1 Shohlar Kirish
Kirish
“Shohlar (birinchi kitob)”da Isroil yurtida tuzumning oʻzgarishi, yaʼni xalqqa endi oldingidek hakamlar emas, balki shoh hukmronlik qilishi bilan bogʻliq boʻlgan voqealar bayon qilinadi. Xalqning soʻnggi hakami Shomuil paygʻambar, Isroilning birinchi shohi Shoul va Xudo tanlagan navbatdagi shoh Dovud kitobning bosh qahramonlaridir.
“Shohlar (birinchi kitob)” va “Shohlar (ikkinchi kitob)”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob boʻlib, ikkala qismini bitta oʻramga joylash uzunlik qilgani uchun, kitob ikki qismga — “Shohlar (birinchi kitob)” va “Shohlar (ikkinchi kitob)”ga boʻlingan.
“Shohlar (birinchi kitob)”ning ilk qismida (1-7–boblar) Shomuil paygʻambarning hayoti toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Shomuil Isroilga hujum qilayotgan gʻanimlarga qarshi jangda Isroil lashkariga yordam beradi. Lekin Shomuil keksaygach, lashkarga shoh yoʻlboshchilik qilsin deb, xalq Xudodan bir shoh soʻrashga qaror qilib, Xudoni ranjitadi. Chunki shu paytgacha Xudoning Oʻzi Isroil xalqining Shohi edi. Xalq Xudodan bir shoh soʻraganda esa, Isroil taxtiga inson oʻtiradi. Shunga qaramay, Xudo taxtga oʻtqazgan insonni vositachi sifatida ishlatib, Oʻzi xalqning haqiqiy Shohi boʻlib qolaveradi.
Kitobning ikkinchi qismida (8-15–boblar) Xudo Shomuilga Shoulni Isroilning birinchi shohi qilib tayinlash toʻgʻrisida amr beradi. Shoul va uning toʻngʻich oʻgʻli Yoʻnatan Ommon hamda Filist xalqlariga qarshi olib borgan koʻp janglarda gʻolib chiqadilar, lekin Shoul Xudoga chin dildan itoat etmaydi. Shoulning itoatsizligi oqibatida Xudo uni shoh sifatida rad etib, uning naslini Isroil taxtidan mahrum qiladi.
Kitobning uchinchi qismida (16-31–boblar) Xudo Shomuilga Dovud ismli yosh yigitni navbatdagi shoh qilib tayinlash toʻgʻrisida amr beradi. Kitobda yana Dovud bahaybat Filist jangchisi Goʻliyotni oʻldirgandan keyin tez orada milliy qahramon boʻlib ketgani toʻgʻrisida ham hikoya qilinadi. Dovud tobora obroʻ–eʼtibor orttirib boraveradi. Shoul esa Dovuddan shubhalanadi. Garchi Dovud Shoulning qizi Mixalga uylangan va Shoulning toʻngʻich oʻgʻli Yoʻnatan bilan qadrdon doʻst boʻlsa ham, Shoul Dovudni oʻldirish payiga tushadi. “Shohlar (birinchi kitob)”ning qolgan qismida Dovudning Shouldan qochib qutulgani va sahroda oʻzining kichik lashkariga yoʻlboshchi boʻlgani toʻgʻrisida hikoya qilinadi.
Kitob Shoul va uning uch oʻgʻli Filist lashkari bilan boʻlgan jangda halok boʻlgani toʻgʻrisidagi ayanchli voqealar bilan tugaydi. Tanlangan shohning muvaffaqiyati yoki magʻlubiyati Xudoga boʻlgan itoatkorligiga bevosita bogʻliq, degan gʻoya kitobda yaqqol sezilib turadi.
Currently Selected:
1 Shohlar Kirish: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020