Ibtido 19
19
19–BOB
Sadoʻm aholisining gunohkorligi
1Oʻsha kuni kechqurun ikkala farishta#19:1 ikkala farishta — Ibrohimga odam koʻrinishida zohir boʻlgan ikkala mehmon (18:22 ga qarang). Sadoʻmga yetib keldi. Lut Sadoʻm darvozasi yonida#19:1 …darvozasi yonida… — qadimgi paytlarda odamlar savdo–sotiq, ijtimoiy va huquqiy masalalarni hal qilish uchun shahar darvozasi yonida yigʻilishardi. oʻtirgan edi. Lut farishtalarni koʻrib, ularga peshvoz chiqdi va muk tushib taʼzim qildi.
2— Janoblar, marhamat, shu kecha bu qulingizning uyiga kiringlar, oyoqlaringizni yuvayin, menikida tunab qolinglar. Ertaga ertalab yoʻllaringizga ketsalaringiz ham boʻladi.
— Rahmat, biz tunni shahar maydonida oʻtkazamiz, — deb aytishdi ular. 3Lut hadeb qistayvergandan keyin, farishtalar Lutnikiga kelishdi. Lut xizmatkorlariga non#19:3 non — ibroniycha matnda xamirturushsiz non, kutilmagan mehmon kelib qolganda tez tayyorlanadigan nonning turi. yopib, ziyofat tayyorlashni buyurdi. Ziyofat tayyor boʻlgach, ular ovqatlanishdi. 4Lekin ular endi uxlashga yotmoqchi boʻlib turganlarida, Sadoʻm shahrining hamma erkagi — yoshu qarisi kelib, Lutning uyini oʻrab olishdi. 5Ular Lutni chaqirishib, soʻrashdi:
— Bugun kechqurun sening uyingga kelgan odamlar qani? Ularni olib chiq bizning oldimizga! Ular bilan birga boʻlaylik.
6Lut tashqariga chiqib, orqasidan eshikni yopib qoʻydi.
7— Birodarlarim! — dedi u, — oʻtinaman, zinhor bunday qabihlik qila koʻrmanglar! 8Mana, ikkita bokira qizim bor. Qizlarimni sizlarga olib chiqib berayin, ular bilan bilganlaringizni qilinglar. Lekin bu odamlarga tegmanglar, ular mening mehmonim, mening panohim ostidadirlar.
9Lekin ular:
— Yoʻldan qoch! — deb shovqin soldilar. — Sen oʻzingni kim deb oʻylayapsan? Biz senga oramizdan joy berdik, endi esa bizga aql oʻrgatadigan boʻlib qoldingmi?! Mana endi koʻrasan. Anavi kelgan odamlarga qiladiganimizdan ham battarrogʻini senga qilamiz!
Odamlar Lutni siqib kelib, eshikni sindirmoqchi boʻldilar. 10Shu payt ichkaridagi ikkala farishta qoʻllarini tashqariga chiqarib, Lutni uyning ichkarisiga — yonlariga oldilar va eshikni yopdilar. 11Keyin uyning eshigi oldida turgan hamma odamlarni — kattalarni ham, kichiklarni ham farishtalar koʻr qilib qoʻydilar. Shuning uchun odamlar eshikni topa olmay qoldilar.
Lut Sadoʻmdan ketadi
12Shundan keyin farishtalar Lutdan soʻrashdi:
— Bu shaharda sening yana kiming bor? Kuyovingmi, oʻgʻillaringmi, qizlaringmi — senga qarashli kim boʻlsa ham, shahardan olib chiqib ket. 13Biz shaharni butunlay qirib tashlaymiz. Bu shahar aholisining razilligiyu ogʻir gunohlari haqidagi ohu figʻonlar Egamizga yetib bordi. “Bu shaharni qirib tashlanglar”, deb U bizni yubordi.
14Shundan keyin Lut boʻlajak kuyovlari oldiga borib:
— Tezda shahardan chiqib ketinglar! — dedi. — Egam bu shaharni qirib tashlamoqchi.
Lekin Lutning gapi kuyovlariga hazil boʻlib tuyuldi. 15Tong otgach, farishtalar Lutni shoshiltirishdi:
— Tez boʻl! Xotining bilan ikkala qizingni olib, hoziroq bu yerdan joʻna! Boʻlmasa, shaharga qirgʻin kelganda, sizlar ham halok boʻlasizlar!
16Lut hali ham ikkilanib turganda, farishtalar Lutni, xotinini va ikkala qizini qoʻllaridan ushlab, shahar tashqarisiga olib chiqib qoʻydilar. Chunki Egamiz shafqatli edi. 17Farishtalar ularni shahar tashqarisiga olib chiqib qoʻyganlaridan keyin, ulardan biri ogohlantirdi:
— Qochinglar, jonlaringni qutqaringlar! Orqaga qaramanglar, vodiydagi biron joyda toʻxtamanglar! Toqqa qarab qochinglar! Boʻlmasa, halok boʻlasizlar!
18— Yoʻq, Hazratim! — deb iltijo qildi Lut. 19— Bu qulingizga koʻp inoyat koʻrsatdingiz, hayotimni qutqarib qoldingiz, menga koʻp shafqat qildingiz. Lekin togʻ juda ham uzoq. Men falokatga yoʻliqib, u yerga yetib borolmay oʻlib ketaman–ku! 20Hov anavi shaharchani koʻryapsizmi? Oʻzi kichkinagina shaharcha, uncha uzoq emas. Men oʻsha yoqqa qochib bora qolay. Oʻshanda men jonimni saqlab qolaman.
21— Boʻpti! — dedi farishta Lutga. — Sen aytganday boʻlsin. Oʻsha kichkina shaharni yoʻq qilmayman. 22Tez boʻl, oʻsha yoqqa qoch! Sen oʻsha shaharga yetib bormaguningcha, men hech narsa qilolmayman.
Lut shaharni kichkina degani uchun, bu shahar Zoʻvar#19:22 Zoʻvar — bu nom ibroniychadagi kichkina soʻziga ohangdosh. deb yuritiladigan boʻldi. 23Quyosh chiqayotganda, Lut Zoʻvarga yetib keldi.
Sadoʻm va Gʻamoʻra vayron qilinadi
24Shundan keyin Egamiz Sadoʻm va Gʻamoʻra shaharlari ustiga yonayotgan oltingugurt yogʻdirdi. 25Yonayotgan oltingugurt bu shaharlar qatorida vodiydagi hamma shaharlarni aholisiyu oʻt–oʻlanlari bilan birga qirib tashladi. 26Lutning ortidan xotini kelayotgan edi. Xotini orqasiga qaragan edi, tuz ustuniga aylanib qoldi.
27Keyingi kuni ertalab Ibrohim Egamiz bilan gaplashgan joyga qaytib bordi. 28Sadoʻm, Gʻamoʻra va butun vodiyga qarab, u yerlardan tutun koʻtarilayotganini koʻrdi. Bu manzara goʻyo tandirdan chiqayotgan tutunni eslatardi.
29Xudo vodiydagi shaharlarni qirib, Lut yashayotgan shaharlarga falokat yogʻdirganda, Ibrohimni esdan chiqarmagan edi. Shuning uchun Xudo Lutni falokatdan asrab qoldi.
Moʻab va Ommon xalqlarining kelib chiqishi
30Lut Zoʻvarda turishdan qoʻrqib, ikkala qizi bilan togʻdagi bir gʻorga joylashib, oʻsha yerda yashayverdi. 31Bir kuni katta qizi kichigiga dedi:
— Bu atroflarda bizga uylanadigan birorta erkak qolmagan. Otamiz esa qarib qolyapti. 32Kel, otamizga sharob ichiramiz–da, keyin uning yoniga kiramiz. Shu yoʻl bilan otamizdan naslimizni davom ettiramiz.
33Shunday qilib, ular oʻsha kuni kechasi otalariga sharob ichirdilar. Katta qizi otasining yoniga kirdi. Otasi qizining qachon kirib, qachon turganini bilmadi. 34Keyingi kuni katta qizi kichigiga dedi:
— Kecha tunda men otamning yoniga kirdim. Bugun ham otamizga sharob ichiraylik, keyin sen otamizning yoniga kirasan. Shu yoʻl bilan otamizdan naslimizni davom ettiramiz.
35Shunday qilib, ular oʻsha kuni kechasi ham otalariga sharob ichirdilar. Kichik qiz otasining yoniga kirdi. Otasi kichik qizining qachon kirib, qachon turganini bilmadi. 36Shunday qilib, Lutning ikkala qizi ham otalaridan homilador boʻldilar. 37Katta qizi oʻgʻil tugʻdi va ismini Moʻab#19:37 Moʻab — bu ism ibroniychadagi otamdan soʻziga ohangdosh. qoʻydi. U bugungi kunda Moʻab xalqining ota–bobosi hisoblanadi. 38Kichik qiz ham oʻgʻil tugʻdi va ismini Banommi#19:38 Banommi — bu ism ibroniychadagi qarindoshimning oʻgʻli soʻziga ohangdosh. qoʻydi. U bugungi kunda Ommon xalqining ota–bobosi hisoblanadi.
Currently Selected:
Ibtido 19: O‘zbMK
ማድመቅ
Share
Copy
ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020