Havoriylar 24

24
24–BOB
Pavlusga qarshi dalillar
1Besh kun oʻtgach, oliy ruhoniy Xanoniyo bir necha yoʻlboshchilar va Tertullus degan bir huquqshunos bilan birga Qaysariyaga#24:1 Qaysariya — 23:23 izohiga qarang. keldi. Ular Pavlusga qarshi arzlarini hokimga#24:1 hokim — Feliks, Rim imperiyasiga qarashli Yahudiya viloyatining hokimi. bayon qilmoqchi boʻldilar. 2Pavlusni chaqirib keltirganlaridan keyin, Tertullus uni ayblay boshladi: 3“Janobi oliylari! Sizning dono rahbarligingiz ostida biz anchadan buyon tinch–xotirjam yashayapmiz, uzoqni koʻra bilishingiz sharofati bilan xalqimiz uchun islohotlar amalga oshirildi. Biz buni hamma joyda va har doim eʼtirof etamiz, sizdan chuqur minnatdormiz. 4Men sizning vaqtingizni koʻp olmoqchi emasman, marhamatingizni darigʻ tutmay, bizning qisqa axborotimizga quloq solishingizni iltimos qilaman. 5Biz, aslida, bu odamni vabo singari xavfli deb bilamiz. U dunyodagi hamma yahudiylar orasida isyon boshladi. U nasroniylar mazhabining#24:5 nasroniylar mazhabi — nasroniy nomi Iso ulgʻaygan shahar Nosiraning nomidan kelib chiqqan. Bu davrda koʻp odamlar masihiylarni yahudiy dinining bir mazhabi deb hisoblardilar. rahnamosidir. 6-7U hatto Maʼbadni bulgʻashga harakat qildi. Shuning uchun biz uni hibsga oldik#24:6-7 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 6–oyatning oxirini, 7–oyatni va 8–oyatning boshini tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Uni oʻz qonunimizga koʻra, sud qilmoqchi boʻldik. 7 Lekin mingboshi Lisiyas kelib, uni zoʻrlik bilan qoʻlimizdan tortib olib, 8 sizning qoshingizga yubordi. Biz ham sizning huzuringizga kelib, unga ayb qoʻyishimizni buyurdi.. 8Bu odamni oʻzingiz soʻroq qilsangiz, biz uni nimada ayblayotganimizni uning oʻzidan bilib olasiz.”
9Yahudiylar bu ayblovlarga qoʻshilib, bularning hammasi haqiqat, deb aytdilar.
Pavlusning Feliks huzuridagi himoya nutqi
10Hokim, gapir, deb Pavlusga ishora qilgandan keyin, u shunday javob berdi: “Bilaman, siz ancha yildan beri bu xalq ustidan hukmron boʻlib kelasiz. Shuning uchun oʻzimni sizning huzuringizda himoya qilayotganimdan xursandman. 11Oʻzingiz bilib olishingiz mumkin: Xudoga sajda qilgani Quddusga borganimga oʻn ikki kundan oshgani yoʻq. 12Men Maʼbadda biron odam bilan tortishib qolganimni yoki sinagogalarda, yo boʻlmasa shaharda olomon orasiga gʻulgʻula solganimni ular koʻrganlari yoʻq. 13Qolaversa, hozir menga qarshi aytayotgan ayblovlarini ular isbotlab bera olmaydilar. 14Ammo shuni tan olishim kerakki, ular Isoning yoʻlini soxta eʼtiqod deb aytishadi. Men esa Isoning yoʻli orqali ota–bobolarimizning Xudosiga sajda qilaman. Tavrotga mos kelgan va Paygʻambarlar bitiklarida#24:14 Tavrot…Paygʻambarlar bitiklari… — odatda yahudiylar, Eski Ahd toʻplami uch qismdan iborat, deb aytadilar. Bu uch qism quyidagilardir: Tavrot (Musoning qonuni degan nom bilan ham yuritiladi), Paygʻambarlar bitiklari (uning tarkibiga baʼzi tarixiy kitoblar ham kirgan) va Bitiklar (Zabur bu qismning birinchi kitobidir). Yahudiylar baʼzan dastlabki ikki qism “Tavrot va Paygʻambarlar bitiklari” deganda butun Eski Ahd toʻplamini nazarda tutadilar. yozilgan har bir soʻzga men ishonaman. 15Men mana shu odamlar singari, Xudoga umid bogʻlaganman. Xudo solihlarni va fosiqlarni tiriltirishiga men ham ularday ishonaman. 16Ayni shu sababdan Xudo va xalq oldida men doim vijdonimni sof saqlashga tirishaman.
17Mana, Quddusda boʻlmaganimga bir necha yil boʻldi, endi xalqimga xayr–sadaqa berish va nazr qilish uchun Quddusga borgandim. 18Men shularni bajarayotganimda, ular meni Maʼbadda koʻrib qoldilar. Men poklanish marosimini ado etayotgan edim, yonimda olomon yoʻq edi, shovqin–suron ham koʻtarmagan edim. 19Asiya viloyatidan boʻlgan bir necha yahudiylar oʻsha yerda edilar. Agar ularning menga qarshi biron daʼvolari boʻlsa, ular oʻzlari sizning huzuringizga kelib, oʻz ayblovlarini bildirishlari kerak. 20Yoki bu yerdagilar aytishsin, men Oliy kengash aʼzolari oldida turganimda menda qanday jinoyat topdilar ekan? 21Men ularning oldida turganimda, baland ovozda: «Men oʻliklar tiriladi, deb aytganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman», deb aytgan edim. Bundan boshqa nima aybim bor?”
22Isoning yoʻli toʻgʻrisida batafsil xabardor boʻlgan Feliks yigʻilishni toʻxtatib: “Mingboshi Lisiyas kelgandan keyin, sening ishing toʻgʻrisida qaror qabul qilaman”, dedi. 23Feliks yuzboshiga: “Uni qamab qoʻy, ammo unga ozgina erkinlik ber, uning ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqchi boʻlgan doʻstlariga ijozat ber”, deb buyruq berdi.
Pavlus Feliks va Drusilla huzurida
24Bir necha kundan keyin Feliks xotini Drusilla bilan keldi. Drusilla yahudiy edi#24:24 Drusilla yahudiy edi — u Hirod Agrippa II ning va Vernikaning singlisi boʻlgan (25:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang).. Feliks Pavlusni chaqirtirib keldi va Iso Masihga ishonish toʻgʻrisidagi gaplarini tingladi. 25Pavlus solihlik, nafsni tiyish, qiyomat kunining kelishi toʻgʻrisida gapirar ekan, Feliks qoʻrqib, dedi: “Sen endi boraver. Imkon topilgan zahoti, seni chaqiraman.” 26Feliks: “Pavlus menga pora beradi”, deb umid qilardi, shuning uchun Pavlusni tez–tez chaqirib, u bilan suhbatlashardi.
27Oradan ikki yil oʻtgach, Feliksning oʻrniga Poʻrkiyus Festus hokim boʻldi. Feliks yahudiylarning koʻnglini olmoqchi boʻlib, Pavlusni qamoqda qoldirdi.

Currently Selected:

Havoriylar 24: O‘zbMK

ማድመቅ

ያጋሩ

ኮፒ

None

ያደመቋቸው ምንባቦች በሁሉም መሣሪያዎችዎ ላይ እንዲቀመጡ ይፈልጋሉ? ይመዝገቡ ወይም ይግቡ