Havoriylar 5
5
5–BOB
Xanoniyo bilan Sapfira
1Xanoniyo degan bir odam xotini Sapfira bilan kelishib, mulkidan bir qismini sotdi. 2Xanoniyo pulning bir qismini oʻziga olib qoldi. Xotini bu haqda bilardi. Xanoniyo pulning qolganini havoriylarga olib borib berdi. 3Butrus undan soʻradi:
— Xanoniyo, nimaga shaytonga qalbingdan joy berib, Muqaddas Ruhga yolgʻon gapirding? Yerning pulidan bir qismini olib qolding–ku! 4Mulkingni sotmasingdan oldin, u seniki edi, sotganingdan keyin ham, pul seniki edi. Bunday ish qilishga qanday jurʼat etding?! Sen odamlarga emas, balki Xudoga yolgʻon gapirding!
5Xanoniyo bu soʻzlarni eshitishi bilanoq yerga yiqilib jon berdi. Bu voqeani eshitganlarning hammasi qattiq vahimaga tushib qoldi. 6Yigitlar kelib, uning jasadini kafanladilar, keyin uni olib chiqib, dafn qildilar.
7Uch soatlardan keyin Xanoniyoning xotini keldi. Yuz bergan hodisadan u bexabar edi. 8Butrus ayoldan soʻradi:
— Menga ayt–chi, sen bilan ering yerlaringizni falon narxga sotdingizlarmi?
— Ha, oʻshancha narxga sotdik, — deb javob berdi ayol. 9Shunda Butrus ayolga dedi:
— Nima uchun sizlar Egamizning Ruhini sinashga qaror qildingizlar? Ana, eringni dafn qilgan odamlar eshikdan kirib kelishyapti. Endi ular seni ham olib chiqadilar.
10Shu zahoti ayol ham yiqildi–yu, jon berdi. Yigitlar kirib kelib koʻrdilarki, ayol jon beribdi. Ular ayolni ham olib borib, erining yoniga dafn qildilar. 11Bu voqeani eshitgan odamlar va butun jamoat#5:11 jamoat — Iso Masihga ishongan odamlar nazarda tutilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi JAMOAT soʻziga qarang. vahimaga tushib qoldi.
Moʻjizalar va ajoyibotlar
12Havoriylar xalq orasida koʻplab moʻjizalar va ajoyibotlar koʻrsatardilar. Hamma imonlilar Sulaymon ayvonida#5:12 Sulaymon ayvoni — 3:11 izohiga qarang. yigʻilishardi. 13Xalq ularga gʻoyat hurmat koʻrsatar, begonalardan hech kim ularga qoʻshilishga jurʼat qilolmasdi. 14Ammo Rabbimiz Isoga imon keltirib, jamoatga qoʻshilgan erkagu ayollar soni tobora koʻpayib boraverdi. 15Odamlar: “Butrus yoʻldan oʻtayotganda, uning soyasi bularning ustiga tushsin”, deb xastalarni koʻchalarga olib chiqishardi. Ularni chorpoyalarga, toʻshaklarga yotqizib qoʻyishardi. 16Bir talay olomon ham Quddus atrofidagi qishloqlardan keldi. Ular ham xasta, yovuz ruhlardan azob chekayotganlarni olib kelgan edilar. Xastalarning hammasi shifo topdi.
Havoriylar quvgʻin qilinadilar
17Shunda sadduqiy mazhabidan boʻlgan oliy ruhoniy va uning barcha sheriklari havoriylarga qahrini sochdilar. 18Ular havoriylarni hibsga olib, davlat qamoqxonasiga tashladilar. 19Ammo tunda Egamizning bir farishtasi qamoqxona eshigini ochdi, havoriylarni tashqariga olib chiqib, shunday dedi:
20— Boringlar, Maʼbadda turib, bu yangi hayot toʻgʻrisidagi xabarni odamlarga aytinglar.
21Havoriylar bu gapni eshitib, azonda Maʼbad hovlisiga kirdilar va odamlarga taʼlim bera boshladilar.
Oliy ruhoniy va uning yordamchilari Maʼbadga keldilar va Oliy kengashni, yaʼni hamma Isroil yoʻlboshchilarini chaqirtirdilar. Havoriylarni olib kelish uchun qamoqxonaga odam yubordilar. 22Maʼbad mirshablari borib, qamoqxonada havoriylarni topa olmadilar. Ular qaytib kelib, xabar berdilar:
23— Borsak, qamoqxona mahkam qulflangan, soqchilar eshik oldida turishgan ekan. Ammo eshiklarni ochib ichkariga kirganimizda, ichkarida hech kimni topa olmadik.
24Maʼbad mirshabboshisi#5:24 Maʼbad mirshabboshisi — 4:1 ning ikkinchi izohiga qarang. va bosh ruhoniylar bu soʻzlarni eshitib, havoriylarga nima boʻldi ekan, deb hayron boʻldilar. 25Shu payt bir odam kelib, xabar berdi:
— Sizlar qamoqqa tashlagan odamlar Maʼbad hovlisida turibdilar, odamlarga taʼlim beryaptilar.
26Mirshabboshi bilan mirshablar borib, havoriylarni hibsga oldilar, ammo zoʻrlik qilmadilar. “Odamlar bizni toshboʻron qilmasin”, deb qoʻrqdilar.
27Ular havoriylarni olib kelib, Oliy kengash oldida turgʻizib qoʻydilar. Oliy ruhoniy ularga shunday dedi:
28— Biz sizlarga, bu Odamning nomi bilan taʼlim bermanglar, deb qatʼiy taqiqlamaganmidik?! Sizlar esa butun Quddus boʻylab taʼlimotingizni yoyib yuboribsiz! Bu Odamning qonini bizning gardanimizga yuklayapsizlar!
29Butrus bilan havoriylar shunday javob berdilar:
— Biz insonga emas, Xudoga itoat etishimiz lozim. 30Sizlar Isoni yogʻochga#5:30 yogʻoch — Butrus xochga ishora qilib, Qonunlar 21:23 dagi yogʻochga qoqilgan odam Xudo tomonidan laʼnatlangandir degan gapni tinglovchilariga eslatmoqchi boʻlgan. mixlab oʻldirgan edingizlar, ota–bobolarimizning Xudosi esa Uni tiriltirdi. 31Xudo Isoni yuksaltirib, Oʻzining oʻng tomoniga oʻtqazdi#5:31 …Oʻzining oʻng tomoniga oʻtqazdi — Zabur 109:1 ga qarang. Oʻng tomon muruvvat va baraka oʻrni deb hisoblangan.. Isroil xalqi tavba qilsin, ularning gunohlari kechirilsin deb, Xudo Isoni Sarvar va Najotkor qilib tayinladi. 32Biz bularga guvohmiz, Muqaddas Ruh ham guvohdir. Xudo Muqaddas Ruhni Unga itoat etadiganlarga inʼom qilgan.
33Oliy kengash bu gaplarni eshitib, gʻazabga mindi, havoriylarni oʻldirmoqchi boʻldi. 34Oliy kengashda xalqning hurmatiga sazovor boʻlgan bir Tavrot tafsirchisi bor edi. Uning ismi Gamaliyol boʻlib, u farziylardan#5:34 farziylar — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylar Tavrot qonunlariga qatʼiy rioya qilardilar, ogʻzaki ravishda tarqalgan urf–odatlarga hamda poklanish udumlariga izchil amal qilardilar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi FARZIY soʻziga qarang. edi. Gamaliyol oʻrnidan turib, havoriylarni qisqa vaqtga tashqariga olib chiqishlarini buyurdi. 35Shundan keyin u Oliy kengashga dedi:
— Ey, Isroil yoʻlboshchilari, bu odamlarni biron narsa qilmoqchi boʻlsangiz, ehtiyot boʻlinglar. 36Esingizda boʻlsa, bir qancha vaqt oldin Fevdas degan odam buyuklikka daʼvo qilgandi. Hatto toʻrt yuztacha odam unga ergashdi. Ammo Fevdas oʻldirildi, uning izdoshlari tarqalib, yoʻq boʻlib ketdi. 37Shundan keyin aholini roʻyxatga olish paytida paydo boʻlgan Jalilalik Yahudo bir qancha odamni ortidan ergashtirdi. U ham halok boʻldi, unga ergashganlarning hammasi tarqalib ketdi. 38Shu bois sizlarga aytyapman: bu odamlarga qarshi biron harakat qila koʻrmanglar. Ularni oʻz holiga qoʻyinglar! Ularning rejalari va qilayotgan ishlari insonniki boʻlsa, bu ishlari barham topadi. 39Agar Xudodan boʻlsa, sizlar ularni magʻlub qila olmaysizlar. Yana oʻzlaringiz Xudoga qarshi jang qilayotgan boʻlib qolmanglar.
40Shunday qilib, Oliy kengash Gamaliyolning maslahatiga rozi boʻldi. Ular havoriylarni chaqirib, qamchi bilan savalatdilar, “Hech qachon Isoning nomi bilan gapirmaysizlar”, deb buyruq berib, qoʻyib yubordilar.
41Havoriylar Oliy kengash huzuridan xursand boʻlib chiqdilar, chunki ular “Xudo bizni Isoning nomi uchun haqoratlanishimizga loyiq hisobladi”, der edilar. 42Ular har kuni Maʼbad hovlisida va odamlarning uylarida taʼlim berardilar. Isoning Masih ekani toʻgʻrisidagi Xushxabarni vaʼz qilishda davom etaverdilar.
Currently Selected:
Havoriylar 5: O‘zbMK
ማድመቅ
ያጋሩ
ኮፒ

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020