sekundus, Darbadan Gayus, Timoʻtiy, Asiya viloyatidan Tixikus va Trofimus Pavlusga hamroh boʻldilar. 5Ular bizdan#20:5 biz — 16:10 izohiga qarang. oldin ketib, Troasda bizni kutib turgan edilar. 6Xamirturushsiz non bayramidan#20:6 Xamirturushsiz non bayrami — 12:4 izohiga qarang. keyin biz Filippidan suzib ketdik. Besh kundan soʻng esa Troasda ular bilan uchrashib, u yerda yetti kun turdik.
Pavlusning Troasga oxirgi safari
7Yakshanba kuni biz Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirish#20:7 Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirish — 2:42 izohiga qarang. uchun yigʻildik. Pavlus odamlarga yarim kechasigacha gapirdi. Ertasi kuni u joʻnab ketishni rejalashtirgan edi. 8Biz yigʻilgan boloxonada koʻp chiroqlar yonib turardi. 9Evtixus degan bir yigit deraza raxida oʻtirgan edi. Pavlus gapini davom ettirar ekan, Evtixusni qattiq uyqu bosdi. Uyqu gʻolib kelib, Evtixus uchinchi qavatdan yerga yiqildi. Uni koʻtarganlarida, jon bergan edi. 10Pavlus pastga tushdi, egilib, yigitni quchoqladi–da: “Xavotir olmanglar, u tirik”, dedi. 11Soʻngra Pavlus yana boloxonaga qaytib chiqdi. Rabbimizni xotirlab, non sindirib, ovqatlandi. Ular bilan tong otguncha suhbatlashdi, keyin yoʻlga chiqdi. 12Shu orada bu yigitni uyiga tirik olib bordilar, imonlilar bu voqeadan gʻoyat tasalli topdilar.
Troasdan Mitilinaga
13Pavlus Assas shahriga quruqlik orqali ketishga qaror qildi. Qolganlarimiz esa undan oldin kemada suzib ketdik. Pavlus oʻsha shaharda kemaga chiqib, bizga qoʻshiladi, deb rejalashtirgan edik. Zotan, u bizga shunday qilishini aytgan edi. 14Pavlus biz bilan Assasda uchrashgandan keyin, uni kemaga olib, Mitilina shahriga yoʻl oldik. 15Biz u yerdan suzib, ertasi kuni Xios oroli yaqiniga yetib bordik. Keyingi kuni Samos oroliga, uning ertasiga#20:15 …Samos oroliga, uning ertasiga… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Samos oroliga oʻtib, Trogillion shahrida toʻxtagandan keyin, yana bir kundan soʻng…. Mileytus shahriga yetib bordik. 16Pavlus Asiya viloyatida vaqtni yoʻqotmaslik uchun Efesni chetlab oʻtishga qaror qildi. Agar imkonini topsa, Hosil bayramida Quddusda boʻlishni juda istayotgan edi.
Efes oqsoqollariga Pavlus otashin nutq soʻzlaydi
17Pavlus Mileytusdan Efesga xabar yuborib, imonlilar jamoatining oqsoqollariga: “Mening huzurimga kelsangizlar”, deb iltimos qildi. 18Oqsoqollar Pavlusning huzuriga kelganlarida, u oqsoqollarga dedi: “Men Asiya viloyatiga kelgan birinchi kunimdan boshlab sizlarning orangizda qanday yashaganimni oʻzlaringiz bilasizlar. 19Men koʻp koʻz yosh toʻkib, kamtarlik bilan Rabbimiz Isoga xizmat qildim. Yahudiylarning fitnalari dastidan kelgan sinovlarni boshdan kechirdim. 20Oʻzlaringiz bilasizlar, men sizlarga biron foyda keltirishdan oʻzimni olib qochmadim. Balki uyma–uy yurib, taʼlim berdim, xalq oldida vaʼz qildim. 21Men yahudiylarni ham, gʻayriyahudiylarni#20:21 gʻayriyahudiylar — yunoncha matnda yunonlar. 14:1 ning ikkinchi izohiga qarang. ham tavbaga chaqirdim. Xudoga yuz buringlar, Rabbimiz Isoga imon keltiringlar, deb ularga jiddiy nasihat qildim.
22Endi esa Muqaddas Ruhning asiri boʻlib, Quddusga otlanyapman. U yerda menga nima boʻlishini bilmayman. 23Ammo meni qamoq va quvgʻinlar kutayotgani toʻgʻrisida Muqaddas Ruh har bir shaharda ogohlantirib kelmoqda. 24Lekin hayotim oʻzim uchun hech narsaga arzimaydi, deb hisoblayman. Men faqat vazifamni oxiriga yetkazishni va Rabbimiz Iso menga yuklagan ishni tugatishni istayman. Bu ish Xudoning inoyati toʻgʻrisidagi Xushxabarni eʼlon qilishdir.
25Men oralaringizda boʻlib, Xudoning Shohligini vaʼz qildim. Endi shuni bilamanki, birontangiz ham mening yuzimni boshqa koʻrmaysizlar. 26Shuning uchun bugun sizlarga shuni eʼlon qilaman: men birovning halokati uchun masʼul emasman. 27Axir, men Xudoning hamma maqsadini sizlarga bayon qilishdan boʻyin tovlamadim. 28Oʻzlaringizni ehtiyot qilinglar, suruvni ham ehtiyot qilinglar. Chunki Muqaddas Ruh ularni sizning qaramogʻingizga bergan. Xudoning jamoatiga choʻpon boʻlinglar. Xudo jamoatni Oʻz Oʻgʻlining qoni evaziga sotib olgan. 29Bilaman, men ketganimdan keyin sizlarning orangizga yirtqich boʻrilar keladi, ular suruvga shafqat qilmaydi. 30Hatto oʻz oralaringizdan baʼzi odamlar chiqib, imonlilarni ortidan ergashtirib, haqiqatni buzib gapiradilar. 31Hushyor boʻlinglar! Mana shu uch yil davomida kechayu kunduz koʻz yosh toʻkib, har biringizga qilgan pand–nasihatlarimni yodingizda tutinglar.
32Endi men sizlarni Xudoga va Uning marhamati haqidagi xabar panohiga topshirdim. Bu xabar sizlarga kuch–qudrat ato qilib, jamiki muqaddas qilinganlar orasida meros berishga qodirdir. 33Men hech kimning kumushi yoki oltini, yo kiyimiga koʻz olaytirmadim. 34Oʻzlaringiz bilasizlarki, oʻzimni va sheriklarimni taʼminlash uchun qoʻllarim bilan mehnat qildim. 35Men sizlarga bu borada namuna boʻlib, zaiflarni qanday qoʻllab–quvvatlashimiz kerakligini koʻrsatdim. Rabbimiz Iso aytgan shu soʻzlarni#20:35 Rabbimiz Iso aytgan shu soʻzlar — bu soʻzlar Yangi Ahd tarkibidagi toʻrtta “Xushxabar” kitoblariga kiritilmagan, chunki Isoning qilgan ishlari va aytgan soʻzlarining hammasi ham yozib qoldirilmagan (Yuhanno 20:30-31 ga qarang). eslaylik: «Olmoqdan koʻra, bermoq koʻproq marhamat keltiradi.»”
36Pavlus gapini tugatgandan keyin, hamma bilan birga tiz choʻkib, ibodat qildi. 37Hammalari yigʻlab, Pavlusni bagʻirlariga bosdilar, u bilan oʻpishib xayrlashdilar. 38Pavlus: “Endi meni hech qachon koʻrmaysizlar”, deb aytgani uchun ular nihoyatda gʻamgin boʻlib qoldilar. Ular Pavlusni kemagacha kuzatib bordilar.

Currently Selected:

Havoriylar 20: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in