የYouVersion አርማ
የፍለጋ አዶ

Ibtido 24

24
24–BOB
Isʼhoq va Rivqo
1Ibrohim endi ancha keksayib qoldi. Ibrohim nima qilmasin, Egamiz unga baraka berardi. 2Ibrohimning xonadonida qulboshisi bor edi. Ibrohim bor mulkini unga ishonib topshirgan edi. Bir kuni Ibrohim oʻsha qulboshisiga aytdi:
— Qoʻlingni sonimning ostiga qoʻyib#24:2 Qoʻlingni sonimning ostiga qoʻyib… — qasamning tabarrukligi va muhimligini bildiruvchi ramziy harakat., 3Samoviy Xudo — Egamning nomi bilan: “Oʻgʻlingizga shu yerlik — Kanʼonning qizlaridan kelin olib bermayman”, deb qasam ich. 4Sen mening ona yurtimga — qarindoshlarimnikiga bor. U yerdan oʻgʻlim Isʼhoqqa kelin topib kel.
5— Ehtimol, oʻsha qiz menga ergashib, bu yurtga kelishga rozi boʻlmas, — dedi qulboshi Ibrohimga. — Unday holda oʻgʻlingizni sizning ona yurtingizga olib borishim kerakmi?
6— Yoʻq! Zinhor bunday qila koʻrma! — dedi Ibrohim unga. — Oʻgʻlimni u yerga qaytarib olib borma! 7Samoviy Xudo — Egam meni otam xonadonidan — qarindosh–urugʻlarim yurtidan olib chiqqanda, U menga: “Sen turgan shu yurtni sening naslingga beraman”, deb qatʼiy vaʼda bergan edi. Sendan oldin Egam farishtasini yuboradi. U shunday qiladiki, sen mening oʻgʻlimga kelin boʻladigan qizni oʻsha yurtdan topib kelasan. 8Lekin oʻsha qiz sen bilan birga kelishga rozi boʻlmasa, qasamdan ozod boʻlasan. Zinhor oʻgʻlimni u yerga olib borma.
9Qulboshi oʻz xoʻjayini Ibrohimning soni tagiga qoʻlini qoʻyib, uning aytganlarini qilishga ont ichdi.
10Shundan keyin qulboshi xoʻjayinining oʻnta tuyasiga har xil qimmatbaho sovgʻalardan ortib, Oram–Naxrayimga#24:10 Oram–Naxrayim — ibroniychadagi maʼnosi Ikki daryoning Orami demakdir. Bu hudud Furot daryosi boʻyida joylashgan boʻlib, hozirgi Suriya mamlakatining shimoliy qismini va hozirgi Turkiyaning janubi–sharqiy qismini qamrab olardi. Oram–Naxrayim yana Paddon–Oram (25:20 ga qarang) va Paddon (48:7 ga qarang) nomlari bilan tanilgan. yoʻl oldi. Qulboshi Ibrohimning ukasi Naxoʻr yashaydigan shaharga bordi. 11Oqshom payti qulboshi shahar tashqarisidagi quduq yoniga yetib keldi va tuyalarni choʻktirdi. Bu paytda ayollar suv olgani shu yerga kelishardi. 12Qulboshi ibodat qildi:
— Ey Egam, xoʻjayinim Ibrohimning Xudosi! Bugun safarimni oʻngla, xoʻjayinim Ibrohimga iltifot koʻrsatgin. 13Men quduq boshida turibman, shahar qizlari suv olgani kelishyapti. 14Istagim shuki, men ularning biriga: “Iltimos, koʻzangdan suv ichib olay”, deb aytay. Agar oʻsha qiz: “Marhamat, bemalol ichavering, tuyalaringizni ham sugʻorib qoʻyaman”, deb aytsa, quling Isʼhoqqa kelin qilib tanlaganing oʻsha qiz boʻlsin. Shu orqali xoʻjayinimga iltifot koʻrsatganingni bilayin.
15U hali gapini aytib tugatmagan ham ediki, bir qiz kelib qoldi. U yelkasida koʻzasini koʻtarib olgan edi. Bu qizning ismi Rivqo boʻlib, u Batuvalning qizi, Batuval — Ibrohimning ukasi Naxoʻrning oʻgʻli edi, Naxoʻrning xotini — Milxo edi. 16Rivqo hali biron erkakning qoʻli tegmagan bokira qiz boʻlib, juda chiroyli edi. U quduq boʻyiga kelib, koʻzasini toʻldirdi va orqasiga qaytdi. 17Shunda qulboshi yugurib, unga peshvoz chiqdi.
— Iltimos, koʻzangdagi suvdan bir qultum ber, — dedi.
18— Marhamat, janoblari, iching, — deb qiz darrov koʻzasini yelkasidan tushirdi–da, unga ichgani suv berdi. 19Qulboshi suv ichib boʻlgach, qiz dedi:
— Endi tuyalaringiz uchun ham suv tortib beraman, toʻyguncha ichsin.
20U darrov koʻzasidagi suvni oxurga boʻshatdi–yu, yana suv tortgani quduqqa yugurib ketdi. Qulboshining hamma tuyalarini sugʻordi. 21Qulboshi: “Egam sayohatimni oʻngidan keltirgani rostmikan yoki yoʻqmi”, deb suv tortayotgan Rivqoni jimgina kuzatib turdi.
22Qiz tuyalarni sugʻorib boʻlgach, qulboshi qizga burunga taqiladigan oltin sirgʻani#24:22 …burunga taqiladigan oltin sirgʻani… — ayollar burunga taqiladigan sirgʻalarni bezak sifatida ishlatishar edi (yana shu bobning 47–oyatiga qarang). va ikki bilaguzukni taqib qoʻydi. Oltin sirgʻaning ogʻirligi bir misqoldan ortiq#24:22 bir misqoldan ortiq — ibroniycha matnda bir biqo, taxminan 6 grammga toʻgʻri keladi., bilaguzukning ogʻirligi yigirma besh misqol#24:22 yigirma besh misqol — ibroniycha matnda oʻn shaqal, taxminan 110 grammga toʻgʻri keladi. chiqardi. 23Soʻngra u qizdan:
— Ayt–chi, kimning qizisan? — deb soʻradi. — Otangning uyida bir kecha tunashimiz uchun bizga joy topiladimi?
24— Men Batuvalning qiziman. Bobom — Naxoʻr, buvim Milxo edilar, — deb javob berdi qiz. 25Soʻngra u:
— Uyimizda tuyalaringiz uchun somon ham, yem ham koʻp, mehmonlar uchun joy ham bor, — deb qoʻshib qoʻydi. 26Qulboshi tiz choʻkib, Egamizga sajda qildi:
27— Xoʻjayinim Ibrohimning Xudosi — Egamga hamdu sanolar boʻlsin. Egam xoʻjayinimga sodiq qolib, marhamatini darigʻ tutmabdi. Egam meni toʻppa–toʻgʻri xoʻjayinimning qarindoshlari oldiga boshlab kelibdi.
28Qiz uyiga yugurib bordi va yuz bergan voqealardan uyidagilarni xabardor qildi. 29-30Rivqoning Lobon degan akasi bor edi. Lobon singlisining burnidagi sirgʻani va qoʻllaridagi bilaguzuklarni koʻrdi, singlisidan qulboshining aytganlarini eshitib, quduq boʻyiga shoshildi. Oʻsha odam hali ham buloq boshida, tuyalarining oldida turgan edi.
31— Qadamingizga hasanot, ey Xudo yorlaqagan. Nega bu yerda turibsiz? Qani, uyga yuring, uyimda siz uchun bitta xona, tuyalaringiz uchun joy tayyorlab qoʻydim.
32Shunday qilib, qulboshi uyga kirdi. Lobon tuyalarni yuklardan boʻshatib, somon, yem berdi. Keyin u Ibrohimning qulboshisiga va u bilan birga kelgan tuyakashlarga oyoqlarini yuvish uchun suv olib keldi. 33Shundan keyin kechki taom keltirildi. Ibrohimning qulboshisi esa:
— Men nima uchun kelganimni sizlarga aytmagunimcha, ovqat yemayman, — dedi.
— Marhamat, gapiring, qanday ish bilan keldingiz? — deb soʻradi Lobon.
34— Men Ibrohimning qulboshisiman, — deb gap boshladi u. 35— Xoʻjayinimga Egam baraka ato etgan: u boy boʻlib ketgan, Egam unga koʻplab mol–qoʻy, kumushu oltinlar, qul va choʻrilar, tuyayu eshaklar bergan. 36Xotini Sora qarigan chogʻida xoʻjayinimga bir oʻgʻil tugʻib berdi. Xoʻjayinim butun mol–mulkini oʻgʻliga topshirgan. 37Xoʻjayinim oʻgʻliga oʻzi yashayotgan Kanʼon yurtining qizlaridan kelin olib bermasligim uchun menga qasam ichirdi. 38“Mening ota urugʻim — qarindoshlarim oldiga borib, oʻsha yerdan oʻgʻlimga kelin olib kel”, dedi. 39Men esa: “Oʻsha qiz menga ergashib bu yerga kelmasa–chi”, dedim. 40Lekin xoʻjayinim aytdi: “Men Egam koʻrsatgan yoʻldan yuraman, U Oʻzining farishtasini sen bilan birga joʻnatib, yoʻlingni oʻnglaydi. Sen oʻgʻlimga qarindoshlarimdan — otam urugʻidan kelin olib kelasan. 41Agar qarindoshlarimnikiga borganingda, ular qizini bu yerga yuborishga rozi boʻlishmasa, qasamingdan ozod boʻlasan.”
42Qulboshi gapida davom etdi:
— Bugun men quduq boʻyiga kelib, dedim: “Ey Egam, xoʻjayinim Ibrohimning Xudosi! Oʻtinaman, safarimni oʻngla. 43Men buloq boshida turibman. Suv olgani kelgan qizga men, iltimos, koʻzangdan suv ichib olay, deb aytay. 44Oʻsha qiz, marhamat, bemalol ichavering, tuyalaringizni ham sugʻorib qoʻyaman, deb aytsa, xoʻjayinimning oʻgʻliga Egam kelin qilib tanlagan qiz oʻsha boʻlsin.” 45Men koʻnglimdan shu gaplarni oʻtkazib boʻlmagan ham edimki, Rivqo yelkasida koʻzasini koʻtarib kelayotgan ekan. U quduqqa borib, koʻzasini suvga toʻldirdi. Men unga: “Iltimos, suvingdan ichib olay”, dedim. 46U darrov yelkasidan koʻzasini tushirdi–da: “Marhamat, iching, tuyalaringizni ham sugʻorib qoʻyaman”, dedi. Men suv ichdim, Rivqo tuyalarimni ham sugʻordi. 47Soʻng men undan: “Kimning qizisan?” deb soʻradim. U: “Batuvalning qiziman. Bobom — Naxoʻr, buvim Milxo edilar”, deb javob berdi. Shunday qilib, uning burniga sirgʻani, qoʻllariga bilaguzuklarni taqib qoʻydim. 48Soʻngra Egamga tiz choʻkib, sajda qildim. Xoʻjayinim Ibrohimning Xudosi — Egamga hamdu sanolar aytdim. Egam meni toʻppa–toʻgʻri xoʻjayinimning qarindoshlari oldiga olib keldi. Men xoʻjayinimning oʻgʻliga qarindoshlari oilasidan kelin topdim. 49Endi xoʻjayinimga chinakamiga sadoqat koʻrsatadigan boʻlsalaringiz, buni aytinglar, agar yoʻq, desangizlar, buni ham aytinglar, toki men bir qarorga kelib, biror narsa qilayin.
50— Egamizning Oʻzi sizni bu yerga olib keldi, — deb aytdilar Lobon bilan Batuval. — Biz sizga nima ham der edik?! 51Mana, Rivqo qarshingizda turibdi. Uni oling–da, ketavering. Egamiz aytganday, u xoʻjayiningizning oʻgʻliga kelin boʻlsin.
52Ibrohimning qulboshisi ularning gaplarini eshitgach, muk tushib, Egamizga sajda qildi. 53Soʻngra oltin, kumush taqinchoqlar, chiroyli liboslarni Rivqoga berdi. Rivqoning akasi bilan onasiga ham qimmatbaho hadyalar berdi. 54Qulboshi va u bilan birga kelgan odamlar yeb–ichdilar, tunni shu yerda oʻtkazdilar. Ular ertasi kuni ertalab turishgach, qulboshi: “Endi ruxsat bersangiz, xoʻjayinimning oldiga qaytaylik”, dedi. 55Lekin Rivqoning akasi bilan onasi:
— Rivqo hech boʻlmasa oʻn kuncha biz bilan qolsin, keyin ketsa ham boʻladi, — deyishdi.
56Lekin qulboshi ularga shunday dedi:
— Meni ushlab turmanglar, Egamiz safarimni oʻngidan keltirdi. Men qaytay, xoʻjayinimning oldiga boray.
57— Hozir qizimizni chaqirib, oʻzidan soʻraylik–chi, — deyishdi ular. 58Rivqoni chaqirib, undan:
— Hozir mana bu odam bilan ketasanmi? — deb soʻrashdi.
— Ha, ketaman, — dedi Rivqo.
59Shunday qilib, ular Rivqoni, uning enagasini Ibrohimning qulboshisi va odamlari bilan birga joʻnatdilar. 60Ular Rivqoni duo qilib, unga shunday dedilar:
“Ey singlimiz! Minglarcha, oʻn minglarcha farzandlarning onasi boʻlgin!
Nasling gʻanimlarining darvozalarini egallasin!”
61Shundan soʻng Rivqo va uning choʻrilari tuyalarga minib, Ibrohimning qulboshisi bilan joʻnashga tayyor boʻlishdi. Hammalari yoʻlga tushishdi.
62Bu vaqtda Isʼhoq Nagav choʻlida#24:62 Nagav choʻli — 12:9 izohiga qarang., Ber–Laxay–Ruy qudugʻi#24:62 Ber–Laxay–Ruy qudugʻi — 16:7-14 oyatlarga va 16:14 izohiga qarang. yonida yashayotgan edi. 63Isʼhoq kechqurun sayr qilish uchun#24:63 …sayr qilish uchun… — yoki …ibodat qilish uchun…. tashqariga chiqqan edi. Bir payt u tuyalar kelayotganini koʻrdi. 64Rivqo ham Isʼhoqni koʻrdi va darrov tuyadan tushdi.
65— Huv ana, bir odam dala boʻylab biz tomonga kelyapti, kim u? — deb soʻradi Rivqo qulboshidan.
— Mening xoʻjayinim, — deb javob berdi qulboshi. Rivqo roʻmolini olib, yuzini berkitdi. 66Qulboshi hamma qilgan ishlarini Isʼhoqqa aytib berdi. 67Shunday qilib, Isʼhoq Rivqoni onasi Sora yashagan chodirga olib keldi. U Rivqoga uylandi. Isʼhoq uni juda sevardi. Shu tariqa Isʼhoq onasining oʻlimidan soʻng tasalli topdi.

Currently Selected:

Ibtido 24: O‘zbMK

ማድመቅ

Share

Copy

None

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ