የYouVersion አርማ
የፍለጋ አዶ

Ibtido 21

21
21–BOB
Isʼhoqning tugʻilishi
1Egamiz bergan vaʼdasi boʻyicha Soraga marhamat qildi. 2Sora homilador boʻlib, Ibrohimga qarigan chogʻida oʻgʻil tugʻib berdi. Bularning hammasi Xudo aytgan vaqtda yuz berdi. 3Ibrohim oʻgʻliga Isʼhoq deb ism qoʻydi. 4Xudo amr qilganday, Isʼhoq sakkiz kunlik boʻlganda, Ibrohim uni sunnat qildi#21:4 Xudo amr qilganday…uni sunnat qildi — 17:9-14 ga qarang.. 5Isʼhoq tugʻilganda, Ibrohim yuz yoshda edi. 6Sora dedi: “Xudo menga shodlik va kulgi#21:6 kulgi — ibroniychada Isʼhoq ismining maʼnosi — kuladi (yana 17:15-21, 18:10-15 ga qarang). ato qildi, bu haqda eshitgan har kim men bilan birga kuladi. 7Kim ham, Sora chaqaloq emizadi, deb Ibrohimga ayta olardi?! Men esa Ibrohimga qarigan chogʻida oʻgʻil tugʻib berdim.”
8Vaqt oʻtib, Isʼhoq katta boʻlib qolgach, Sora uni koʻkrakdan chiqardi. Bu baxtli kunni nishonlab, Ibrohim katta ziyofat berdi#21:8 …Sora uni koʻkrakdan chiqardi…Ibrohim katta ziyofat berdi — qadimgi paytlarda bolalar 2-3 yoshgacha emizilar edi. Koʻp bolalar emizikli davrda qazo qilgani uchun koʻkrakdan chiqarilish payti katta bayram qilib nishonlanar edi..
Hojar bilan Ismoil quviladi
9Misrlik Hojarning Ibrohimga tugʻib bergan oʻgʻli Ismoil#21:9 Ismoil — 16:1-6 ga qarang. Isʼhoqni#21:9 Isʼhoq — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Isʼhoq soʻzi qoʻllanmagan boʻlsa ham, lekin nazarda tutilgan. masxara qilayotganini#21:9 …Isʼhoqni masxara qilayotganini… — yoki …Isʼhoq bilan oʻynayotganini…. Sora koʻrib qoldi. 10Sora Ibrohimdan:
— Bu choʻrini oʻgʻli bilan birga haydab yuboring! — deb talab qildi. — Choʻrining oʻgʻli mening oʻgʻlim bilan merosxoʻr boʻlmasin#21:10 Choʻrining oʻgʻli mening oʻgʻlim bilan merosxoʻr boʻlmasin — Ibrohim Ismoilni oʻz oʻgʻli sifatida qabul qilgani uchun, Ismoil Ibrohim mulkining bir qismiga merosxoʻr boʻlish huquqiga ega edi. Ammo Ismoilning onasi Hojar ozodlikka chiqsa, Ismoil meros olish huquqidan mahrum boʻlardi..
11Bu gapdan Ibrohim juda xafa boʻldi, axir, Ismoil ham uning oʻgʻli edi–da. 12Lekin Xudo Ibrohimga dedi:
— Bola va choʻri xotining uchun tashvish tortma. Soraning aytganlarini qil. Chunki Men senga vaʼda qilgan nasling Isʼhoq orqali kelib chiqadi. 13Choʻri xotiningning bolasi sening ham oʻgʻling boʻlgani uchun Men unga ham farzandlar ato etib, undan xalqlar yarataman.
14Ibrohim ertasiga saharda turdi. Bir oz yegulik va bir mesh suv olib, Hojarning yelkasiga yukladi–da, oʻgʻli bilan birga joʻnatib yubordi. Hojar Bersheba atroflarida choʻlda bemaqsad izgʻib yurdi.
15Meshdagi suv tamom boʻlgach, Hojar bolasini bir butaning tagida qoldirdi. 16Soʻngra: “Bolamning oʻlishini koʻrmayin”, deb bolasidan bir oʻq otimi#21:16 bir oʻq otimi — taxminan 100 metrga toʻgʻri keladi. nariga borib oʻtirdi. Hojar oʻsha yerda oʻtirib, yigʻlab, faryod qila boshladi. 17Xudo oʻsmirning yigʻisini eshitdi. Xudoning farishtasi samodan Hojarni chaqirib dedi:
— Nimaga gʻam chekyapsan, Hojar? Qoʻrqma, sen oʻsmirni qoldirib ketgan joydan Xudo uning yigʻisini eshitdi. 18Qani, oʻgʻlingni turgiz, uning qoʻlidan ushla. Men uning naslidan buyuk xalq yarataman.
19Xudo Hojarning koʻzini ochib yuborgan edi, u bir quduqni koʻrdi. Borib, meshni suvga toʻldirib keldi–da, bolasiga ichirdi.
20Xudo doimo bola bilan birga boʻldi. Bola Poron choʻlida#21:20 Poron choʻli — Sinay yarim orolining shimoli–sharqida joylashgan. oʻsib–ulgʻaydi. U mohir kamonkash boʻldi. 21Onasi uni Misr yurtidan bir qizga uylantirdi.
Ibrohim bilan Abumalek oʻrtasidagi ahdlashuv
22Bir kuni Abumalek#21:22 Abumalek — 20:2 ga qarang. lashkarboshisi Pixol bilan birga Ibrohimning oldiga bordi va unga dedi:
— Sen har qanday ishni qilganingda ham Xudo sen bilan birga. 23Endi Xudoning nomini oʻrtaga qoʻyib, seni, bolalaringni, naslingni aldamayman, deb qasam ich. Men senga sodiqligimni koʻrsatdim. Shuning uchun hozir, senga va men istiqomat qilib turgan shu yurtingga sodiq boʻlaman, deb qasam ich.
24— Qasam ichaman, — dedi Ibrohim.
25Shunda Ibrohim Abumalekka: “Xizmatkorlaring zoʻrlik bilan mening qudugʻimni tortib olishdi”, deb shikoyat qilib qoldi.
26— Bu haqda birinchi marta eshityapman, — dedi Abumalek. — Sen menga bu haqda aytmagan eding. Bu ishni kim qilganini bilmayman.
27Shunday qilib, Ibrohim Abumalekka mol–qoʻylar berdi va ikkalasi ahd qildilar. 28Ibrohim yettita urgʻochi qoʻzini suruvdan ajratib oldi. 29Abumalek Ibrohimdan:
— Sen yettita urgʻochi qoʻzini ajratib olding, buning maʼnosi nima? — deb soʻradi.
30Ibrohim shunday javob berdi:
— Mana shu yettita urgʻochi qoʻzini sen qoʻlimdan olishing kerak, toki bu quduqni oʻzim qaziganimni bular isbotlaydi#21:30 …bu quduqni oʻzim qaziganimni bular isbotlaydi — Ibrohim bu inʼomni berib, haqiqatni aytayotganini koʻrsatmoqchi. Inʼomni qabul qilish orqali Abumalek quduq haqiqatan Ibrohimga tegishli ekanini tan oldi. Abumalek ham ilgariroq oʻzining haqligini isbotlash uchun shunday yoʻl tutgan edi (20:16 ga qarang)..
31Shunday qilib, ikkovlari qasamyod qilishdi. Shuning uchun bu joy hozirgacha Bersheba#21:31 Bersheba — ibroniychadagi maʼnosi qasamyod qudugʻi yoki yettilar qudugʻi. Bu ikkala maʼno ham bu oʻrindagi vaziyatga, yaʼni Ibrohimning Abumalekka yettita urgʻochi qoʻzini berishiga va Ibrohim bilan Abumalekning qasamyod qilishiga toʻgʻri keladi. deb yuritiladi. 32Ular ahd qilganlaridan keyin, Abumalek oʻz lashkarboshisi Pixol bilan Filistlar yeridagi Garor shahriga qaytib ketdi. 33Ibrohim Bershebada yulgʻun daraxti#21:33 yulgʻun daraxti — tez oʻsadigan mayda bargli daraxt. Bu daraxtlar issiq va quruq joylarda oʻsadi. oʻtqazdi va u yerda abadiy Xudoga — Egamizga sajda qildi. 34U Filistlar yerida ancha vaqt yashadi.

Currently Selected:

Ibtido 21: O‘zbMK

ማድመቅ

Share

Copy

None

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ